Jahon | 01:05
9077
2 daqiqa o‘qiladi

Vatikan Rim papasining o‘limi sababi va uning vasiyatini e’lon qildi

«Qabr yerda, oddiy, ortiqcha bezaklarsiz bo‘lishi, unga faqat «Fransisk» yozuvi tushirilishi kerak», - deyiladi pontifik vasiyatida.

Foto: Reuters

Rim papasi Fransisk koma va undan keyin yurak to‘xtashiga olib kelgan insult oqibatida vafot etdi. Bu haqda Vatikan sog‘liqni saqlash bo‘yicha direktori Andrea Arkanjyeli ma’lum qildi

Rim papasi Fransisk 2025 yil 21 aprel kuni, Vatikandagi qarorgohi — Kasa-Santa-Martada olamdan o‘tdi. U 88 yoshda edi. 

2025 yil fevral oyi o‘rtalarida Rim papasi Fransisk bronxit tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Keyinroq uning holati keskin og‘irlashgan — unda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlangan va bir necha bor sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangandi. 23 mart kuni Fransisk 38 kun davomida shifoxonada qolganidan keyin Vatikanga qaytgan edi. 20 aprel kuni u Vatikandagi Avliyo Pyotr maydoniga yig‘ilgan jamoat qarshisida ko‘rinish berib, ularni Pasxa bilan tabriklagandi.

Rim papasi bilan vidolashuv 23 aprel kuni Avliyo Pyotr saborida bo‘lib o‘tadi. Fransiskning dafn marosimi 25-27 aprel oralig‘ida o‘tkazilishi mumkin. Aniq sanani katolik cherkovi kardinallari belgilaydi.

Rim papasi Fransisk 2022 yil iyunda vasiyatnoma yozgan bo‘lib, unda o‘zining Santa-Mariya-Majore bazilikasida dafn etilishini xohlashini bildirgan. Pontifik marosimga tayyorgarlik ko‘rish uchun mablag‘ni xayriya qiluvchilardan olishni buyurgan. 

Shuningdek, Fransisk o‘zining kelajakdagi qabri tuzilishini ham tasvirlab ketgan. «Qabr yerda, oddiy, ortiqcha bezaklarsiz bo‘lishi, unga faqat «Fransisk» yozuvi tushirilishi kerak», — deyiladi pontifik vasiyatida.

Mavzuga oid