Jamiyat | 12:35
10799
4 daqiqa o‘qiladi

Kimlar qachon va qanday qon tahlillari topshirishi kerak?

Qon – inson organizmidagi eng muhim suyuq to‘qima bo‘lib, uning asosiy qismini kichik qon tanachalari tashkil etadi.

Aynan ushbu elementlarning soni, shakli va funksiyasiga ko‘ra, tanadagi turli yallig‘lanishlar, anemiya, onkologik kasalliklar, immun tizimi va tromboz kabi patologik o‘zgarishlar haqida barvaqt ma’lumot olish mumkin.

—  Qon tahlillari topshirish – har bir inson uchun o‘z salomatligini baholash va nazorat qilishda muhim jarayon hisoblanadi, — deya Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Orifjon Aripovning so‘zlarini keltiradi SSV matbuot xizmati.

— Jumladan, bunday tekshiruv usullari yuqumli va surunkali kasalliklar, infeksiyalar (masalan, viruslar yoki bakteriyalar), diabet, gepatit hamda OIV kabi xavfli xastaliklarni erta bosqichda aniqlash imkonini beradi.

Buyrak, jigar, yurak va qalqonsimon bez kabi a’zolar faoliyatini tekshirish, temir, B12, D kabi vitamin hamda boshqa muhim moddalar miqdorini bilish ham aynan ushbu tahlillar yordamida qulay amalga oshiriladi. Qolaversa, bunday tekshiruvlar orqali qon bosimi, qand miqdori va xolesterinni nazorat qilish, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini erta aniqlash hamda ularning oldini olish mumkin.

Shuningdek, laborator qon tahlillari dori vositalari samaradorligini baholash va ularning organizmga ta’sirini kuzatishda ham juda muhim.

Shu bois shifokor ko‘rsatmasi bilan birlamchi tibbiyot muassasalari orqali qon tahlillari topshirish zarur. Bunda Sog‘liqni saqlash vazirligining davolash protokollari asosidagi laborator tekshiruvlar tavsiya etiladi.

Jumladan:

Sog‘lom insonlar (profilaktika maqsadida):

Yilda 1 marta quyidagi asosiy qon tekshiruvlaridan o‘tishi kerak:

  1. umumiy qon tahlili (UQT – umumiy qon tahlili);
  2. qon bioximiyasi (jigar, buyrak, qand, xolesterin va h.k.);
  3. qonda qand miqdori (glyukoza);
  4. xolesterin va lipid profili;
  5. qonda temir miqdori va gemoglobin;
  6. D va B12 vitamini (agar simptomlar bo‘lsa).

Surunkali kasalligi bor insonlar (masalan, diabet, gipertoniya, yurak xastaliklari):

Yilda 2–4 marta yoki shifokor tavsiyasiga ko‘ra, qon tahlillari topshirishi lozim.

Homilador ayollar:

Homiladorlik davrida tahlillar shifokor tavsiyasi bilan har 3 oyda kamida 1 marta, ba’zan har oyda topshiriladi.

Yoshi katta insonlar (50 yoshdan yuqori):

Yilda 1–2 marta to‘liq laborator tekshiruvlardan o‘tishi kerak. Sababi insonning yoshi ulg‘aygani sari xavf omillari ham ortib boradi.

Alohida simptomlar paydo bo‘lsa:

Quyidagi holatlarda darhol qon tahlillari topshirish tavsiya etiladi:

  • charchoq, ko‘ngil aynishi, to‘satdan ozib ketish;
  • teri oqarishi yoki sarg‘ayishi;
  • ishtaha yo‘qolishi;
  • harorat ko‘tarilishi;
  • notekis yurak urishi yoki nafas qisishi.

Mavzuga oid