Andijonda Qirg‘iziston bilan bog‘lovchi yashirin tunnel qaziganlarga hukm o‘qildi
2024 yilning mart oyida Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Xonobod shahar “A.Navoiy” MFY hududini Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlog‘i bilan bog‘lovchi yashirin yerosti tunneli aniqlangan edi.

Foto: Videodan kadr
U orqali, tovar-moddiy boyliklarni mamlakatga olib kirish va olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
Dastlab Qirg‘iziston fuqarosi yerosti yo‘li orqali O‘zbekistonga umumiy bahosi 5 mlrd 954 mln so‘mlik 812 dona mobil telefon vositalarini olib o‘tib, mamlakatdan esa qiymati 1 mlrd 558 mln so‘mga teng bo‘lgan 1 kg 734 gr nostandart quyma oltin buyumlarni olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi 3 nafar sherigiga tegishli manzillarda mazkur yerosti yo‘lagi orqali olib o‘tilgan 2 mlrd 839 mln so‘mlik jami 1380 dona mobil telefon apparatlari, 32 dona quloqchinlar, 920 dona adapterlar, 338 dona USB-S kabellar, 40 dona quvvatlagichlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Yerosti tunneli 18-20 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, uning kengligi 60-70 smni, balandligi 170-180 smni, uzunligi esa 300-350 metrni tashkil qiladi.
Olib borilgan tergov jarayonlarida ushbu uyushgan jinoiy guruhga Qirg‘iziston fuqarosi rahbarlik qilganligi aniqlanib, u tomonidan guruh a’zolari o‘rtasida vazifalar taqsimlangan. Hozirda unga nisbatan ham alohida jinoyat ishi olib borilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan Qirg‘iziston fuqarosi Jinoyat kodeksining 182- va 223-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 6 yil muddatga, 3 nafar O‘zbekiston fuqarolari esa Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan aybdor deb topilib, ularning har biri 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmiga muvofiq, ulardan olingan tovar-moddiy boyliklar hamda Xonobod shahri A.Navoiy MFYdagi xonadon undagi “yerosti tunneli” ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilinib, davlat foydasiga musodara qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarosining Xonobod shahar “A.Navoiy” MFYdagi xonadonida aniqlangan ikkinchi yerosti tunneli ham sud hukmiga muvofiq, tegishli tartibda yo‘q qilinib, mazkur uy hamda ashyoviy dalil sifatida olingan tovar-moddiy boyliklar davlat foydasiga musodara qilindi. Qonunbuzarga nisbatan esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Tergov jarayonida, ushbu yerosti tunnellari orqali Qirg‘izistondan olib o‘tilgan turli rusumdagi mobil telefon apparatlari Andijon va Toshkent shaharlaridagi savdo markazlarida sotuvga chiqarilganligi aniqlanib, hozirda mazkur yo‘nalishda tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid

22:07 / 29.04.2025
Shuhratbek Abdurahmonov Bahodirlar o‘yinlarining Osiyo federatsiyasi prezidenti etib saylandi

21:45 / 29.04.2025
Yangilangan yo‘lak va perronlar, buziladigan aerovokzal – Andijon xalqaro aeroportidan reportaj

21:02 / 29.04.2025
Qirg‘izistonda urushga yollashda ayblangan “Rus uyi” xodimi hibsdan qo‘yib yuborildi

17:57 / 29.04.2025