Jahon | 20:09 / 22.04.2025
4305
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda yuz bergan otishma oqibatida 25 nafar turist halok bo‘ldi

Guvohlar turistlarga harbiy formada bo‘lgan bir necha kishi hujum qilganini aytmoqda. Ular voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: The Hindu

Hindiston shimolidagi Kashmir shtatida yuz bergan otishma oqibatida kamida 25 nafar turist halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda The Hindu.

Qayd etilishicha, otishma oqibatida 20 dan ortiq odam yaralangan. Hindiston hukumati qurbonlar soni rasman qanchani tashkil etayotganini hozircha e’lon qilmagan.

Otishma Paxalgam shahrida yuz bergan. Noma’lum shaxslar Baysaran vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotgan turistlarni o‘qqa tutgan. Mahalliy hukumat sodir bo‘lgan holatni terakt deb atamoqda.

«Terrorizmga qarshi kurashdagi qat’iyatimiz bukilmasdir va u yanada kuchayadi», — deb yozadi Hindiston bosh vaziri Narendra Modi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Guvohlarning aytishicha, turistlarga harbiy formada bo‘lgan bir necha kishi hujum qilgan. Ular voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. Hind kuch tuzilmalari hududni qurshovga olgan, o‘t ochgan shaxslarni qidirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Kashmir mintaqasi — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi bahsli hudud. Nyu-Dehli Islomobod mintaqadagi ekstremistlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab keladi. Pokiston esa ayblovlarni rad etadi. Hindiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil apreldan beri Kashmirda yuz bergan hujumlar oqibatida 44 kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid