Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dohada kosmik inshoot ko‘rinishidagi masjid ochildi
Qatar poytaxti Doha shahrida zamonaviy arxitektura yutuqlaridan biri sifatida baholanayotgan masjid ochildi. Bu masjidning minoralari noodatiy ko‘rinishga ega bo‘lib, ko‘kka bo‘y cho‘zgan bu minoralarda oltin harflar bilan arab yozuvidagi oyatlar bitilgan. Bu minoralarning balandligi 90 metrni tashkil qiladi va ikkisi ham Makka shahri tomon uzangan. Masjidga qibla tomonidan qaralganda, arab imlosidagi Alloh so‘zi yuzaga keladi

Sayyohlar va namozxonlarning qayd etishicha, bu bino uzoqdan kosmik kemani eslatadi.

Ushbu masjidning qurilishi ishlari 2013 yilda boshlangan edi. Ayni vaqtda murakkab me'moriy uslubda qurilgan, ichki va tashqi binolarga ega masjid ibodat qiluvchilar uchun ochiq.

Masjidda 5ta asosiy ustun mavjud bo‘lib, bu ustunlar Islomning 5ta arkonini ifodalaydi.

Masjid hovlisida fontan bo‘lib, bu fontanga to‘rt oqimdan suv keladi. Masjid ichki qismining asosiy xususiyati nur va soya uyg‘unligiga bog‘liq. Yoritish tizimining o‘ziga xosligi shundaki, nur turli shakldagi tuynuklardan ichkariga tushadi va yulduzli osmon ko‘rinishini hosil qiladi.

Masjidda bir vaqtning o‘zida 1800 kishi ibodat qilishi mumkin. Unda ayollar va erkaklar uchun alohida zallar mavjud. Bundan tashqari, bu yerda ta'lim uchun xonalar va kutubxona ham barpo qilingan.

Masjidning asosiy binosining ichki devorlari hattotlik san'ati vositasida naqshlar hamda oyatlar bilan bezatilgan.

Masjid devorlariga Qur'on oyatlari tushirilgan, mehrob esa oltindan ishlangan.