O‘zbekiston | 21:05 / 11.05.2025
1974
2 daqiqa o‘qiladi

Tehronda O‘zbekiston-Eron biznes forumi o‘tkazildi

Forum doirasida bosh vazir Abdulla Aripov va Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif so‘zga chiqib, 1 mlrd dollarlik loyiha portfeli va savdo kelishuvlari shakllantirilgani qayd etildi.

Foto: Bosh vazir matbuot xizmati

Bugun, 11 may kuni Tehron shahrida O‘zbekiston—Eron biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Uning ochilishida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif so‘zga chiqdi.

Qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 500 million dollarga yetgan, qo‘shma korxonalar soni 210 dan oshgan.

«Mavjud zaxiralar chuqur tahlil qilinib, yangi o‘sish nuqtalari belgilandi, umuman olganda, 1 milliard dollarlik loyiha portfeli va savdo kelishuvlari shakllantirildi», — deyiladi xabarda.

Abdulla Aripov o‘z nutqida qatnashchilar e’tiborini O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida biznes muhitini yaxshilash, xorijiy sarmoyadorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, o‘tgan davrda yalpi ichki mahsulot 2 barobar o‘sgani, yaqinda Xalqaro valuta jamg‘armasi mamlakat yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqlagani ta’kidlandi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda 70 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zgartirilgani, mamlakatda mineral resurslar va noyob foydali qazilmalarning katta zaxirasi mavjudligi, valuta bozori liberallashtirilib, daromadlarni repatriatsiya qilish bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlangani qayd etildi.

Tadbirda O‘zbekistonda dunyodagi ko‘plab davlatlar bilan imtiyozli savdo tizimiga ega ekani ma’lum qilinib, eronlik ishbilarmonlar Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi sanoat zonalari imkoniyatlardan keng foydalanishga taklif etildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston—Eron biznes forumida qatnashish uchun mamlakatdan 100 nafardan ziyod tadbirkorlar, vazirlik va idoralar vakillari o‘zlarining turli yo‘nalishdagi ilg‘or taklif va tashabbuslari bilan qatnashib, B2B shaklda muzokaralar olib borgan.

Mavzuga oid