Jahon | 15:59 / 14.06.2015
3899
2 daqiqa o‘qiladi

Gruziyadagi toshqinlar oqibatida hayvonot bog‘idan 30 dan ortiq yirtqich hayvon qochib ketdi

14 iyunga o‘tar kechasi Tbilisida yog‘gan jala oqibatida kuchli toshqin yuzaga keldi. Uzoq davom etgan yomg‘ir tufayli Vere daryosi o‘z o‘zanidan chiqib, yaqin oradagi tumanlarni suv ostiga g‘arq qildi. Yo‘lovchilar yo‘losti o‘tish joylari va binolarning birinchi qavatlari suv ostida qoldi.
Gruziya qutqaruv xizmatlari toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun favqulodda tartibda ish olib bormoqda. Toshqin oqibatida 7 nafar kishi halok bo‘lgani, yana 10 kishining taqdiri noma'lumligicha qolayotgani aytilmoqda.

Tbilisi markazidagi avtomobil yo‘llari, turar joy binolariga qattiq ziyon yetgan.

Toshqin oqibatida Tbilisi hayvonot bog‘i ham suv ostida qoldi, hayvonot bog‘ining uch nafar xodimi o‘lik holda topildi. 30 dan ortiq yirtqich hayvon qafaslardan chiqib ketgan.

“6 ta sher, 6 ta yo‘lbars, 7 ta ayiq va 13 ta bo‘ri qidirilmoqda”, deb aytdi Tbilisi meriyasi vakili. O‘z navbatida, Tbilisi meri David Narmaniya barcha yirtqichlar topilmagunga qadar aholini o‘z uylarini tark etmasliklariga chaqirdi. Yirtqichlarni qidirishga Ichki ishlar vazirligi xizmatlari jalb qilingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish