Jahon | 17:04 / 01.05.2025
14741
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston paxta sanoatini moliyalashtirganini eshitgan Ilon Mask kulib yubordi

AQSh mehnat vaziri tashqi yordam dasturlarini bekor qilib, 250 million dollar tejalganini aytdi. Bu dasturlar orasida O‘zbekiston paxta sanoatidagi shaffoflik va hisobdorlikni oshirish kabi loyihalar ham borligini eshitgan Ilon Mask kulib yubordi. «Bu narsalar shu qadar kulgiliki, ishonib bo‘lmaydi. O‘zbekiston paxtachilari. Bu xuddi komediyaga o‘xshaydi», dedi DOGE rahbari.

Foto: AP

30 aprel kuni Oq uyda prezident Donald Tramp ishtirokida navbatdagi hukumat yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda AQSh mehnat vaziri Lori Chaves hukumat moliyalashtirgan tashqi manbalar haqidagi hisobotini o‘qib eshittirayotganda Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask kulib yubordi.

«Biz America Last (Tramp jamoasi Amerika manfaatlariga xizmat qilmaydigan dasturlarni shunday nomlashadi — tahr.) doirasida tashqi yordam dasturlarini bekor qilib, 250 million dollar tejadik. Xususan, O‘zbekiston paxta sanoatidagi shaffoflik va hisobdorlikni oshirish kabi loyihalarni moliyalashtirish. Bunday narsalarga bizning mablag‘imiz sarflanishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Tejamkorlik uchun DOGE’ga rahmat. Biz nima topdik, aniqlangan firibgarliklar», dedi Lori Chaves.

Bu Ilon Maskning kulgisiga sabab bo‘ldi.

«Bu narsalar shu qadar kulgiliki, ishonib bo‘lmaydi. O‘zbekiston paxtachilari. Bu xuddi komediyaga ga o‘xshaydi», dedi DOGE rahbari.

Ma’lumot uchun, joriy yil mart oyi oxirida AQSh Mehnat vazirligi O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish loyihasini ham o‘z ichiga olgan 38 mln dollardan ortiq xorijiy yordam grantlarini bekor qilgandi.

«Sizlar mashaqqat bilan topgan dollarlaringiz O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish, Braziliya va Kolumbiyada iqlim o‘zgarishi dasturlari bilan bog‘liq siyosatni ilgari surish, Indoneziya va Gvatemalada jamoaviy muzokaralarni qo‘llab-quvvatlash va Kongo Demokratik Respublikasida mehnat standartlari sohasidagi taraqqiyotni nazorat qilish kabi narsalarga sarflanayotganini bilmas edingiz. Oddiy qilib aytganda, biz Amerikani oxirgi o‘ringa qo‘yadigan dasturlarni bekor qilamiz», - degandi Lori Chaves.

«O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish» loyihasi 2022 yil avgust oyida boshlangan va 2026 yil dekabrigacha davom etishi kerak edi. 2022 yilda unga 2 million dollar ajratilgan bo‘lsa, 2025 yilda yana 1 million dollar ajratish rejalashtirilgandi.

Mavzuga oid