O‘zbekiston | 19:00 / 12.05.2025
1631
14 daqiqa o‘qiladi

E-Huquqshunos tizimi quyi bo‘g‘indagi davlat idoralarining ishini yengillashtirdi

Adliya vazirligi tomonidan “Unicon-Soft” bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan tizim orqali davlat organlari va tashkilotlarining quyi bo‘g‘inida yuridik masalalar bo‘yicha ish yurituvi to‘liq raqamlashtirilib, qog‘ozbozlikka barham berildi. Natijada qabul qilinayotgan hujjatlarning sifati oshib, qonunlarga muvofiqligi ta’minlandi, jarayon avtomatlashgani bois inson omili tufayli kelib chiqadigan xatolarning oldi olindi, uzluksiz texnik qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yilgani hisobiga ish yuritish osonlashdi, demoqda foydalanuvchilar

Adliya vazirligi Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh maslahatchisi Musoxon Mehmonovning ta’kidlashicha, E-Huquqshunos elektron tizimini joriy etilguncha bo‘lgan davrda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yuridik tusdagi hujjatlarni qayta ishlash, ularga huquqiy xulosa tayyorlash, talabnoma va da’vo arizalarini yuritish kabi jarayonlari muvofiqlashtiruvchi yaxlit platforma mavjud bo‘lmagan. Bu esa yuridik xizmatlar xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarni yetarlicha baholash, xodimlar faoliyatini tahlil qilishga imkon bermagan.

“Davlat organlari tomonidan ishlab chiqiladigan hujjatlar loyihalarini iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, respublika miqyosida huquqni bir xil qo‘llash masalasi hamisha dolzarb bo‘lib kelgan. Shu maqsadda davlat organi va tashkilotlarida yuriskonsult lavozimi, yuridik xizmatlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq, turli obektiv va sub’yektiv omillar davlat organlari va tashkilotlarining tuman darajasidagi bo‘linmalariga talab darajasida yuridik xizmat ko‘rsatish imkonini bermadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5168-sonli qarori qabul qilinishi ortidan yuqoridagi muammo o‘z yechimini topdi. Hujjatga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)larida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi.

Bu esa quyi bo‘g‘indagi davlat organlari va tashkilotlariga sifatli va professional huquqiy xizmat ko‘rsatish, ish yurituvidagi hujjatlarni birxillashtirish imkonini berdi. Bundan tashqari, shu paytgacha yuridik xizmat bilan ta’minlanmagan 21 mingdan ortiq davlat organi va tashkilotining tuman (shahar) bo‘linmalari, davlat umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalari qamrab olindi”, deydi Musoxon Mehmonov.

Bugungi kunda davlat idoralarining hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va qabul qilish jarayonlari E-huquqshunos” elektron tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Natijada yuridik xizmat ko‘rsatiladigan quyi bo‘g‘indagi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash, ularga malakali yuridik yordam ko‘rsatish, davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish amaliyoti shakllantirildi.

“E-huquqshunos” tizimi quyidagi imkoniyatlarni taqdim etmoqda:

  • 20 ta vazirlik va idoralarning quyi bo‘g‘inlari, davlat tasarrufidagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarga masofadan turib markazlashgan, sifatli va professional yuridik xizmatlar ko‘rsatilmoqda;
  • elektron tizimga shartnoma, buyruq va boshqa yuridik tusdagi hujjatlar kiritilgan hamda ulardan erkin foydalanish mumkin, bu esa yuridik ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlarga qulay hisoblanadi;
  • tashkilotlar hamda yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari o‘rtasidagi munosabatlar to‘liq elektron shaklda amalga oshirilyapti;
  • tizimda ko‘rsatilayotgan yuridik xizmatlar bo‘yicha elektron statistika va boshqa hisobotlarni olish avtomatlashtirildi;
  • talabnoma, da’vo arizalarini ishlab chiqish va yuritish bevosita tizimning o‘zida amalga oshiriladi;
  • qabul qilinayotgan hujjatlarning loyihalarida korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘yilmayapti;
  • yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarga nisbatan o‘tkaziladigan tekshirishlarda masofaviy tarzda ishtirok etish hamda ularga huquqiy maslahatlar bera oladi;
  • Adliya vazirligi tomonidan elektron tizim orqali tuman (shahar)larida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarida ishlayotgan har bir xodimning faoliyatiga baho berilishi uchun imkoniyat yaratilgan.

Musoxon Mehmonovga ko‘ra, yuqoridagi masalalar 2021 yilgacha katta muammo bo‘lgan, aynan “E-huquqshunos” elektron tizimi joriy etilishi natijasida ularga yechim topilgan.

Ta’kidlash kerakki, “UNICON-SOFT” MChJ tomonidan “E-huquqshunos” tizimiga ulangan respublikamizning 208 ta tuman va shaharlaridagi davlat organlari va tashkilotlariga ular joylashgan hududning o‘zida zarur texnik xizmatlar va ko‘mak ko‘rsatilib kelmoqda. Buning uchun butun respublika miqyosida olti yuz nafardan ortiq xodim biriktirilgan.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistondagi davlat tasarrufidagi barcha umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarga “E-huquqshunos” tizimi orqali markazlashgan yuridik xizmat ko‘rsatib kelinyapti. Shu paytga qadar ushbu muassasalarning mas’ul xodimlarini tizimdan to‘laqonli foydalanishga o‘rgatish maqsadida muntazam ravishda o‘quv seminarlari o‘tkazildi, foydalanuvchilarning tizimdan erkin foydalanishi jarayonida yuzaga keladigan tushunmovchiliklarni zudlik bilan hal qiluvchi mexanizm ishga tushirildi.

Bevosita raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, “E-huquqshunos” tizimi orqali 2024 yil davomida respublikadagi barcha yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarga jami 8 854 540 ta hujjat kelib tushgan (mazkur raqam 2023 yilga nisbatan 13 foizga ko‘p). Shundan ijobiy xulosalar – 8 360 320 ta (2023 yilga nisbatan 14 foizga oshgan), salbiy xulosalar – 87 237 ta (2023 yilga nisbatan 43 foizga kamaygan).

Keling, endi hujjatlarning elektron shaklda yuritilishi natijasida nimalar tejab qolinayotganini hisob-kitob qilib ko‘rsak. “E-huquqshunos” tizimi orqali hujjatlar elektron shaklda yuborilishi natijasida 2024 yil davomida tizim orqali qabul qilingan va ko‘rib chiqilgan 8 854 540 ta hujjat o‘rtacha uch varaqdan iborat bo‘lgan deb olinsa, taxminan 27 174 094 varaq (135,87 tonna) qog‘oz sarflanishining oldi olingan (lekin ko‘pincha hujjatlar bir yoki ikki varaqdan iborat bo‘lmasligi, aksar hujjatlarning ilovalari bo‘lishi, shuningdek, qog‘oz shaklida hujjatlardagi kamchiliklarni ular bir necha marta chop etilishi inobatga olinsa, tejab qolingan qog‘oz miqdori bundan ancha ko‘p ekani oydinlashadi).

1 varaq qog‘ozni printerdan chiqarish uchun taxminan 0,01 kVt-soat energiya sarflanadi deb hisoblasak, 27 million varaqdan ko‘proq qog‘ozni chop etish uchun 271 mVt-soat elektr energiyasi tejalishi mumkin. Bugungi kunda davlat idoralarida eng ko‘p foydalaniladigan uchtasi birda printerning katridji o‘rtacha 1600 varaq qog‘oz uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 27,1 mln varaq qog‘ozni chop etish uchun katrijlarni qariyb 17 ming marta buyoq bilan to‘ldirish talab etilardi.

Shu bilan birga, elektron shaklda hujjatlar bilan ishlash orqali transport xarajatlari, arxivlash va saqlash bilan bog‘liq infratuzilma talablari ham qisqargan. Bu orqali davlat budjetiga va fuqarolarga qo‘shimcha moddiy foyda keltirilgan. ​

Tizim faoliyatini takomillashtirish yuzasidan Adliya vazirligidan “UNICON-SOFT” MChJga muntazam ravishda takliflar kelib turadi. Ana shu takliflar asosida 2023 yilda “E-huquqshunos” elektron tizimining yanada takomillashgan, qo‘shimcha imkoniyatlarga va qulay interfeysga ega yangi talqini ishlab chiqildi. Joriy etilgan yangiliklar mazmun-mohiyati barchaga tushunarli bo‘lishini ta’minlash maqsadida yuridik xizmat markazlari hamda huquqiy xizmat ko‘rsatiladigan tashkilot xodimlari uchun “E-huquqshunos” elektron tizimidan foydalanish bo‘yicha videoqo‘llanmalar tayyorlanib, tizimga joylashtirildi.

Bundan tashqari, tashkilotlar tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatish huquqiy xulosalari ustidan elektron tizimi orqali shikoyat berish va appelyatsiya tartibida ko‘rib chiqish mexanizmi joriy qilindi. Mexanizmga ko‘ra, apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan shikoyatlarni asosli yoki asossiz ekanligini tasdiqlagandan so‘ng markazlarga tizim orqali javob xati jo‘natiladi. Tashkilotlar shikoyatlarga berilgan javob xatlaridan norozi bo‘lgan taqdirda tizim orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Adliya vazirligiga murojaat qilish imkoniyatiga ega.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi taklifi asosida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari va yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar o‘rtasida xabar almashish uchun onlayn “chat” yaratildi. Mazkur chat yordamida tizim foydalanuvchilari o‘zaro yozishishi, fayllar almashishi mumkin.

“Dastlabki davrda yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan 12 turdagi davlat organlari va tashkilotlarining tuman darajasidagi bo‘linmalariga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lib, elektron tizimning imkoniyatlari ham aynan shu 12 ta tashkilotga moslangan edi. Bugungi kunda esa markazlar tomonidan o‘rtacha 100 dan ortiq tashkilotlarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Tashkilotlar sonining ko‘payishi tizimning quvvatini oshirish, unda mavjud hujjatlar loyihalarining turini ko‘paytirish taqozo qildi. “E-huquqshunos”ning yangilangan talqinida ana shu masalalar o‘z yechimini topdi”, deydi Musoxon Mehmonov.

Adliya vazirligi tashabbusi bilan “E-huquqshunos” elektron tizimida hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish Meta usuliga o‘tkazilmoqda. Bu orqali davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari yuridik tusdagi hujjat loyihasini to‘lagigacha ishlab chiqmaydi. Balki loyiha bo‘yicha kerakli bandlarnigina to‘ldiradi. Qolgan jarayonlar avtomat ravishda amalga oshiriladi.

Bunda tashkilot tomonidan xodimning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) kiritilganda kerakli barcha ma’lumotlar avtomat ravishda shakllantiriladi. Qolaversa, tizim Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini tugatganligi to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlar bazasi – “diplom.edu.uz” tizimi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Yagona milliy mehnat “my.mehnat.uz” tizimi, “Davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarishga oid faoliyatini raqamlashtirish axborot tizimi – hrm.argos.uz, FHDYo ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, mazkur qulayliklar tufayli hujjat loyihasini ishlab chiqish hamda ularga xulosa berishga sarflayotgan vaqt tejalishiga xizmat qilmoqda.

Marg‘ilon shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Qahramon G‘iyosov “E-huquqshunos” elektron tizimi hujjatlar loyihalarining qonunlarga muvofiqligini tez va oson ko‘rib chiqish imkonini berayotganini ta’kidlaydi.

“Elektron tizim orqali yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar bilan masofaviy ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Platformada foydalanuvchilarning barcha harakatlari ro‘y-rost ko‘rinib turadi, bu esa noqonuniy harakatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, elektron tizimga o‘tilishi natijasida davlat organlari va tashkilotlarida qog‘oz sarfi anchagina qisqardi.

“E-huquqshunos” orqali yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarning huquqiy hujjat loyihalari tez, oson va qonuniy ko‘rib chiqish imkoniyati yaratildi. Barcha jarayon shaffof bo‘lgani hisobiga markaz xodimlarining davlat organlari va tashkilotlarining yuridik hujjat loyihalari asossiz ravishda salbiy xulosa berish yoki rad qilishi monitoring yo‘li bilan bartaraf etilmoqda.

Ayniqsa, tizimning yangilangan talqinida hujjat loyihalari barcha xodimlarga teng taqsimlanadi. Natijada bu mehnat samaradorligi oshishiga xizmat qilmoqda. “E-huquqshunos”ning yangilangan talqinida loyihalarga ilova qilingan hujjatlarni saqlamasdan ham ko‘rib chiqish mumkin. Bu esa ilovalarni ko‘rib chiqishga sarflanadigan vaqt tejalishiga olib keldi.

Hujjat loyihasini ko‘rib chiqish muddati dastur tomonidan avtomat ravishda belgilanadi. Muddati o‘tadigan loyihalar alohida ranglar bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bu orqali muddatlarni o‘tkazib yuborilishining oldi olindi”, — deydi Qahramon G‘iyosov.

“Maktabgacha ta’lim tashkilotida ishlayman. Ilgari tekshiruv kelganda hujjatlardagi kamchiliklar, hujjatlarni yuritishdagi tushunmovchiliklar sabab ko‘plab muammolarga duch kelardik. “E-huquqshunos” elektron tizimi orqali mushkulimiz oson, og‘irimiz yengil bo‘lyapti.

Tizim foydalanuvchilar uchun ancha qulay qilib ishlangan. U orqali ovoragarchiliklarga barham berildi. Bundan juda mamnunmiz”, — deydi Marg‘ilon shahar 25-sonli MTT direktori Zulfiyaxon Otajonova.

“E-huquqshunos” elektron tizimini tashkilotlar faoliyatida samarali joriy etish, xodimlarga tizimdan foydalanishni ko‘llab-quvvatlash maqsadida respublikamizning 14 ta hududi, shuningdek, har bir tuman (shahar)larida “UNICON-SOFT” MChJ hududiy filiallari ishga tushirilgan bo‘lib, buning natijasida 1 000 dan ziyod ishchi o‘rinlari yaratilgan. Har bir tashkilotga alohida mas’ul xodim biriktirilgan bo‘lib, tashkilotlardan kelib tushgan taklif va e’tirozlar tezkor ko‘rib chiqilishi mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, “E-huquqshunos” elektron tizimi orqali respublikaning 208 ta tuman (shahar)idagi davlat tashkilotlari malakali yuridik xizmatdan foydalanish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu esa huquqni qo‘llash amaliyotida turli talqinlar va inson omili bilan bog‘liq xatolarga yo‘l qo‘yilishining oldini olmoqda, respublika miqyosida huquq bir xilda qo‘llanishini ta’minlamoqda. Barcha jarayonlar raqamlashtirilgani foydalanuvchilarning ham vaqti, ham naqdini tejamoqda.