Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat bojxona qo‘mitasida faxriylarni qadrlash mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlari yagona rejasi”ga muvofiq O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “2015 yil – Keksalarni e'zozlash yili” munosabati bilan “Bojxona xizmati faxriylarini qadrlash va qo‘llab-quvvatlash borasida Davlat bojxona qo‘mitasi va Bojxona xizmati faxriylar Uyushmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan mazkur tadbirda qo‘mita va uyushma mutasaddi rahbarlari, bojxona faxriylari hamda bo‘lajak bojxonachi kadrlar ishtirok etishdi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 18 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi doirasida mamlakatimizda, shu jumladan bojxona organlarida ham xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlat bojxona qo‘mitasi Pensiya ta'minoti guruhi ma'lumotlariga ko‘ra, bojxona tizimidagi pensiyanerlar soni 1800 nafardan oshadi.
Joriy yilda esa 42 nafar bojxona xodimlari hurmat va e'zoz bilan nafaqaga kuzatildi. Shu munosabat bilan ularga 146,4 mln. so‘m miqdorida biryo‘la to‘lovlar amalga oshirildi.
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bojxona faxriylariga hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida xalok bo‘lgan bojxona xodimlarining oila a'zolariga muruvvat ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston bojxona xizmati faxriylari uyushmasiga 57 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Shuningdek, 144 nafar nafaqadagi bojxonachilar hamda xizmat vaqtida xalok bo‘lgan bojxona xodimlarining oilalariga doimiy ravishda moddiy yordam ko‘rsatilib, 34 nafar bemor xodimlarning holidan xabar olindi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar faqatgina bojxona xodimlariga qaratilmasdan, Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, turli jamiyatlar va fondlarga, kam ta'minlangan keksa fuqarolarga ham yil boshidan buyon 104 mln. so‘m miqdoridagi xayriya yordamlari ko‘rsatildi.

Bu ishlarni amalga oshirishda Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston bojxona xizmati faxriylari Uyushmasi bilan yaqindan amaliy hamkorlik qilib kelmoqda. Bir guruh faol bojxona faxriylari tashabbusi bilan ta'sis etilgan va 2002 yilda Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan mazkur nodavlat notijroat tashkiloti Davlat bojxona qo‘mitasi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni imzolagan.
Bitim doirasida qo‘mita bilan hamkorlikda faxriylarning faol va muntazam ravishda muloqotda bo‘lishlari va uyushmaning jamoatchilik faoliyatida ishtirok etishlari, ularning davlatimiz iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasidagi boy hayotiy tajribalari bilan yoshlarni tanishtirib borish yo‘nalishida rejali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ayni paytda Uyushmaga 1800 dan ortiq bojxona faxriylari hamda boquvchisini yo‘qotganlar a'zodirlar. Prezidentimiz tomonidan 2015 yilni Keksalarni e'zozlash yili deb e'lon qilinganligi barcha qatori bojxona faxriylarini ham behad quvontirdi.
Uyushma boshqaruvi “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat Dasturi ijrosini ta'minlash yuzasidan o‘zining chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 22 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishdagi Prezidentimiz ma'ruzasi va Davlat dasturining mazmun-mohiyatini bojxona xodimlariga yetkazish, xususan yosh bojxonachilarga chuqurroq va kengroq tushuntirish maqsadida Uyushmaning boshqaruv a'zolari, uning joylardagi bo‘limlari mutasaddilari tomonidan barcha bojxona boshqarmalari, bojxona kompleksi va postlarida, o‘quv muassasalarida 25 ta tarbiyaviy, ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil qilindi. Ularda tizimda xizmat qilayotgan 740 dan ortiq xodimlar, asosan yosh bojxonachilar ishtirok qildi. Mazkur tadbirlarda 260 dan ortiq bojxona faxriylari faol ishtirok etib, ma'ruza va suhbatlari bilan qatnashdilar.
Uyushma tomonidan bojxona faxriylarini ma'nan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, 2014 yilda “O‘zbekiston bojxona faxriysi” ko‘krak nishoni ta'sis etildi va ularning nizomlari ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va xavfsizligini ta'minlash, bojxona tizimini rivojlantirishga va sohada erishilgan yutuqlarga qo‘shgan munosib hissasi, o‘z kasbiga saodoqati va fidokorona mehnati uchun 30 nafar bojxona faxriylari ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi va ular tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari, Uyushma tomonidan 36 nafar faxriylarning salomatliklarini tiklashlari uchun Ichki ishlar vazirligi gospitallari, “O‘zbekiston” sihatgohida davolanishlarida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. 184 nafar bemor faxriylarning holidan xabar olindi.
Faol faxriylarning farzandlari va nabiralariga Yangi yil bayrami va 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tadigan turli o‘yingohlar va istirohat bog‘lariga 130 dona chiptalar tarqatildi.
An'anaga ko‘ra, Yangi yil bayrami, Vatan himoyachilari kuni, “Navro‘z” ayyomi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan joylarda bojxona faxriylari uchun bayram dasturxonlari tashkil qilindi.
Bojxona faxriylari va bo‘lajak bojxonachilar o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, yosh kadrlarning professional mutaxassis bo‘lib yetishishida bojxona faxriylarining tajribasidan unumli foydalanishga ham alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

Shu maqsadda, Uyushma tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasining Oliy harbiy bojxona institutida bojxona tizimi uchun kadrlar tayyorlash ishiga ko‘maklashish, tinglovchilarda tanlagan kasbiga qiziqish va sadoqatini oshirish, ularni milliy bojxona tarixi va an'analari ruhida tarbiyalash, intizomi va namunali xulqi, sportda yuqori natijalarga erishishi yo‘lida yordam berish, iqtidorli, a'lochi tinglovchilarni rag‘batlantirish orqali institutda ta'lim jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida “Namunali bojxona tinglovchisiga” ko‘chma vimpelini ta'sis etdi.
Uyushma boshqaruvi huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar faxriylarining jamoat tashkilotlari bilan ham o‘zaro aloqalar va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ular tomonidan tashkil etilayotgan turli tadbirlarda ham faol qatnashib kelinmoqda.
Tadbirda jurnalistlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olishdi.