Sport | 08:00 / 09.05.2015
13432
19 daqiqa o‘qiladi

Messi Maradonadan zo‘rmi?

“Kamp Nou”dagi supero‘yindan so‘ng Leonel Messi futbol ommasini larzaga soldi. Internet olami Messi nomi bilan “portladi”. Ikki golni gapirib o‘tirish shart emas. Jahon chempionatida qolib ketgan alamlarini to‘kib sochdi Leo. “O‘zga sayyoralik”ning xatti harakatidan hayratga tushgan bir qator taniqli kishilar ham ajoyib ta'riflarini taqdim etishdi. Ana shu intervyulardan biri braziliyalik sobiq yulduz Leonardoga tegishli.

“Milan”ning gullagan davrlarida faoliyat yuritgan Leonardo “Messini Diyego Maradonadan kuchli”, deb e'lon qildi. Va buni u “fakt” bilan izohladi. Butun futbol ommasi argentinalik iqtidor egasining bugungi sport formasiga hayratlanib turganida, bu gap tabiiydek qabul qilindi va ko‘pchilik ushbu fikrga qo‘shildi ham. Lekin bu sarmastlik ozgina tarqagach, braziliyalik mutaxassisning gapini tahlil qiluvchilar ko‘paydi.

Leonardo bir paytlari “Milan”da o‘ynagan va Maradonaning afsonaviy o‘yinlarini ko‘rgan shaxs sifatida bu so‘zlarni gapirishga haqli, albatta. Biroq, yaxshilab o‘ylab ko‘rsam, bu fikr aslida nechog‘liq to‘g‘ri, undagi asos mezoni qanchalik kuchli, degan savollarga javob izlashga kirishdim. Javobni oddiy usulda izlasam ham bo‘lardi. Nimagadir boshqacharoq yondoshishga qiziqdim. Uni bir paytlari “Futbol”, Chempion” gazetalarida keng qo‘llangan “HA, YO‘Q” javobi orqali taqdim etishni o‘ylab qoldim. Muzaffar Mirzabekovning radioeshittirishida ishlatilishi mutlaqo mumkin bo‘lmagan bu ikki so‘z orqali, sarlavhamizda qo‘yilgan savolga javob topishga urinib ko‘raman. Ikki tomon qanday izohlayotganiga quloq solib ko‘rasiz, azizlar!

HA
Nega “Ha” bo‘lmasin? Messining o‘yinini ko‘ryapsizlarmi o‘zi? Olayotgan kuboklari, erishayotgan yutuqlari va gollari sonini bilsangiz kerak har holda. Moziyga qaytib ish ko‘rishga haddan tashqari sho‘ng‘uvchilar Maradonaning onda-sonda amalga oshirgan buyuk ishlarini ro‘kach qilib, “o‘zga sayyoralik” yulduzni undan pastda ko‘rishga intiladilar. Aslida esa qanday?

Maradona Argentina terma jamoasi tarkibida zo‘r o‘ynagan, buni inkor qilmaymiz. Biroq, Messi ham bu borada o‘z iqtidorini ko‘rsatib qo‘ydi. Jamoaviy o‘yinga ixtisoslashgan va o‘ta kuchli futbol namoyish etgan raqibga yengilmaguncha, yo‘lidagi hamma jamoani yer tishlatishda ishtirok etdi. Eng qiyin paytlarda jamoa yetakchisi bo‘la oldi. To‘g‘ri, xarakter e'tibor bilan Diyegoga o‘xshab yetakchilikni namoyishkorona ko‘rsatmas, ammo bugungi Argentinaning yetakchisi aynan u ekanligini hamma ko‘rdi. Raqib juda kuchliligini hisobga olib (Braziliyani nima qilib tashlaganini ko‘rdingiz!) Messi mundialda ham namunali o‘yin ko‘rsata oldi, deyishga asoslarimiz yetarli.

Vaqti kelganida, Maradona ham yengilgan o‘sha Germaniyadan mag‘lubiyat qabul qilindi, lekin xuddi Maradonaga o‘xshab kelajakda yengishi ham mumkin. Leo - hali yosh. Shu bois, terma jamoadagi solishtiruvlarda ham Messi Maradona darajasiga ko‘tarilib bo‘ldi, deyishga asoslarimiz yetarli. Ayting-chi, Maradona davridan keyin kim jamoani shu qadar qo‘lga ola bildi va mundial finaligacha yetaklab kela oldi? Hech kim. Faqat Messi!

Terma jamoa masalasini gaplashdik. Klublardagi faoliyat va yil o‘yinchisi masalasidagi holatlarda Maradona tomonidan turib gapiradiganlar hech narsa qila olmaydilar endi. Agar faoliyatidagi gollar borasida gap ketganida, Messi mutlaq ustozini ortda qoldirishi turgan gap. Va eng muhimi, Messidagi buyuklik uning eng yuqori nuqtada qariyb o‘n yillar davomida bir xil, o‘zgarishsiz, stabil o‘ynayotganligidadir. Buni tan olmaslikning iloji yo‘q. Har hafta Messi gol uradi, har hafta dunyo ahli uning yangi bir fintini ko‘radi. Har hafta! O‘n yildan beri, tasavvur qiling! Bu nima? Fantastika bo‘lmay, nima?

Messi futbol tezlashgan davrda, himoyachilar butunlay boshqacha uslubda o‘ynayotgan og‘ir sharoitlarda va dunyoning eng kuchli chempionatida o‘ynayotganligini hisobga olsak, har hafta bu ishlarni amalga oshirishi buyuklikdan o‘zga narsa emas. Odamlar Messining bu ishlariga o‘rganib qolishdi. Maradona esa bunday ishlarni yilda bir, vaqti kelsa, ikki yilda bir qilgani uchun o‘shanda qattiq qadrlashgan. Leo esa bunday harakatlarni oddiylik darajasiga tushirib qo‘ydi. Bo‘lsa, uning “aybi” shu!

Va nihoyat, 4 marotaba “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishi. Hatto mundiallar va Yevropa chempionatlari o‘tkazilgan yillarda ham uni indamay qo‘lga kiritishi, ishonavering, daholigidan darak. Murabbiylar ahmoq emaslar. Ular Messining yil davomidagi “sehrli” o‘yinlarini kuzatishgan va o‘z anketalarida ilojsiz “LeO” deb yozishgan. Ularni hech kim majburlamagan. Ular futbolni chuqur tushunganlaridan, o‘z jamoalarida kimni ko‘proq ko‘rishni istaganlaridan aynan Messi variantiga kelib, to‘rt bora to‘xtab qolaverishgan. Messi ularni shu ishga majbur qilgan. O‘zining supero‘yinlari bilan, butun futboldan ustunligi bilan.

Suares, Neymar singari har davrda daho bo‘la oladigan yulduzlar uning soyasida qolib ketayotgani ham yaqqol ko‘rinmoqda. Hozir Inesta va Xavi bilan emas, shular bilan ham yuksak o‘yin ko‘rsatmoqda Messi. Shuni ham inobatga olib qo‘ying “Leoni eski barsachi jo‘ralarisiz hech narsa qila olmaydi” deydiganlar.

“Barsa”ning har o‘yiniga qarang. Suares va Neymar uning bir o‘zi qilgan ishini takrorlab, unga ulgura olishmayapti. Messi buni xuddi hech narsa bo‘lmagandek, oddiy yumushdek amalga oshirmoqda. Bu nima? Bu fantastika bo‘lmay, yana nima bo‘lishi mumkin? Shu bois, Leonardo to‘g‘ri aytgan: “Messi Maradonadan kuchli, endi kuchli... Bunga qo‘shilmaslikdan boshqa chorangiz yo‘q!”

YO‘Q
Messi hali Maradona darajasiga chiqa olmagan. Bizningcha, chiqa olmaydi ham. Chunki Diyegodagi matonat, uning gollaridagi did, muhimlik eng yuqori cho‘qqiga chiqqan. Messini bugun maqtayotganlar uning gollari soniga, olgan sovrinlari soniga e'tibor qaratishmoqda. Bu masalada ehtimol u ustozini ortda qoldirar. Biroq, futbol tahlili, yulduzlik darajasi sonlarga qarab olinmaydi. Messi hech qachon Maradona siymosiga yeta olmacligining eng asosiy jihati ham qayerda o‘ynashiga bog‘liqligi bilan izohlanadi. Leo yoshligidan “Barsa” yulduzi, butun jamoa uning iqtidoriga qurilgan. Uning hayoti bu klub bilan chambarchas bog‘liq. Yo‘q, bu uning sadoqatidan emas, balki Messining bir jamoa uslubiga qorishib ketganligidan. Messining “pachkalab” urib tashlayotgan gollarini tahlil qilsangiz, juda ko‘pi raqib jamoa butunlay sindirilgan paytda kiritilganligini ko‘rasiz. Bu avvalambor “Barselona” tarkibining juda kuchliginini ko‘rsatsa, ikkinchidan yetakchilik hatto shu jamoada ham yillar davomida asosan boshqalarning qo‘lida bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Har yili La-liga o‘yinlari tugagach, Messi va Ronalduning urgan qirqlab, elliklab gollarini olib tashlab, turnir jadvali tuzilganiga ko‘p bora ko‘zingiz tushgan. Bu ikki dahoning gollari ko‘p ham ochko keltirmaganini ham ko‘rgansiz. Inkor etmaysiz. Demakki, juda ko‘pi raqib yanchib tashlangan paytlari kiritilgan. To‘g‘ri, bu borada Messi Ronaldudan foydaliroq, ammo kechirasizu, Maradonadan emas.

Messi zamonaviy robotlashgan futbolning yaqqol namunasiki, uni faqat bir jamoada buyuk holda ko‘ramiz. Hatto klub darajasida ham Messi eng qiyin paytda va ayniqsa, jamoa kuchsiz holda qolganida hech narsa qila olmasligi ko‘p bora tasdiqlangan.

Gap yo‘q, u stabil. O‘n yillar davomida bir xil futbol ko‘rsatadi. Bunga qo‘shilamiz. Messi bugungi futbolchilar ichida daho. Bugungilar ichida qirol. Ha, faqat bugungilar ichida. Uni tarixni yig‘latgan daholar bilan solishtirishda, o‘sha daholarni daho qilgan eng asosiy jihatni esdan chiqarib qo‘ymaslik kerak. Xo‘sh, bu jihat nima?

Maradonani eslaganda yo hozirda o‘yinlarini ko‘rganimizda, uning oltin harakatlari biror bir libosda o‘zgarmaganiga guvoh bo‘lamiz. “Barsa”da bir yil o‘ynagan Maradona ham shu, Argentina termasidagi Maradona ham shu, “Napoli”dagi Maradona shu! Messini zo‘r deguvchilar Maradonaning buyuk ishlari onda-sonda qilganligini aytishadi. To‘g‘ri. Onda-sonda qilgan. Lekin qanday ishlarni? Gap shunda. Futbolchining asl yuzini belgilab beradigan Jahon Chempionatlarida qilgan. Tragediya... Drama... Melodrama... Triller... Jamiki janrlarni ko‘rishingiz mumkin uning mundiallarida!

Uning klubdagi faoliyatiga nazar tashlasak ham, Messidan zo‘rligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Leo ko‘p gol urgan o‘yinlarda, albatta, juda ko‘pida, butun “Barselona” porlagan bo‘ladi. Jamoaning o‘yini yulduzli bo‘lgan davrlarda Messining ham o‘yini chiqadi, buni statistika ham aytib turibdi. Shu bois bo‘lsa kerak, Leo faoliyatiga bag‘ishlangan 400ta golni ko‘rib ham, gollardan keyingi kechagidagidek “shaytonlab” nishonlashlarni deyarli ko‘rmaymiz... YeChL finallari, El Klassikodagi gollari va Eronga urgan JChdagi golida shu manzara guvohi bo‘lganmiz. Ana shu ehtiros Leo faoliyatida juda kamligi bois ham, Noyyerga urilgan kechagi ikki goli sal bo‘lmasa ilohiylashtirilmoqda bugun. Sharhlovchi ham aytdi, biz kamdan kam ko‘rganmiz Messining bunday nishonlaganini, deb. Ha, chunki uning gollari, aksar gollari kimga va qaysi holatda urilganini aynan Leo yaxshi biladi. Odam hissiyotidan kelib chiqib nishonlaydi golni. Endi tushungandirsiz nimaga “shaytonlab” qolganini”?!

Maradona faoliyatida esa deyarli har bir gol shunday ehtiros bilan yonma-yon keladi. Har bir gol!!! Raqamlarni ro‘kach qilavermang, ruhiyat, saviya va muhimlik e'tibori bilan gapiring, iltimos. Istaysizmi, istamaysizmi, Maradonaning Angliya darvozasiga urgan ikki goli asr uchun mezon vazifasini o‘tab turaveradi. Istaysizmi, istamaysizmi, futbol olamining eng katta korruptsionerlari qarshi turganida, Diyego ularga bir o‘zi temir irodasi bilan turib berganligi, futbol degan sport turining durdonalaridan biri bo‘lib qolaveradi. Xohlaysizmi, yo‘qmi, Maradona mana shu “onda-sonda” amalga oshirgan ishlari bilan Peledan keyingi daho deb hisoblanaveradi.

Futbolchi faoliyatini tugatganidan so‘ng gollar raqami bilan emas, ana shu buyuk extiroslar bilan eslanadi. Ana o‘sha paytda bugun Leoni Maradonadan zo‘r deb o‘ylayotganlar qattiq adashganlarini sezib qoladilar. Gap sonda emas, sifatda ekanligi, ruhiyat va saviyada ekanligini “sezib qoladilar”.

Maradona oddiy yulduz emas. U buyuk shaxs. Uning o‘yinida, maydondagi harakatida buyuklik yaqqol ufurib turadi. Uning daholigi atrofida hech kim hech narsa qila olmagan paytlarda sezilgan. Leoda esa aksincha. U yulduzlar davrasida yulduz. Bir o‘zi qolganida hech kim emas. Hech kim. Buni u mundiallarda va “Barselona”ning cho‘loqlanib qolgan davrlarida isbotlab kelmoqda. Bu uning xarakteriga ham bog‘liq, deb o‘ylaymiz. Messi tabiatan lider emas. U yulduzlar ichidagi eng ertatoy daho. JCh o‘yinlarini kuzatgan bo‘lsangiz, Messi jamoa sardori bog‘ichini nomiga taqib olgani ko‘rinib qoldi. Asosiy sardorlik ishlarini Di Mariya bajarib yurdi - hakam bilan gaplashgan ham u, raqiblar bilan kelishuvlarda asosan u. Messining tabiatida “ikkinchi” planda o‘ynash xususiyati shakllangan. Yo‘q, bu bilan u ikkinchi hisoblanmaydi. Balki jamoa uning uchun o‘ynaydi, u jamoa uchun emas. Maradonada aksincha. Buni hamma ko‘rgan.

To‘g‘ri, ba'zi holatlarda, xuddi kechagi o‘yindagidek, Messi ham jamoasini muhim goli bilan qutqaradi. Lekin bu ko‘pchilik ta'kidlayotgandek, stabil holatda emas. Maradona esa faqat va faqat muhimlik pallasida buyukligini ko‘rsatgan. Bu uning shaxsiyati va xarakteriga singib ketgan jihatdir. Mana shu e'tibordan olganda, Messi kelajakda ham Maradona o‘rnini bosa olmaydi, deb o‘ylaymiz. Chunki Leo harakat qilsa ham o‘zgara olmaydi. Shu. Uning daholigi aynan shu nuqtada. Buyuk jamoaning eng buyuk yulduzi. Futbol olamining istalgan nuqtalarida o‘z so‘zini aytgan Maradona esa umumfutbolning buyuk yulduzi. Shu bois bo‘lsa kerak, Maradona ketgach, endi-endi Argentina terma jamoasi o‘ziga keldi. O‘ziga kelganda ham, o‘ziga xos bo‘lmagan “katinachchio”ga o‘xshash uslub bilan o‘ziga keldi. Messidek daho ham o‘sha uslubga singib ketdi. Bu yer “Barsa” emasdi, bu yer terma jamoa edi.

2014ning finalidagi Messi va “Bavariya”ga qarshi Messi. Tan olaylik, katta farq bor. Bugun raqibdan kuchliroq bo‘lgan jamoada porladi u. Bir yil oldin esa teskarisi edi. O‘shanda maydonda borligini sezganmidingiz uni? Aynan mana shunday nuqtalarda Diyego Maradona porlagan. Inkor qila olmaysiz. Klub libosi bilan terma jamoa libosida bir xil o‘ynay olishda futbolchining salohiyati yaqqol sezilib qoladi. Maradonadan keyin bu salohiyat faqat fransiyalik Zidan va braziliyalik Ronaldolarda ko‘zga tashlangan xolos.

Iltimos, futbolni raqamlar bilan tahlil qilmang. Futbol ham hayotga o‘xshaydi, xotiralarda arzirli, har qanday ko‘ngilni titratib yuboradigan voqealar bilan esda qoladi. Bugun klublar o‘yinini ko‘rib zavqlanayapsiz, ertaga esdan chiqsa va yillar o‘tib, qalbingizni larzaga soluvchi o‘yinlarni ko‘rishni qumsasangiz, aminmizki, Maradonaning Leodan ancha kuchli bo‘lganini his qilasiz. Hozircha sarmastsiz. Hozircha Messini qirol, deb o‘ylayapsiz. Nachora!

... Mana shunaqa gaplar. Men bu so‘zlarning ko‘pini to‘qimadim. Deyarli biladigan so‘zlarimni ikki tomon vakillaridan eshitganim uchun yozdim. Imkon qadar xolis yozishga urindim. “Kim haq, kim nohaq?” degan savolga esa javob izlamayman. Chunki bu masalada javob yo‘q. Ikki tomonning tahliliga qarasangiz, ikkisi ham turli tomonlardan yondoshishmoqda masalaga. Tabiiyki, bunday uslubdagi tortishuvlarda g‘olib topilmaydi. Men boshqa narsaga e'tibor qaratmoqchiman, azizlar!

Men Messiga xursandman. U ana shu tortishuvlarga zamin yaratdi. U o‘zini Maradona bilan solishtirishlariga majbur etdi. Mayli, qanday holda bo‘lsa ham MAJBUR ETDI! Kuchli jamoada o‘ynaydimi, jamoaning erkatoyimi, baribir uni futbol qirollari bilan taqqoslashmoqda. Oldin Ronaldo va Zidanlarni Maradonadan zo‘r deb jur'at qilgan odamni eslay olmayman. Demak, Maradona ulardan ancha ustun sanalgan. Hozir-chi, futbol ommasiga ikkiga bo‘lingan. Kimsan DIYeGO ARMANDO MARADONA bilan solishtirishmoqda, hatto undan kuchli, deyishmoqda. Demak, Leo jim yurib, butun dunyoni shu masalada jiddiy o‘ylashga unday oldi.

Ha, azizlar, Maradonaning o‘zini ham maydonda o‘ynab yurgan paytlari Pele bilan solishtirishgan va futbol ommasi bu masalada xuddi bugungidek ikkiga bo‘linib qolgan edi. Ustozdan o‘tmagan shogird shogirdmi?

Biz hali faoliyatini tugatmasidanoq qirollikka da'vogarlik qilayotgan buyuk iqtidor egasi bilan zamondoshmiz, azizlar! Uning o‘yinlaridan zavqlanishda davom etamiz. Balkim, “ha”chilar orzu qilganidek, terma jamoada ham Leonel Messi Maradona qayd etgan natijani takrorlab qolar. Balkim, o‘sha ehtiros borasida ham Leo cho‘qqiga chiqa olar. Ana o‘shanda bu tortishuvlarga aniqki, yakun yasaladi. Hozircha esa, tortishuv egalarini o‘z fikrlarida qolishlariga chorlaymiz. Birovning fikrini hurmat qiling va o‘z fikringizni ham ikki karra e'zozlang! Salomat bo‘ling!

Muallif: Xayrulla HAMIDOV / Manba: uff.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish