Jahon | 17:55 / 23.04.2025
705
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Apple va Meta’ni 700 mln yevro jarimaga tortdi

Kompaniyalar o‘zlarining bozordagi mavqeini suiiste’mol qilib, raqobatni cheklagan. Apple va Meta Yevrokomissiya qarori ustidan sudga da’vo kiritadi.

Foto: AP

Yevropa komissiyasi Amerikaning Apple va Meta korporatsiyalarini raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonunni (DMA) buzgani uchun jarimaga tortdi, deb xabar bermoqda Bild.

Regulyatorga ko‘ra, kompaniyalar o‘zlarining bozordagi mavqeini suiiste’mol qilib, raqobatni cheklagan. Endi Apple 500 million yevro, Meta esa 200 million yevro miqdorida jarima to‘lashi kerak. Bu Yevropaning yangi raqamli qonunchiligi asosida qo‘llangan birinchi jarimalar hisoblanadi.

Qayd etilishicha, Apple kompaniyasi dasturchilar App Store’dan tashqarida yaxshiroq ilovalar borligi haqida foydalanuvchilarni xabardor qilishiga xalaqit berib keladi.

«Biz ishlab chiqish uchun yuz minglab soat sarfladik va qonunga rioya qilish uchun o‘nlab o‘zgartirishlar kiritdik. Regulyator bilan muloqotga qaramay, maqsadlar doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqilmoqda», — deyiladi Appleʼning ushbu holatga munosabatida.

Meta esa o‘z navbatida, «to‘la yoki rozi bo‘l» modeli uchun javobgarlikka tortildi. Ushbu modelga ko‘ra, Facebook va Instagram foydalanuvchilari reklamasiz pulli obuna va reklamali bepul versiya o‘rtasida tanlovni amalga oshirishi kerak. Komissiyadagilarning fikricha, foydalanuvchilarda shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanishlarini cheklash uchun «yetarlicha tanlov» bo‘lmagan.

Jarimalar miqdori bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin edi: DMA kompaniyalarning dunyo bo‘ylab aylanma mablag‘laridan 10 foizgacha, qayta qonunbuzilish holatida — 20 foizgacha jarima belgilashi mumkin. Apple aylanmasi 2023 yilda qariyb 370 milliard yevroni, Meta’niki esa 150 milliard yevroni tashkil etgan. Ikkala kompaniya ham Yevrokomissiya qarori ustidan sudga da’vo kiritadi.

Mavzuga oid