Zelenskiydan mamnun, Rossiya zarbalaridan hafsalasi pir bo‘lgan. Trampning oxirgi bayonotlaridan asosiy gaplar
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyani Ukrainaga zarba berishni to‘xtatishga chaqirdi, davlat kotibi Marko Rubio esa AQSh tinch yo‘l bilan kelishuvda oldinga siljishni ko‘rmasa, vositachilik harakatlarini to‘xtatishi mumkinligi haqida yana bir bor ogohlantirdi.

Foto: REUTERS
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy bilan Vatikandagi suhbat yaxshi o‘tgan. U Ukraina prezidenti Qrim ustidan nazoratni berishga tayyormi, degan savolga tasdiq ma’nosida javob qaytardi.
Tramp Nyu Jyersida jurnalistlar oldida chiqish qilarkan, Rossiyaning Ukrainaga hujumlari davom etayotganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi. «Men u [Putin] otishni to‘xtatib, stolga o‘tirishi va kelishuvni imzolashini istayman, – dedi AQSh prezidenti. – Men bizda bitim tuzish uchun shartlar bor deb hisoblayman va uning imzo chekishini, buni tugatishini, shunchaki [normal] hayotga qaytishini istayman».
Tramp shanba kuni ham Vladimir Putinni tanqid qilib, Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya prezidentida «so‘nggi bir necha kun ichida tinch aholi yashovchi hududlar, shaharlar va aholi punktlariga raketa uchirish uchun hech qanday sababi yo‘qligi»ni takidladi.
«Bu meni u urushni to‘xtatishni istamayotgan bo‘lishi mumkin, shunchaki meni laqillatyapti va unga „bank sohasidagi“ yoki „ikkilamchi sanksiyalar“ orqali boshqacha munosabatda bo‘lish kerak, deb o‘ylashga majbur qiladi», – deb yozdi u.
Tramp Vatikandan qaytganidan so‘ng yana yangi izohlar berdi, u yerda shanba kuni Rim papasining dafn marosimi oldidan Volodimir Zelenskiy bilan qisqa uchrashuv o‘tkazgandi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, uning Ukraina prezidenti bilan yakkama-yakka suhbati «yaxshi» kechgan, Qrim masalasi esa «juda qisqacha» muhokama qilingan.
«O‘ylaymanki, uchrashuv yaxshi o‘tdi. Yaqin kunlarda nima bo‘lishini ko‘ramiz. Ehtimol, biz ko‘p narsalarni bilib olarmiz. Men Rossiya tomondan raketalar uchganidan juda xafa bo‘ldim», – dedi Amerika prezidenti jurnalistlarga samolyot trapida.
U Zelenskiy tinchlik kelishuviga erishishdan manfaatdor deb hisoblashini qo‘shimcha qilgan.
«Men uni xotirjamroq ko‘rdim. O‘ylaymanki, u vaziyatni tushunadi va menimcha, u kelishuv tuzishni xohlaydi», – deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters, Trampning so‘zlarini fevral oyida Zelenskiy bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan shov-shuvli uchrashuvga ishora deb atab.
«[Zelenskiy] menga ko‘proq qurol kerakligini aytdi, lekin uch yildan beri unga ko‘proq qurol kerakligini aytib keladi. Ko‘ramiz, bundan nima chiqarkan», – dedi AQSh prezidenti jurnalistlar bilan suhbatda.
Zelenskiy Qrim ustidan nazoratni qo‘ldan berishga tayyormi, degan savolga Tramp shunday javob berdi: «Men shunday deb o‘ylayman».
Zelenskiyning o‘zi esa hech qachon omma qarshisida bunday bayonot bermagan, aksincha, bunday taklifni qat’iyan rad etgan.
«Bu [Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi] 11 yoki 12 yil oldingi gap. Bu ancha oldin bo‘lgandi. […] Bu haqda 12 yildan buyon hech kim yozmagan. Balki [Barak] Obamadan so‘rashimiz kerakdir», – degan jurnalistlarga Tramp.
Avvalroq OAV Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim masalasi Kiyevning «Trampning tinchlik rejasi»ga asosiy e’tiroziga aylangani haqida xabar bergandi. Tramp shu hafta Time jurnaliga bergan intervyusida ham «Qrim Rossiya bilan qolishi»ni aytgandi.
Ukraina bir necha bor har qanday hududiy yon berishdan bosh tortgan va hududlar masalasi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgandan keyingina muhokama qilinishi kerakligini ta’kidlagan.
Zelenskiy va Putin hozircha Trampning so‘nggi izohlariga munosabat bildirmadi.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius yakshanba kuni Ukrainani o‘t ochishni to‘xtatish evaziga katta hududlarini topshirishni nazarda tutuvchi kelishuvga rozi bo‘lmaslikka chaqirdi. «Kiyev Amerika prezidentining so‘nggi taklifi darajasigacha bormasligi kerak. Bu «kapitulyatsiya» bilan barobar bo‘ladi», – deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Germaniyaning ARD teleradiokompaniyasi.
O‘tgan hafta Tramp «[bitimning] asosiy bandlarining aksariyati kelishilgani»ni aytdi, OAV esa Ukrainaga Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan, jumladan, Qrimdan voz kechish taklif qilinishi mumkinligi haqida yozdi.
Juma kuni Reuters agentligi o‘z ixtiyoriga Parijda yevropalik siyosatchilar bilan muzokaralarda taqdim etilgan AQSh takliflari kelib tushgani haqida xabar berdi. Ular Qo‘shma Shtatlar tomonidan Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishini qonuniy tan olish va Ukrainaning boshqa bosib olingan hududlari, jumladan, butun Luhansk oblasti ustidan Rossiya nazoratini amalda tan olishni o‘z ichiga oladi.
Boshqa ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Amerika rejasi Ukrainaning NATOga a’zoligini istisno qiladi va Buyuk Britaniya va Fransiya boshchiligidagi «ko‘ngillilar koalitsiyasi» o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirgandan so‘ng, AQSh ishtirokisiz xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishini nazarda tutadi. Yevropa davlatlari, o‘z navbatida, AQShdan hujum bo‘lgan taqdirda Ukrainaga yordam berish majburiyati ko‘rinishidagi «ishonchli» kafolatlar berilishini xohlamoqda.
Xabar qilishlaricha, AQSh hozirda Rossiya tomonidan egallab olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasini ham o‘z nazoratiga olishni taklif qilmoqda, u keyinchalik ham Rossiya, ham Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib beradi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov avvalroq CBS telekanalining «Face the Nation» («Millatga yuzma-yuz») dasturiga yozib olingan intervyusida Zaporijjya AESni topshirish varianti istisno qilinganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Moskvaga bunday taklif haqida xabar bermagan.
O‘sha intervyusida Lavrov Rossiya Ukraina harbiylari foydalanayotgan obektlarga zarba berishda davom etishini aytdi. Lavrovdan o‘tgan hafta Rossiyaning Kiyevga bergan zarbasi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgani haqida so‘rashganida, u «hujumga uchragan nishon umuman fuqarolik obekti bo‘lmagani»ni aytdi.
Yakshanba kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Rossiya va Ukrainani tinchlik bitimi tuzishga tezroq harakat qilishga chaqirdi.
«Bu tez orada ro‘y berishi kerak. Agar natija bo‘lmasa, biz bunga vaqt va resurslarni sarflay olmaymiz. Bu hafta juda muhim bo‘ladi, uning davomida biz ushbu tashabbusda ishtirok etishni davom ettirishni xohlashimiz yoki e’tiborni boshqa masalalarga qaratishimiz kerakligi xususida bir qarorga kelishimiz kerak bo‘ladi», – dedi AQSh Davlat departamenti rahbari yakshanba kuni Amerikaning NBC telekompaniyasining «Meet the Press» dasturiga bergan intervyusida.
Rubio bungacha ham bir necha marta agar muzokaralarda natijaga erishilmasa, AQSh Ukrainada tinchlik o‘rnatishga bo‘lgan urinishlarini to‘xtatishi bilan tahdid qilgandi. Davlat kotibi ortidan Tramp ham shu mazmunda chiqishlar qilib, yaqin vaqtlar ichida muzokaralar jarayonida o‘zgarishlar bo‘lishini talab qilgandi.
O‘z navbatida, Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols AQSh prezidenti Putindan ham, Zelenskiydan ham «hafsalasi pir bo‘lganini bildirgani», biroq kelishuv bo‘yicha muzokaralarda yordam berishga qat’iy qaror qilganini aytdi, deb yozadi Reuters. AQSh Senatidagi demokratik ozchilik yetakchisi Chak Shumer esa yakshanba kuni Tramp «Putinga yon berishi»dan xavotirda ekanini ma’lum qildi.