Zelenskiy Trampdan eng kuchli kartalar to‘plamini oldi - AQSh moliya vaziri
Bessent Oval kabinetda Tramp Zelenskiy bilan tortishib qolganida, uning qo‘lida «kuzirlar yo‘qligini» aytganini eslatdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy resurslar bo‘yicha bitimni imzolagan Kiyevda endi kuchli kartalar bor.

Foto: Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp bir safar ukrainalik hamkasbi Volodimir Zelenskiyning qo‘lida kuzirlar yo‘qligini aytgandi, endi bo‘lsa, unga pokerdagi eng kuchli kartalar jamlanmasini tutqazdi. Moliya vaziri Skott Bessent Fox Business efiri vaqtida tabiiy resurslar bo‘yicha imzolangan bitimni shunday izohladi.
«Esingizda bo‘lsa, prezident Tramp Oval kabinetda Zelenskiyga «Sizda kuzirlar yo‘q», degandi. Bilasizmi nima? Prezident Tramp endi unga flesh-royalni tutqazdi. Chunki endi biz ushbu qartalarni olib, Rossiyaga rahbariyatiga Ukraina va AQSh xalqlarining maqsadlari o‘rtasida farq yo‘ligini ko‘rsata olamiz», — deydi Bessent.
Flesh-royal — pokerdagi eng yuqori kombinatsiya bo‘lib, u bir xil turdagi beshta katta kartadan tashkil topadi: tuz, qirol, motka, sallot va 10.
Fevral oxirlarida Oq uyning Oval kabinetida Zelenskiy va Tramp o‘rtasida yuz bergan dahanaki janjalda AQSh prezidenti Ukraina yetakchisiga «qo‘lida kuzirlari yo‘qligi»ni aytgandi. «Biz bilan kuzirlaringiz paydo bo‘ladi», — degan edi o‘shanda Tramp. Zelenskiy esa «Men karta o‘ynamayapman. Hech qanaqa kuzir… hech qanaqa kuzir, janob prezident. Men mutlaqo jiddiyman…», degandi.
Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ushbu bitimni «Rim papasi dafn marosimi arafasida Vatikandagi uchrashuvning ilk sezilarli natijasi» deb atab, ushbu muloqotni tarixiy deya baholadi. «Bu suhbatning boshqa natijalarini ham intiqlik bilan kutmoqdamiz», — deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.
Siyosatchi ta’kidlashicha, bitim tayyorlanish jarayonida sezilarli darajada o‘zgargan va endilikda u «haqiqiy teng huquqli hamkorlik»ni anglatadi, AQSh oldida hech qanday qarzdorlik nazarda tutilmagan. Tramp ilgari Kiyev AQShdan allaqachon olingan yordam uchun 350 milliard dollar qarzdor ekani va bu bitim ushbu mablag‘larni qaytarishga yordam berishini aytgan edi.
Shu bilan birga, Ukraina hukumati ham ayrim yon berishlarga bordi: avvaliga ular xavfsizlik kafolatlarini olishda qat’iy turgan edi. AQSh bu bandga qarshilik bildirdi, natijada, u hujjatga kiritilmadi. Trampning fikricha, AQShning Ukrainadagi foydali qazilmalarni qazib olish doirasidagi ishtiroki «ko‘plab salbiy kuchlarni mamlakatga yoki hech bo‘lmaganda, qazish ishlari olib borayotgan hududga hujum qilishdan tiyadi».
Mavzuga oid

14:39
Grin-karta javoblari 3 may kuni chiqadi

11:51
YeI AQSh Kiyev bo‘yicha muzokaralardan chiqishi ehtimoli yuzasidan reja tayyorlamoqda

09:25
AQSh Ukrainadagi muvaqqat ishlar vakilini tayinladi

23:22 / 01.05.2025