Yamal Messining yoshligidan kuchliroqmi?

Foto: Spors.ru
«Barsa»ga qarshi birinchi o‘yindan keyin «Inter» ustozi Simone Indzagi 17 yoshli Lamin Yamalga hozircha eng yorqin maqtovni aytdi: «Bunday iste’dodlar 50 yilda bir marta paydo bo‘ladi. Bu fenomen». Bu bilan Simeone Laminning iste’dodini Leo Messi bilan bir pog‘onada emas, balki undan ham yuqori qo‘yadi.
Bunga javoban Hans-Diter Flik biroz kamtarona so‘zladi, ammo uning bahosi ham baribir juda yuqori edi: «Birgina iste’dod yetarli emas - hatto daholar uchun ham. Ronaldu, Messi va boshqa buyuklar darajasiga yetish uchun juda ko‘p ishlash kerak. Keling, sokinroq bo‘lamiz. Laminning o‘yinidan juda mamnunmiz. Uning 17 yoshdagi o‘yini darajasi tasavvurga sig‘maydi!»
Chempionlar Ligasi yarimfinalidagi o‘yinlar va klasikolardan so‘ng Lamin Yamal haqidagi muhokamalar yanada avj oldi, o‘zbek jurnalistlari va muxlislari ham uni Leo Messi bilan qiyoslay boshladi. Aslida butun dunyodagi mutaxassislar bunday solishtirishni boshlab yuborgan. Xususan, rossiyalik tahlilchi Vadim Lukomskiy o‘z uslubida mavzuga chuqurroq kirishni lozim topdi.
Kimlar va nega Messi va Yamalni solishtirmoqda?
Bu ikki futbolchi solishtirilgan iqtiboslarni yig‘ib chiqish – imkonsiz yumush. Bu shunchalik ko‘payib ketdiki, bemalol to‘rt yuz sahifalik ilmiy ish yozish mumkin. Quyida eng qisqa va e’tiborli fikrlar keltiriladi.
Birinchilar, albatta, la masiyalik daholar edi. «Barselona» akademiyasining sobiq direktori Aureli Altimir tomonidan ikki yil oldin yozilgan matndan parcha:
«Yamal Messi emas, ammo hammadan ko‘ra eng yaqin. Agar u darvozaga o‘n marta zarba bersa, to‘qqiztasi aniq boradi. U jarima maydoni ichkarisida ham juda sovuqqon va 18-19 yoshli futbolchilarning xayoliga ham kelmaydigan ishlarni qila oladi. U tug‘ma iste’dod. Agar ehtiyotkorlik bilan yondashib, uning atrofidagilarni ham nazorat qilsak, juda muhim futbolchiga aylanadi».
O‘tgan yozda The Telegraph nashriga intervyu bergan Munir Nasraviy, Yamalning otasi undan ham oshirib yubordi – «Men o‘g‘limga ishonaman. To‘liq aminmanki, u butun yo‘lni bosib o‘tadi va Messidan ham buyukroq futbolchiga aylanadi».
Umuman, solishtirishlarni ikki turga ajratish mumkin. Birinchi navbatda, Messi o‘z davrining eng asosiy o‘lchovi sifatida olinadi va u orqali Yamal maqtaladi. Ikkinchi turdagi solishtirishlarda esa o‘yin uslubi va mayda detallar qiyoslanadi.
Birinchi toifadagi maqtovlar ichiga Tiyerri Anrini keltirish mumkin:
«Futbolda meni hayron qoldirgan jihat, sen doim boshqa Messi yoki Ronaldudan zo‘ri chiqmaydi deb amin bo‘lasan. Avvalroq kattalar ham Pele va Maradona haqida shunday deyishgan. Ammo keyin Yamal chiqib keladi».
«Menimcha, navbatdagi katta nom – Yamal. So‘nggi yigirma yilda bizda Messi va Ronaldu bor edi, endi Yamal tayoqchani ulardan olmoqda» – Ueyn Runi.
«Yamal mening aqlimni oldi. Yosh Runining paydo bo‘lishini eslayman. U ham o‘ziga xos ekani ilk kunlardan bilingandi, lekin hatto u ham bu darajada emasdi.
Pele jahon chempionati finalida ikki gol urgan, ammo u deyarli 18 yoshda edi. Hatto Messi ham o‘zining yuqori darajasiga yigirma yoshga borib chiqa olgandi.
Yamal esa juda va juda boshqacha. Biz hali ham oxirini ko‘rganimiz yo‘q. Shu darajadaki, hozirgi Yamal ham aqlimga sig‘mayapti» – Gari Lineker.
«Men Lamin Yamalga maftun bo‘ldim. Ajoyib o‘yinchi. Men uni futbol tarixidagi eng zo‘r futbolchi bo‘ladi, demoqchi emasman, lekin bo‘lishiyam mumkin. Messi bu yoshda qanday o‘ynagani esingizdami? O‘n olti yoshda-ya?» – Rio Ferdinand.
«Barselona»ning asosiy yutug‘i shundaki, ular Messi kabi futbolchiga o‘rinbosarni darhol topa olishdi. Messi bizning davr uchun asosiy figura. Yamal timsolida uning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan o‘yinchini topish unikal muvaffaqiyat» – Vensan Kompani.
«Har 20-30 yilda o‘ziga xos futbolchi paydo bo‘ladi. Messi hech kim bilan taqqoslab bo‘lmaydigan ilk futbolchi edi, ammo Yamalga qarab turib aytishim mumkin – u men ko‘rganlar ichida eng yaqini» – Devid Bekhem.
Yanada aniqroq ta’rif Sesk Fabregasniki:
«Messi va Yamal o‘rtasidagi solishtirishlarni tushunaman. Hammaning o‘z tarixi bor, lekin bu taqqoslashlar mutlaqo normal. Ayniqsa, qiyin davrlarni boshdan kechirgan «Barselona» muxlislarini ham tushunaman. Yamal o‘yinga hayratda qoldirish hissiyotini olib kiradi. Bu muhim. Jamoa qiyin ahvolda qolganida Messi asosiy planga chiqardi. Endi esa Yamal».
Tabiiyki, bu haqida qahramonlarimizning o‘zlari ham nimadir deyishgan.
«Messi bilan solishtirish? U tarixda eng zo‘ri, men esa endi o‘n yetti yoshga kirdim. Ammo bu menga motivatsiya beradi. Bor imkoniyatimni ishga solishga undaydi. Bu bosim menga yordam beradi», – deydi Lamin.
Leoning o‘zi esa yuqoridagilarning fikriga qo‘shilishini aytadi:
«Agar kimnidir tanlashim kerak bo‘lsa, Yamal haqidagi gapirayotganlarning fikriga qo‘shilaman. U – futbolning buguni. Shubhasiz uni buyuk kelajak kutmoqda».
Yana bir kesishuv bor: dekabrda Messi Yamalni Adidas’ning maxsus loyihasining birinchi qahramoni etib tanladi (unda Leo o‘nlab bo‘lajak superyulduzlarga maslahatlar beradi). Undan oldinroq esa aynan Messining qo‘ng‘irog‘idan keyin Lamin Nike’dan Adidas’ga o‘tgandi.
Uzviy bog‘liqlik va taqqoslashlardan qochib bo‘lmaslikning yakuniy argumenti esa – o‘sha mashhur cho‘miltirish fotosidir:
Yamal yosh Messiga statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha qanchalik yaqin?
«Shu paytgacha kim Messi bilan bu borada solishtirilgan bo‘lsa, yutqazgan. Ammo nega solishtirmalar bunchalik ko‘payib ketganini ham tushunaman. Lamin – chap tomondan markazga kirib boradigan chapaqay futbolchi, o‘yinida Messiga o‘xshash jihatlar bor», – degandi o‘z vaqtida Yamalga ustozlik qilgan Xavi.
Ayni damda Yamalni ko‘proq Messining ilk yillari bilan solishtirish mumkin. O‘shanda Messi ham o‘ng qanotga ko‘proq bog‘langan, individiual harakatlarga ko‘proq tayanar, xuddi hozirgi Yamal kabi yorqinroq ko‘rinardi.
O‘n yetti yoshdagi davrni taqqoslash ma’nosiz, u holda Messi ham, Ronaldu ham ancha yutqazadi, tan olish kerak, Yamalning chiqib kelishi ancha erta ro‘y bergani fakt. Taqqoslash uchun, Messining 2005/06 yillar mavsumini olamiz – aynan o‘sha mavsumdan boshlab unga to‘laqonli vaqt berila boshlandi. Shunda ham Yamalda daqiqalar ko‘proq (4188 ga 1417).
Messining gollari agar o‘rtacha har 90 daqiqaga hisoblasak ko‘proq, ammo shuni tushunish kerakki, Messi ko‘p o‘yinlarni asosiy tarkibda boshlamagan, asosan zaxiradan, charchab qolgan raqibga qarshi, osonroq o‘yinlarda qo‘shilgan. Lekin mana shu mayda detallarni e’tiborga olmasak ham, agar gol+pas bo‘yicha o‘lchasak, ustunlik Yamal tarafida:
Zarbalar soni bo‘yicha deyarli tenglik. Messida aniq zarbalar ko‘proq. Har 90 daqiqadan 4 tadan ortiq zarba – top ko‘rsatkich. Masalan, Yamalning ushbu mavsumdagi ko‘rsatkichlari La Ligada ikkinchi o‘rinda bo‘lishi uchun yetarli. Faqat Kilian Mbappeda yaxshiroq.
Kreativlik bo‘yicha allaqachon Yamal to‘kisroqqa o‘xshaydi. Messi keyinroq futbol tarixidagi eng zo‘r pleymeykerga aylandi, «o‘nlik» sifatida faoliyatini tugatmoqda, ammo ilk davrlarda u ham Yamal kabi nozikroq harakatlar qilolmasdi. Lamin raqib darvozasiga xavf solish bo‘yicha samaraliroq, yorqinroq.
Dribling bo‘yicha ikkovi ham yaxshi. Yamal muvaffaqiyatli aldab o‘tishlar bo‘yicha ustunroq, lekin agar raqib futbolchilarining qoida buzishlarini ham qo‘shsak, vaziyat tenglashadi.
Qoida buzishlar va driblinglarni qo‘shganda biz raqib himoyachilari tomonidan to‘xtatib qolinmagan vaziyatlarga ega bo‘lamiz. Leoda qoida buzib to‘xtatilish holatlari ko‘p, Yamal esa ko‘proq aldab o‘tgan. Buni zamondagi farqlar bilan ham izohlash mumkin. 2000-yillarda hakamlar yulduzlarni hozirgidek avaylashmagan, jazolar hozirgidek qattiq bo‘lmagan. Shuningdek, ayni paytdagi qanot himoyachilari ko‘proq boshqa vazifalar bilan ham mashg‘ul bo‘lib, 20 yil oldin aynan himoyalanish talablari ko‘proq edi, ya’ni Messi yanada kuchliroq qanot himoyachilari bilan to‘qnashgan.
Endi to‘pni qaytarib egallab olishdagi harakatlarini solishtiramiz. Yamal pressingda faol qatnashadi, u o‘ynayotgan jamoa total darajada to‘pga egalik qilishga asoslangan. Ammo yosh Messining ko‘rsatkichlari yanada kuchli ekani hayron qoldiradi.
Messining keyingi, himoyalanishda u qadar faol ishtirok etmagan varianti bilan ham solishtirganda farq sezilarli. Tan olish kerak, doim Messining to‘p uchun kurashlardagi harakatlari kuzatilgan, olqishlangan, e’tirozlar esa asosan to‘psiz doim ham faol emasligi, boshqa holatlar uchun o‘z kuchini asrashi bilan bog‘liq bo‘lgan. Faoliyatining ilk yillarida esa kuchni tejash borasida hech qanday gap yo‘q edi.
Shu bilan birga, kartinani to‘liq tushunish uchun Flik va Raykaard tizimidagi farqlarni ham aytib o‘tish kerak. Flikning «Barselona»si ko‘proq tashabbuskor va hujumkor, Raykaardniki ko‘p jihatdan katta farq bilan boy beradi. Ya’ni Yamalning ko‘p ustunliklarini yanada qulayroq shartlar va o‘yin uslubida o‘ynayotgani bilan ham izohlasa bo‘ladi. Lekin har qanaqasiga olsak ham 17 yoshli Yamal 18 yoshli Messidan ustunligi namoyon bo‘lmoqda.
Xulosa
Ikki obektiv va bir sub’yektiv yakunga borish mumkin.
1. Ayni damdagi Yamal yosh Messiga teng emas, sezilarli darajada ustunroq;
2. Shundan kelib chiqib, bu ketishda Yamal Messidan doim zo‘r bo‘ladi deb ham bo‘lmaydi, chunki faoliyatining keyingi bosqichlarida Messi boshqa ko‘p yangi qirralarini ochib borgan, pozitsiyalarini o‘zgartirgan;
3. Messi o‘lchov va mo‘ljal sifatida jozibali, ammo Yamal haqida gap ketganda eng mos deb ham bo‘lmaydi. Ha, tushunsa bo‘ladi, agar kimnidir maksimal darajada maqtamoqchi bo‘lsang, shunchaki «Messi» deb qo‘ya qolish mumkin. Ammo tan olish kerakki, bu zanjirda ko‘p ma’nolar yo‘qolib ketadi va shu tariqa maqtovlar haqqoniy bo‘lsa-da, bo‘sh bo‘lib qoladi.
Yamalning o‘zi asosiy kumir sifatida Neymarni, ilhom manbayi sifatida esa Ronaldinioni tilga olgan. Messining uslubi boshqacha, uning jozibasi dohiy minimalizmda ko‘rinadi. Barselona-brazil maktabi esa shunchaki go‘zallik uchun go‘zallik asosiga ham qurilgan. Ba’zida foyda keltirib, ba’zida keltirmasa-da, doim tomoshabinlarni futbolga oshufta etadi.
Balki Yamal ergashishi mumkin bo‘lgan futbolchi Neymardir? Iste’dodi va dastlabki yillarida Neymar ham Leodan qolishmasdi. Lamin ham Neymarga aylanishi mumkin. Faqat faoliyati bir tekis ketgan Neymarga...
Mavzuga oid

18:36 / 07.05.2025
Tajriba sinovi. «Barsa» nega yarimfinaldan o‘tolmadi?

15:10 / 01.05.2025
Ronaldu va Messi bir kunda yarimfinal o‘yinlarida yutqazdi

14:08 / 03.11.2024
MLSdagi omadli mavsum, JCh-2026 masalasi va futboldan keyingi faoliyat – Messi Romanoga katta intervyu berdi

16:09 / 31.10.2024