O‘zbekiston | 11:23
7825
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda daraxt bosib qolgan bir kishi vafot etdi

17 may kungi kuchli dovuldan keyin shifoxonaga daraxt bosib qolgan ikki bemor olib kelingandi.

Foto: FVV

Toshkentda sodir bo‘lgan kuchli shamol oqibatida daraxt fuqaroni bosib qoldi. Bu haqda Milliy telekanalining «Millar» dasturida xabar berildi.

Shifokor Murod Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonaga daraxt bosib qolgan ikki nafar bemor olib kelingan. Ulardan biri og‘ir ahvolda olib kelingan va shifoxona qabulxonasida vafot etgan.

«Ikkinchi bemorimizda bosh-miya jarohati mavjud. Uzoq muddatli jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Hozirda bemorning ahvoli stabil-og‘ir, reanimatsiya bo‘limida davolanmoqda», – dedi shifokor.

Lavhada, shuningdek, daraxtlar Spark va avtobus ustiga qulab tushgani ham aytiladi.

Eslatib o‘tamiz, 17 may kuni soat 19:00 atrofida Toshkentda ob-havo keskin o‘zgargandi. To‘satdan musaffo osmon qorong‘ilashdi, kuchli shamol chang-to‘zonlarni olib keldi. Ko‘chalardagi chang, barg va chiqindilar havoga ko‘tarildi. Ba’zi joylarda tomlar uchdi, daraxtlar qulab tushdi.

Bu vaqtda Toshkent shahri havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha dunyoning yirik shaharlari orasida birinchi o‘ringa chiqdi. SSV bu vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslikka chaqirdi. Zarurat sezganda «103» xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, tibbiy yordam olishlari mumkinligini bildirdi. Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi ham chang payti tashqariga chiqmaslikni, ko‘chaga chiqqanda tibbiy yoki respirator taqishni so‘radi. Uyda havo namlagichlardan foydalanish yoki xonaga ho‘l sochiq ilib qo‘yish, ko‘proq suv ichish tavsiya etildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqa xizmatlar daraxtlar bilan birgalikda daraxtlar va ularning shoxlari qulashi oqibatlarini bartaraf etayotgani, jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘qligini xabar qildi.

Mavzuga oid