O‘zbekiston | 10:04
2834
3 daqiqa o‘qiladi

“Mono-markazlarda o‘qitilgan 74 ming kishi ish bilan ta’minlanmagan” – deputat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Anvar Temirov parlament yig‘ilishida Bandlik vazirligi samarasiz ishlayotganini aytdi. Deputatga ko‘ra, vazirlik tomonidan budjet mablag‘lari samarasiz maqsadlarga sarflangan, kasb-hunarga o‘rgatadigan mono-markazlarda o‘qitilgan fuqarolarning 30 foizi ish bilan ta’minlanmay qolgan.

Foto: YouTube / Oliy majlis qonunchilik palatasi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan bajarilgan ishlarda kamchilik va muammolar aniqlangan. Bu haqda parlament yig‘ilishida deputat Anvar Temirov aytib o‘tdi.

“Vazirlikning asosiy funksiyasi aholini ish bilan band qilish, kambag‘allikdan olib chiqish bo‘ladi. Hisobotda keltirilgan raqamlar buning aksini ko‘rsatyapti. Kasb-hunarga o‘rgatadigan mono-markazlarda o‘qitilgan fuqarolarning 74 ming nafarga yaqini (30 foizi) ish bilan ta’minlanmasdan qolgan. Bundan tashqari, budjet mablag‘lari samarasiz maqsadlarga sarflangan. Aholi o‘qitilyapti-yu, lekin ish bilan ta’minlamay qolyapti yoki bo‘lmasa kerakli kasbga o‘rgatilmayapti. Buning eng qiziq joy shundaki, ba’zi tumanlardagi markazlar rejani to‘ldirish bilan band. Aksincha, bular kasbga o‘rgatish va ish bilan ta’minlashni maqsad qilishi kerak. Reja to‘ldirish uchun davlat budjetidan pul sarflamaslik zarur. Nega vazirlik o‘zining eng quyi qatlamigacha islohotni to‘liq yetkazib bormagan? Vazirlik reja to‘ldirish bilan ovora bo‘lsa, ertaga aholi oldida davlat rahbari olib borayotgan islohotlariga teskari yondashuv bo‘lib qolishidan qo‘rqmaydimi? Nega shuncha ajratilayotgan mablag‘lardan samarasiz foydalanildi, nima uchun shu kungacha buning oldi olinmadi? Ertaga deputatlar hududlarga chiqsa, fuqarolar oldida javobgarligimiz bor, ular savol berganda javob berishimiz kerak”, degan Anvar Temirov.

Bandlik vaziri o‘rinbosari Sirojiddin Boboqulov deputatning savoliga javoban oila uchun tatbiq qilinadigan kasblar rejali o‘quv dasturidan chiqarilganini bildirdi. 

“Prezidentning 2024 yil 4 oktyabrdagi qaroriga asosan vazirlik huzuridagi kasbiy ko‘nikma maktablari soni 75 tadan 65 taga muvofiqlashtirildi. O‘tkazilgan tahlillar natijasida 2022, 2023 yillar va 2024 yilning dastlabki olti oyida kasb-hunarga o‘qitilganlarning 30 foizi bandligi ta’minlanmay qolgan. Ularning asosiy qismini oshpazlik, qandolatchilik va tikuvchilik kasblariga o‘qitilganlar tashkil qiladi. Ishga joylashmaganlarning aksariyati xotin-qizlar bo‘lgan. Ular orasida turmushga chiqib ko‘chib ketganlar, uyda bola parvarishi bilan bandlari, olingan ko‘nikmalarni daromad keltiruvchi ishlarga emas, balki o‘z oilasi uchun tatbiq qilganlari aniqlandi. Bugungi kunga qadar vazirlik tizimida o‘qitish jarayoni yangilandi”, degan vazir o‘rinbosari.

Sirojiddin Boboqulovning qo‘shimcha qilishicha, oila uchun tatbiq qilinadigan kasblar rejali o‘quv dasturidan chiqarilgan. Ushbu yo‘nalishlarga faqatgina ish beruvchi talabiga asosan, ya’ni ish joyi aniq bo‘lgandan so‘ng o‘qitish boshlanadi.

Mavzuga oid