Jahon | 00:27
1765
2 daqiqa o‘qiladi

Meksika Google korporatsiyasini sudga berdi

Bunga Google Maps servisidagi Meksika ko‘rfazi nomi Amerika ko‘rfaziga o‘zgartirilgani sabab bo‘ldi.

Foto: Merca20

Meksika hukumati Google korporatsiyasini AQShdagi foydalanuvchilar uchun Google Maps servisida Meksika ko‘rfazi nomini Amerika ko‘rfaziga o‘zgartirib qo‘ygani uchun sudga berdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Kaludiya Sheynbaum ma’lum qildi.

«Da’vo allaqachon kiritilgan va u hamon ko‘rib chiqish jarayonida», — deydi u.

25 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika ko‘rfazini Amerikaga, Alyaskadagi Denali cho‘qqisini esa Mak-Kinliga o‘zgartirishni buyurgandi. Bu Shimoliy Amerikadagi eng baland nuqta bo‘lib, avvaliga 1901 yilda o‘ldirilgan prezident Uilyam Mak-Kinli sharafiga nomlangan. Ammo 2015 yilda Barak Obama Mak-Kinlini mahalliy amerikaliklar foydalanadigan Denali nomiga o‘zgartirgan edi. Bu Alyaskada yashovchi aholining talabi va ikki asosiy partiya vakillari qo‘llovi bilan ro‘y bergandi.

«Biz xohlayotgan yagona narsa — bu AQSh hukumatining Meksika ko‘rfazi nomini Amerika ko‘rfazi nomiga o‘zgartirish borasidagi farmoni ijrosi ta’minlanishidir. Farmonda faqat AQSh kontinental shelfiga to‘g‘ri keladigan qismi tilga olinadi, chunki hukumatda butun ko‘rfaz nomini o‘zgartirish vakolati yo‘q», — deydi Sheynbaum.

Meksika prezidenti agar shtat, tog‘ yoki ko‘l nomi o‘zgartirilganida hech qanday e’tiroz bildirilmagan bo‘lishi, ular o‘z hududini xohlaganidek atashlari mumkinligini ta’kidladi. «Ammo Meksikaga taalluqli qismini o‘zgartirib bo‘lmaydi», — deydi.

Mavzuga oid