Sport | 15:10 / 01.05.2025
4908
6 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu va Messi bir kunda yarimfinal o‘yinlarida yutqazdi

Krishtianu «Kavasaki»ga qarshi o‘yin oxirida bo‘sh darvozani ishg‘ol etolmadi, o‘yindan keyin esa o‘zi bilan o‘zi gaplashib turgani videosi tarmoqda virusdek tarqaldi.

Ronaldu Osiyodagi faoliyati davomida jiddiy sovrinsiz qolmoqda

Elit OChL. Yarimfinal.
«An-Nasr» – «Kavasaki Frontale» – 2:3
Gollar:
Mane 28, Ayman Yahyo 87 – Ito 10, Yuto 41, Akixiro 76.
«An-Nasr»: Bento, Bushal, Al-Avjami (Lyaport 44), Simakan, Al-G‘anam (Yahyo 77), Mane, Al-Hassan (Gabriyel 44), Brozovich (Uesli 78), Otavio, Ronaldu, Duran
«Kavasaki Frontale»: Tebo-Yamaguchi, Sota Miura, Maruyama, Takai, van Vermeskerken (Sasaki 70), Marsinio (Iyenaga 64), Yamamoto, Tachibanada (Kavahara 60), Ito Ito, Yuto Ozeki (Vakisaka 46), Soma Kanda (Erison 46)
Ogohlantirishlar: Al-Avjami 37 – Erison 90+4

«Kavasaki» Osiyo chempionlar ligasi yarimfinalida sensatsiya ko‘tarib, «An-Nasr»ni mag‘lubiyatga uchratdi — 3:2. 

«Kavasaki» kuchli raqib bo‘lib ko‘rinmasa-da (klub Yaponiya chempionatida 8-o‘rinda bormoqda), turnir davomida o‘zidan kuchli klublarni mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu klub 1/8 finalda Xitoyning «Shanhay Shenhua» klubini qoldirib ketgandi (ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:1 hisobidagi ustunlik), keyingi bosqichda esa tarkibida Klaudinio bo‘lgan Qatarning «As-Sadd» klubini mag‘lub etdi (3:2).

«An-Nasr» ham tezda qarshisidagi raqib oddiy klub emasligiga amin bo‘ldi – 10-daqiqasidayoq Ito Ito hisobni ochdi, keyinroq unga Sadio Mane javob qaytardi, bo‘lim oxirida Yuto Odzeki jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Axiro Iyenaga kunchiqar yurt vakillarining uchinchi golini urdi, biroz o‘tib zaxiradan tushirilgan Ayman Yahyo hisobni qisqartirdi.

Shundan keyin esa maydonda dahshatli voqea ro‘y berdi – o‘yinning asosiy vaqti yakunlanib borayotganida Ronaldu bo‘sh darvoza qarshisida turib, yuz foizlik imkoniyatdan foydalana olmadi.

Biroz o‘tib saudiyaliklarning boshqa bir hujumchisi Jon Duran ham o‘ta qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi.

Hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagidan keyin esa Ronaldu bir muddat maydon markazida qolib, o‘zi bilan o‘zi gaplashib turdi.

Chempionlar ligasini tark etish — Ronaldu uchun og‘riqli zarba. Gap shundaki, 40 yoshli forvard bu turnirda uchinchi urinishda ham g‘olib chiqolmadi. Undan ham yomonrog‘i — u «An-Nasr» tarkibida hozirgacha birorta jiddiy sovrin yuta olmagan. 2,5 yil mobaynida Krishtianu Saudiya Arabistoni chempionatida ham, OChLda ham, Qirol kubogida ham, Superkubokda ham g‘olib chiqa olmadi.

Ronaldu qo‘lga kiritgan yagona sovrin — 2023 yilda o‘rtoqlik maqomidagi Arab chempionlari kubogini yutish bo‘lgandi. 

Joriy mavsumda ham ichki chempionatda g‘olib bo‘lishdan umid uzilgan: «An-Nasr» «Al-Ittihod» va «Al-Hilol»dan keyin uchinchi o‘rinda ketmoqda. Mavsum yakuniga besh tur qolganida Krishtianu va jamoa birinchi o‘rindan sakkiz ochkoga ortda qolmoqda.

Portugaliyalik futbolchi Saudiya jamoasiga 2022 yilda kelgandi. Uning hozirgi shartnomasi muddati 2025 yil 30 iyunda tugaydi.

Messi ham qolishmadi

Chempionlar kubogi. Yarimfinal, javob o‘yini
«Inter Mayami» – «Vankuver» 1:3
Gollar:
Alba (9) –  Uayt (51), Vite (53), Berhalter (71). 
«Inter Mayami» – Ustari, Veygandt, Falkon (Luxan 56), Allen (Martines, 77), Alba, Redondo (Kremaski, 56), Buskets, Allende (Brayt, 77), Messi, Segoviya (Obando 63), Suares.
Ogohlantirishlar: Falkon 24, Redondo 45+1, Segoviya 62, Alba 70 – Berxalter 45+1, Kubas 65
Birinchi o‘yin: 0:2

«Inter Mayami» tarkibida Messi bo‘lganida ilk bor qatorasiga 3 o‘yinda yutqazdi.

Haviyer Maskerano shogirdlari KONKAKAF chempionlari kubogi yarimfinalida «Vankuver»ga qarshi javob o‘yinida ham yutqazdi (1:3) va turnirni tark etdi.

Floridada kechgan birinchi o‘yinda mezbonlar 0:2 hisobida yutqazgandi.

«Inter Mayami» qatorasiga uchinchi o‘yinda mag‘lub bo‘ldi – bunaqasi 2023 yilda jamoaga Lionel Messi kelganidan buyon ilk bor ro‘y berishi.

«Vankuver»ga qarshi o‘yinlar oralig‘ida floridaliklar MLS chempionati doirasida «Dallas»ga ham imkoniyatni boy berishgandi (3:4).

Messi esa qatorasiga to‘rtinchi o‘yinni gol yoki golli passiz tark etdi. Argentinalik futbolchi bu o‘yinlaning barchasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan va to‘liq harakat qilgan.

Joriy mavsumda Messi barcha turnirlar doirasidagi 13 o‘yinda 8 gol urgan va 3 golga uzatma bergan.

MLS chempionatining Sharqiy konferensiyasida ishtirok etayotgan «Inter Mayami» 10-turdan keyin 18 ochko bilan (9 o‘yinda 5 g‘alaba, 3 durang va 1 mag‘lubiyat) beshinchi o‘rinda bormoqda.

Messi jamoa bilan 2023 yilda MLS liga kubogini qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid