O‘zbekiston | 12:05 / 16.05.2025
1721
6 daqiqa o‘qiladi

Dehqonlarga issiq havoda ekinlarni parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar berildi

Shu kunlarda respublikada harorat o‘rtacha me’yordan +8...+10 darada yuqori darajada, ya’ni +41...+43 darajagacha issiq bo‘lmoqda.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Bunday ob-havo sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shunday ekan, jazirama issiqning stressli ta’sirini yumshatish uchun agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda o‘tkazish zarur.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi fermerlar va dehqonlarga qator tavsiyalarni berdi.

Jumladan, daladagi ishlarni ertalab soat 10:00 gacha bajarish, soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan issiq vaqt oralig‘ida esa ishlarni to‘xtatish, dala sharoitida ishlayotganlar uchun quyoshda qolgan plastik idishlardagi suvdan foydalanmaslik, tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslik aytildi.

Paxtachilikda

G‘o‘zani jazirama issiq va suv tanqisligiga chidamliligini oshirish uchun biostimulyatorlar, suspenziyalar, ammiakli selitra bilan oziqlantirish, tomchilatib sug‘orish, va qator oralariga mahalliy o‘g‘itlar bilan mulchalash tavsiya etiladi. Biostimulyatorlar va suyuq o‘g‘itlar (bor, molibden, rux, mis, temir, marganets, kobalt, azot, fosfor) bilan bargdan oziqlantirish, shuningdek, zararkunandalarga qarshi maxsus preparatlar qo‘llash zarur.

Dala chetidagi ariq, zovur, tut daraxtlari atroflari begona o‘tlardan tozalanib, 2-3% ISO qaynatmasi bilan ishlov berilishi kerak. Suv sepish mashinalari yordamida dala atrofida mikroiqlim yaratish hamda zararli hasharotlarning ko‘chishini oldini olish muhim.

Egatlab sug‘oriladigan maydonlarda o‘g‘itlar 2-4 chinbarg holatida 50 kg/ga azotli, shonalash davrida esa 75 kg/ga azotli va 50 kg/ga kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish tavsiya qilinadi. Tunda sug‘orish, tuproq namligini saqlash va suvning behuda bug‘lanishini kamaytirishga yordam beradi. Intensiv texnologiyada parvarishlanayotgan g‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish 3-4 soat davomida 100-120 m³/ga miqdorida tez-tez amalga oshirilishi kerak.

G‘allachilikda

Markaziy va shimoliy hududlarda g‘allaning o‘rtapishar va kechpishar navlarini ekilgan maydonlarni tunda sharbat usulida sug‘orish tavsiya etiladi. Tog‘ va tog‘ oldi hududlarida esa, havo harorati 30°C dan oshmagan paytlarda, ertalab soat 10:00 gacha yoki kechqurun 17:00 dan keyin biostimulyatorlar orqali bargdan suspenziya usulida oziqlantirish zarur.

Sholichilikda

Harorat 38–40°C dan oshganda tuproqni doimiy nam holda saqlash, ya’ni suv sathi 5–10 sm atrofida bo‘lishi lozim. Suv resurslarini tejash maqsadida rotatsion sug‘orish va tik quduq, zovur suvlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Shuningdek, o‘g‘itlash va stressga chidamli moddalardan foydalanish muhim:

Silikatli o‘g‘itlar (kaliy-silikat) sholini issiqqa chidamli qiladi va o‘simlik hujayralarini mustahkamlaydi.
Biostimulyatorlar (epin, tsirkon, megafol) o‘simlik stressini kamaytiradi.
Kompleks mikroo‘g‘itlar (bor, marganets, rux) fotosintezni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘sishni rag‘batlantiradi.

Sabzavotchilikda

Sabzavotlarning o‘sishi va rivojlanishi havo-tuproq haroratiga, fotosintez intensivligiga bog‘liq. Harorat 25–35°C gacha ko‘tarilganda fotosintez jarayoni kuchayadi, lekin 40–50°C ga yetganda butunlay to‘xtaydi. Pomidor, qalampir, baqlajon, bodring kabi issiqsevar o‘simliklar uchun 20–30°C harorat eng qulay hisoblanadi, ammo ular o‘ta issiqlikka chidamli emas. Qovun, tarvuz, qovoq, makkajo‘xori va loviya kabi ekinlar esa 30°C da yuqori assimilyatsiyaga erishadi, lekin 40-45°C dan yuqori haroratda o‘sish uchun qulay muhit bo‘lmaydi.

Jazirama issiqlikdan himoya qilish uchun tavsiyalar

Tunda sug‘orish: o‘simlikni tunda sug‘orish, namlikka bo‘lgan talabni to‘la qondirish.

Quyosh nuridan himoya qilish: o‘simliklarni quyosh nurlaridan himoya qilish va sun’iy salqinlik tashkil etish.

Agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri vaqtga joylashtirish: kun isigan davrida chopiq, begona o‘tlardan tozalash kabi tadbirlarni amalga oshirmaslik.

Issiqlik stressi sharoitida o‘simliklarning yetarli ozuqa moddalari bilan ta’minlanishi muhimdir. Kaliy, fosfor va azot bilan barg orqali oziqlantirish o‘simliklarning sog‘lom, tez va samarali o‘sishiga yordam beradi.

Uzun muddatli yuqori harorat meva-uzum navlarining o‘sishini va hosildorligini kamaytirishi mumkin. Bunday sharoitda, tomchilatib sug‘orish usuli o‘simliklar uchun eng samarali usul hisoblanadi, chunki bu suvni aniq va samarali taqsimlash, tuproqda namlik balansini saqlashga yordam beradi.

Tavsiya etilgan choralar

Tomchilatib sug‘orish: bu usul suvning samarali taqsimlanishini ta’minlab, o‘simliklar stressini kamaytiradi.

Yomg‘irlatib sug‘orish: mevali bog‘larda yomg‘irlatib sug‘orish usuli, suvni yerdan bir tekis taqsimlash va mineral o‘g‘itlarni erigan holda berish imkonini beradi.

Sug‘orish vaqtlarini belgilash: sug‘orish kunning issiq vaqtlarida emas, balki ertalab yoki kechqurun amalga oshirilishi, har 3-5 kunda har bir tup daraxtga 15–25 litr suv berilishi tavsiya etiladi.

Qo‘shimcha himoya usullari:

Soyabonlar (agrovolokno, to‘rlar): o‘simliklarni ultrabinafsha nurlardan himoya qilish va haroratni pasaytirish uchun soyabonlardan foydalanish mumkin.

Mineral o‘g‘itlar: fosfor va kaliyga boy o‘g‘itlar o‘simlikning issiqqa chidamliligini oshiradi va stressga qarshi kurashishga yordam beradi.

Barg orqali oziqlantirish: epin, sirkon kabi bioo‘g‘itlar bilan barglardan oziqlantirish o‘simliklarni stressga qarshi mustahkamlaydi.

Meva yig‘ish vaqti

Erta tongda yig‘ish: mevalarni erta tongdagi salqin davrda yig‘ib-terib olish tavsiya etiladi.

Mavzuga oid