O‘zbekiston | 14:31 / 07.05.2025
10888
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirining ikki o‘rinbosari ishdan ketdi

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarlari Davron Sultonov va Farrux Sharipov ishdan olindi. Yana bir o‘rinbosar Olim Omonov esa 6 oyda raqamlashtirishda o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Davron Sultonov va vazir o‘rinbosari Farrux Sharipov ishdan ketdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda tibbiy sug‘urtani joriy qilish surunkali surilib kelayotgani keskin tanqid qilindi. Toshkent shahrida o‘tgan yili, Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazmda bu yili ushbu tizim ishga tushishi kerak edi. Sug‘urta jamg‘armasi faqat tayyor pulni taqsimlovchiga aylanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.

«Belgilangan islohotlarimiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, tizim raqamlashmasa, kutilgan natijaga erisha olmaymiz»,
 - dedi prezident.

Lekin mutasaddilar tizimni to‘liq raqamlashtirish u yerda tursin, oddiy «elektron retsept»ni ham ishga tushira olmagani tanqid qilindi. «Elektron poliklinika», «Elektron shifoxona»ni joriy etishda ham jiddiy oqsoqliklar bor.

«Vazirlik rahbarlari dunyoqarashini o‘zgartirib, fidoyi bo‘lmasa, mas’uliyatni his qilib, so‘rovni kuchaytirmasa, islohotlar mahallagacha yetib bormaydi», - dedi davlat rahbari.

Shu bois, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar uchun sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari Davron Sultonov, Farrux Sharipov lavozimidan ozod etildi, vazir o‘rinbosari Olim Omonov 6 oyda raqamlashtirishda o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirildi.

Ma’lumot uchun, Davron Sultonov 2024 yil sentabrida Alisher Shodmonov o‘rniga vazirning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Farrux Sharipov va Olim Omonov esa 2023 yil sentabrida SSV vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ish boshlagandi.

Mavzuga oid