Jahon | 02:00
6173
4 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Pokiston munosabatlari taranglashdi

Dunyoda har soniyada urush boshlanishi mumkin bo‘lgan qaynoq nuqtalar bor. Odatda bunday yerlar ikki davlat tomonidan talashilayotgan bo‘ladi va ular bosiq bo‘lishmasa, bir lahzada urush avj olishi hech gap emas. Mana shunday porox solingan bochkaga o‘xshash hududlardan biri Kashmir. Oxirgi kunlarda Kashmirdagi terakt sabab Hindiston va Pokiston o‘rtasida munosabatlar taranglashib, hatto ikki davlat urush yoqasiga kelib qoldi. Videoda ushbu konflikt atrofidagi oxirgi voqealarga to‘xtalamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Nimadan boshlandi?

22 aprel kuni Kashmirning Hindistonga qarashli qismida terakt sodir etildi. Jangarilar sayyohlar guruhini o‘qqa tutishi oqibatida kamida 26 kishi o‘ldi, 17 kishi yaralandi. Pahalgam shahridagi bu manzil Hindistonning eng mashhur sayyohlik nuqtalaridan biri hisoblanadi.

Terakt uchun javobgarlikni «Kashmir qarshiligi» qurolli guruhi o‘z zimmasiga oldi. Jangarilar olti kishi bo‘lgani aytilmoqda. Uch nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan, ulardan ikki nafari pokistonlik. Hindistonda terakt uchun javobgar Pokiston tomoni ekani aytib chiqildi, biroq Islomobod ayblovlarni rad etmoqda.

Hindiston teraktdan keyin barcha pokistonliklarga berilgan vizalarni bekor qildi. 27 aprelgacha Hindistonda bo‘lib turgan barcha pokistonliklar mamlakatni tark etishini talab qildi. Tibbiyot vizalari ham 29 aprelgacha amal qilishi aytildi. Bunga javoban Pokiston Hindiston tomonidan foydalaniladigan yoki unga tegishli barcha aviakompaniyalar uchun o‘z havo hududini yopdi. Pokiston ham Hindiston fuqarolariga berilgan vizalarni bekor qilib, ularga mamlakatdan chiqib ketishni buyurdi.

Hindiston daryolarni to‘smoqchi

Vaziyat shunchalik yomonlashdiki, Hindiston Pokistonni suvsiz qoldirish bilan tahdid qildi. 1960 yil ikki davlat adovatli munosabatlarga qaramay Hind daryosidan birgalikda foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolaydi. Shu kunlarda Hindiston bu kelishuvdan chiqishini e’lon qildi. Hind daryosi ikki davlat uchun juda muhim hisoblanadi. Uning tizimida bo‘lgan olti daryodan beshtasining manbai Hindistonda joylashgan. Ulardan asosan Pokiston suv ichadi. 1960 yildagi kelishuvga ko‘ra, Hindiston Hind daryosi tizimidagi uchta sharqiy daryo suvlaridan Pokiston chegarasigacha foydalanadi. Pokiston esa uchta sharqiy daryodan suv oladi.

Kelishuvda undan bir tomonlama chiqish bandi bo‘lmasa-da, Hindiston bitimdan chiqishini e’lon qildi. Pokiston buni ochiqchasiga urush akti deb atadi. Biroq ekspertlar Hindiston Pokistonga ketadigan suvni to‘sib qo‘yishi oson emas deyishmoqda, chunki hindlarda to‘plangan suvni saqlash imkoni yo‘q. Lekin suv oqimlari beqaror bo‘lsa, Pokiston uchun juda muhim bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasi jiddiy zarar ko‘radi. Pokiston tomoni shundog‘am suv oqimi iqlim o‘zgarishi sabab 25 foizgacha kamayib ketgani, Hindiston kelishuvdan chiqishi vaziyatni og‘irlashtirishini aytmoqda.

Pokiston yalpi ichki mahsuloti hajmining 21 foizi aynan qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakat aholisining 45 foizi shu sohadan kun ko‘radi. Daryolarda oqim bir xil bo‘lmasa, elektr ta’minotida ham muammolar yuzaga keladi.

24 aprel kuni ikki davlat chegarachilari bir-biriga qarata o‘t ochgani aytilmoqda. Harbiy ekspertlar Hindiston Pokistonga harbiy javob berishi ehtimolini yuqori baholagan. Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar oxirgi yillardagi eng tarang holatga keldi. Ikki davlatda ham yadro quroli borligi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Biz vaziyatni kuzatib boramiz. Kun.uz'dan uzoqlashmang.

Mavzuga oid