Savdo urushidan ham jiddiyroq: Xitoy katta sinov qarshisida
Donald Tramp boshlagan savdo urushi qanchalik bemisl darajada bo‘lmasin, bugun Si Jinping ro‘baro‘ kelib turgan asosiy muammo bu emas. U ichki iqtisodiyotda yalpi talabning tushib ketganiga yechim topishi kerak.

Foto: REUTERS / Aly Song / File Photo
Xitoyda ulgurji savdogarlar davrasida yoki savdo yarmarkalari vaqtida Donald Tramp ismini tilga olsangiz, ular miyig‘ida kulib qo‘yishadi. AQSh prezidenti va uning 145 foizlik tariflari ko‘plab xitoylik savdogarlarni qo‘rqita olmadi, deb yozadi BBC muxbiri Laura Bikker.
Trampning tariflari internetdagi xitoylik millatchilar armiyasini ko‘plab memlar yasashga, sun’iy intellekt yordamida masxaraomuz rilslar tayyorlashga undadi. Millionlab marta ko‘rilgan bu videolarda Tramp, vitse-prezident Jyey Di Vens va milliarder Ilon Mask poyabzal fabrikasida oyoq kiyim tikayotgani, iPhone yig‘ib o‘tirganini ko‘rish mumkin.
Xitoy bugun o‘zini iqtisodiy qiyinchilik qarshisida turgan xalqdek tutayotgani yo‘q. Mamlakat raisi Si Jinping ham Pekin o‘z pozitsiyasidan qaytmasligini ochiq aytdi.
“70 yildan oshiq vaqtdan beri Xitoy hamisha o‘z-o‘ziga ishonish va taraqqiyot uchun qattiq mehnat qilish tamoyillariga sodiq qolib kelmoqda. Xitoy hech qachon birovning sovg‘asiga qarab qolmagan va hech qanaqa uydirma bosimlardan qo‘rqmaydi”, – dedi Si aprel oyidagi chiqishlaridan birida.
Uning bunday ishonch bilan gapirishi bejiz emas: Xitoy iqtisodiyotining AQShga eksport jihatdan bog‘liqligi o‘n yillar oldingidan anchagina kamaygan.
Shu bilan birga, bugun Trampning xurmacha siyosati Xitoy iqtisodiyotida allaqachon mavjud bo‘lgan muammolarni chuqurlashtiryapti. Uy-joy bozoridagi inqiroz, mehnat bozoridagi tushkunlik va aholining qarib borayotgani fonida, Xitoy aholisi hukumat xohlaganichalik sarf-xarajat qilayotgani yo‘q.
Si Jinping 2012 yilda hokimiyatga kelganida, Xitoyga jo‘shqin taraqqiyot sur’atlarini qaytarish orzusida edi. Hozir uning bu niyatlari sinovdan o‘tmoqda – va bu faqat AQShning tariflari bilan bog‘liq emas.
Si qarshisidagi ichki iqtisodiy chaqiriqlar

Foto: STR / AFP / Getty Images
1,4 milliard aholiga ega Xitoy, nazariy jihatdan, katta ichki bozorga ega, lekin muammo shundaki, bu aholi sarf-xarajat qilishdan o‘zini tiymoqda. Sababi, mamlakatning iqtisodiy kelajagi bo‘yicha prognozlar noaniq.
Bu muammoning kelib chiqishi savdo urushi emas, uy-joy bozorining qulashi bilan bog‘liq. Ko‘plab xitoylik oilalar yig‘gan pullarini uy-joy sotib olishga ishlatib qo‘ygan, lekin oxirgi 5 yil ichida ular olgan uylarining narxi keskin tushib ketdi.
Ko‘chmas mulk bozori qulaganiga qaramay, developerlar uy-joy qurishda davom etaverishdi. Natijada shunchalik ko‘p bo‘sh kvartiralar paydo bo‘ldiki, hatto butun mamlakat aholisi yoppasiga ko‘chib kirgan taqdirda ham, bo‘sh xonadonlarni to‘ldira olmaydi.
Xitoy statistika byurosi rahbarining sobiq o‘rinbosari Hu Keng ikki yil oldin vaziyatni tasdiqlab, shunday degandi: eng ekstremal baholarga ko‘ra, hozir mamlakatda 3 milliard aholiga yetadigan bo‘sh uylar mavjud.
Xitoy provinsiyalarini aylanib, bo‘shab yotgan uy-joy majmualarini ko‘plab uchratish mumkin. Ayrim uylar jihozlab, derazalariga parda ilingan, uy qarshisidagi bog‘lar obod qilib qo‘yilgan, lekin qorong‘i tushishi bilan, ular ham bo‘shligi ma’lum bo‘ladi – uyda yashab, chirog‘ini yoqadigan odam yo‘q. Ya’ni, xaridor yo‘q.
Uy-joy bozorida narx pufagi yuzaga kelayotgani, ko‘plab developerlarda qarz yuki keskin oshgani va bu holat moliyaviy tizimga risklar yaratayotgani tufayli hukumat 5 yil oldin quruvchi kompaniyalar olishi mumkin bo‘lgan qarz miqdoriga cheklov qo‘ygan edi. Ayni shu va boshqa omillar bozordagi qulashni boshlab berdi. Reuters agentligi joriy yil fevralda o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, tahlilchilar bu yil uy-joy narxlari 2,5 foizga tushishini prognoz qilmoqda.
Qayd etish lozim, o‘rta qatlamni xavotirga solgan faqat uy-joy narxlari emas. Odamlarda davlat pensiya ta’minotiga nisbatan ishonchsizlik oshgan. Hozir 50-60 yoshda bo‘lgan taxminan 300 million xitoylik keyingi 10 yilda pensiyaga chiqqanida, hukumat ularni pensiya bilan ta’minlay oladimi-yo‘qmi, ko‘pchilik bunga shubha bilan qarayapti. Davlatga qarashli Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi 2019 yilda bergan baholarga ko‘ra, davlat pensiya jamg‘armasi 2035 yilga borib bo‘shab qolishi mumkin.
Bundan tashqari, xitoyliklar o‘sib kelayotgan yosh avlod – farzandlari va nevaralarining kelgusida ish topa olmasligi ehtimolidan xavotirda. Hozirda kollejlarni tamomlagan millionlab yoshlar qoniqarli maosh to‘lanadigan ish topishga qiynalyapti. 2023 yil avgust oyida e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy shaharlarida yashovchi, 16 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning har 5 nafardan biri ishsiz. Hukumat shundan beri yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik statistikasini ochiqlamay qo‘ygan.
Muammo shundaki, Xitoy ishlab chiqaruvchilari shunchaki bitta tugmani bosib, AQShga sotayotgan tovarlarini ichki iste’molchilarga yo‘naltira olmaydi.
“Iqtisodiy faollikni pasaytiruvchi bosim mavjudligidan kelib chiqilsa, ichki iste’molchilarning yaqin istiqbolda o‘z sarf-xarajatlarini sezilarli oshirishi dargumon. Eksport o‘rnini ichki talabni oshirish bilan qoplash uchun vaqt kerak”, – deydi Pekindagi Renmin universiteti professori Niye Huihua.
Fudan universitetining Amerikashunoslik markazi direktori o‘rinbosari, professor Jao Minghaoning fikricha, “Tramp ma’muriyati bilan muzokaralar bo‘yicha Xitoyda katta kutilmalar yo‘q. Haqiqiy kurash ichki siyosatni moslashtirish, masalan ichki talabni rag‘batlantirish bilan bog‘liq bo‘ladi”.
Sustlashib borayotgan iqtisodiyotni ruhlantirish uchun hukumat bola parparishi uchun subsidiyalar, oyliklar va mehnat ta’tili uchun to‘lanadigan haqlarni oshirishga milliardlab mablag‘ sarflashini e’lon qilgan. Rasmiylar, shuningdek, odamlarni ko‘proq xarajat qilishga undash uchun maishiy elektronika tovarlari va elektromobillarni sotib olishda chegirmalar berishni nazarda tutuvchi 41 milliard dollarlik dasturni ilgari surmoqda. Shunga qaramay, Fudan universiteti iqtisodiyot fakulteti dekani, professor Jang Jun bu choralarni “barqaror emas” deb hisoblaydi.
“Bizga uzoq muddatli mexanizmlar kerak. Aholining real daromadlarini oshirishimiz zarur”, deydi u.
Si qarshisidagi siyosiy chaqiriqlar

Foto: Reuters
Xitoydagi yosh avlod o‘z kelajagiga umidsizlik bilan qarayotgani – Kommunistik partiya uchun noroziliklar yoki tartibsizliklar kabi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Freedom House xalqaro tashkilotining Xitoy dissidentlarini kuzatish guruhi hisobotiga ko‘ra, oxirgi bir necha oyda moliyaviy qiyinchiliklardan norozilik bildirish holatlari sezilarli oshgan. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi barcha noroziliklar tezda bostirilib, senzura qilinadi, shu sababli bunday postlar Si uchun real tahdid tug‘dirishi ehtimoldan yiroq.
Xitoy oxirgi 10 yilda maishiy elektronika tovarlari, batareyalar, elektromobillar va sun’iy intellekt kabi sohalarda katta natijalarga erishib, yuqori texnologik ishlab chiqarish markazlaridan biriga aylandi. DeepSeek sun’iy intellekti AQShning texnologik dominantligiga soya solgan bo‘lsa, BYD o‘tgan yili Tesla'ni quvib o‘tib, dunyo bo‘ylab eng ko‘p sotilayotgan elektrokar brendiga aylandi.
Lekin Trampning tariflari aylanib turgan g‘ildirakka tayoq tiqqandek ta’sirga ega bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Yaqinda eng muhim chiplarni AQShdan Xitoyga eksport qilish cheklangani – aynan Si hukumatining texnologik liderlik ambitsiyalarini jilovlashga qaratilgan.
Shunga qaramay, chin elitasi yaxshi biladi: xitoylik ishlab chiqaruvchilar bir qator masalalarda raqobatchi mamlakatlardan o‘nlab yillar oldinga o‘tib ketishgan, shu sabab AQShdagi ishlab chiqaruvchilar uchun aynan Xitoydagidek keng ko‘lamli infratuzilma va tajribali ishchilarni boshqa joydan topish oson bo‘lmayapti.
Chaqiriqni imkoniyatga aylantirish
XXR raisi joriy inqirozni kelgusi o‘zgarishlar uchun katalizatorga aylantirishga, Xitoy uchun yangi bozorlar topishga urinmoqda.
“Yaqin istiqbolda ayrim Xitoy eksportyorlari katta o‘zgarishlarga uchraydi. Ular qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun eksport geografiyasini o‘zgartira boshlashadi. Eksportchilar hozircha kutyapti. Va yangi mijozlar ham izlashyapti”, – deydi professor Jang.
Donald Trampning Oq uydagi birinchi vakolat muddati Xitoy uchun yangi bozorlar qidirish kerakligi bo‘yicha signal vazifasini o‘tagandi. Shundan keyin Pekin Janubi-Sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika davlatlari bilan aloqalarini kengaytirdi. Xususan, “Bir makon – bir yo‘l” loyihasi doirasidagi savdo va infratuzilma tashabbuslari Global Janub bilan hamkorlikni mustahkamlash imkonini berdi.
Hozirgi kunda Xitoy ana shu diversifikatsiyaning mevalaridan bahramand bo‘lyapti. Loui instituti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda AQShdan ko‘ra Xitoy bilan ko‘proq savdo aylanmasiga ega mamlakatlar soni 145 tadan oshgan. Taqqoslash uchun, 2001 yilda AQShdan ko‘ra Xitoy bilan ko‘proq savdo-sotiq qiladigan davlatlar soni bor-yo‘g‘i 30 ta edi.
“Geosiyosiy front”

Foto: Agence Kampuchea Press
Tramp do‘sht-u dushmanni birdek nishonga olayotgan bir paytda, Si paytdan foydalanib o‘z mamlakatini AQShga muqobil, lekin barqaror savdo hamkori sifatida taqdim etishi ham mumkin. Bu Pekinga Vashington gegemonligidagi dunyo tartibotini asta-sekin o‘zgartirish imkonini beradi.
“Trampning dahanaki tariflar siyosati Xitoy diplomatiyasi uchun imkoniyatdir”, – deydi professor Jang.
Xitoy yetakchisi yangi savdo urushi boshlanganidan keyingi ilk tashrifini Janubi-Sharqiy Osiyoga amalga oshirgani ham bejiz emas. Xitoy eksportining qariyb chorak qismi ishlab chiqarish yoki yetkazib berish zanjirida Viyetnam va Kambodja kabi qo‘shni davlatlarga bog‘langan. Shu sabab Trampning tariflari Xitoyning qo‘shnilarini ham asabiylashtirmoqda. Si Jinping esa o‘z tashriflarida ularni tinchlantirishni maqsad qilgan bo‘lsa ajab emas.
Hozirgi vaziyatda Xitoy ehtiyotkorlik bilan harakat qilmog‘i lozim. Chunki ayrim mamlakatlar Xitoy kompaniyalari buyurtmasi asosida AQShga sotish uchun mo‘ljallab ishlab chiqarilgan tovarlar oxir-oqibat ishlab chiqargan mamlakatning o‘ziga yo‘naltirilishi ehtimolidan xavotirda. Bunday holat Trampning 2016 yildagi tariflaridan keyin ham kuzatilgan. O‘shanda AQSh bozori uchun ishlab chiqarilgan Xitoyning ko‘plab arzon tovarlari Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga yo‘naltirilgan, bu esa ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazgandi.
“Xitoy eksportining taxminan 20 foizi AQShga yo‘naltiriladi. Agar buncha miqdordagi eksport biror bir mintaqa yoki mamlakat bozoriga oqib kirsa, bu demping va shafqatsiz raqobatga olib kelishi mumkin, bunday holat esa yangi savdo ziddiyatlarini keltirib chiqaradi”, – deydi professor Huihua.
Bundan tashqari, Si o‘zini jahondagi erkin savdoning bosh advokati qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, bu unchalik ishonarli chiqmaydi. Chunki oxirgi yillarda Xitoyning o‘zi ham bir nechta mamlakatlarning tovarlariga nisbatan cheklovlar kiritgan.
Masalan, 2020 yilda Avstraliya hukumati koronavirus pandemiyasining kelib chiqishi bo‘yicha xalqar tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan edi. O‘shanda Pekindagilar buni siyosiy manyovr deb qabul qilgan va bunga javoban Avstraliya vinosi va arpasiga nisbatan bojlar, Avstraliyadan import qilinadigan mol go‘shti va yog‘ochga esa notarif to‘siqlar kiritgandi. Avstraliyadan ko‘mir, paxta va dengiz qisqichbaqasi importi esa taqiqlangan. Shundan keyin Avstraliyaning Xitoyga ayrim tovarlari eksporti nolga tushib qolgandi. Yaqinda rasmiy Kanberra Tramp boshlagan savdo urushida Pekinni qo‘llamasligini ochiq-oydin e’lon qilgani ikki o‘rtadagi taranglik hamon saqlanib turganidan darak beradi.
Shu tariqa, o‘tmishdagi xatti-harakatlari Si Jinpingga Xitoyni erkin savdoning bosh tarafdori deb e’lon qilish imkonini bermaydi.
Tramp ortga tisarildi

Foto: Alamy
Mavjud barcha qiyinchiliklarga qaramay, Xitoy ikki o‘rtadagi savdo urushining iqtisodiy og‘riqlariga AQShdan ko‘ra uzoqroq vaqt bardosh bera olishiga ishonmoqda.
Tramp vajohatidan yumshab, ortga tisarilgani ham ana shu ishonchning mevasidir, ehtimol. AQSh prezidenti aprel oyi oxirida Xitoyga nisbatan joriy etilgan yuqori bojlar “ancha-muncha pasaytirilishi, lekin nolga tushirilmasligi”ni aytdi.
Buning ortidan Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida “Tramp ortga tisarildi” jumlasi eng ko‘p qidirilgan jumlaga aylandi.
Tariflar Tramp aytganidek pasaytirilgan taqdirda ham, Xitoy o‘zi uchun kerakli darsni olib bo‘lgan.
Avvalgi savdo urushidan keyin Pekin eksport bozorlarini diversifikatsiya qila boshlagan edi. Bu safargi savdo urushi bilan esa Xitoy o‘z ichki iqtisodiy muammolarini chuqurroq anglab yetmoqda. Bu muammolarni hal qila olish esa Vashingtonga emas, Pekinning o‘ziga bog‘liq.
Mavzuga oid

00:46
Xitoyda muntazam ravishda ortiqcha ishlab kelgan repetitor o‘z ishxonasida vafot etdi

20:05 / 05.05.2025
Xitoyda kuchli shamol sayyohlik kemalarini ag‘darib yubordi. 10 kishi halok bo‘ldi

15:55 / 05.05.2025
Tramp uchinchi muddat, tinchlik muzokaralari va savdo urushi oqibatlari haqida gapirdi

12:35 / 05.05.2025