Sport | 23:26 / 10.07.2015
22969
9 daqiqa o‘qiladi

Nega futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ― “oq bo‘rilar” deya ataladi?!

Har qanday klub yoki terma jamoani muxlislari qandaydir o‘zgacha nom – to‘g‘rirog‘i laqab bilan atashni xush ko‘rishadi. “Real Madrid”ni “qirollik klubi” , “Manchester Yunayted”ni “qizil iblislar” , “Bavariya”ni “Gollivud FK” yoki “Yuventus”ni “keksa sinora” deb atalashi barchamizga yaxshi ma'lum. Buni qarangki, nafaqat klublar, balki milliy terma jamoalar olgan bir qator ixtiyoriy va ba'zi bir majburiy laqablar ham kishi e'tiborini tortar ekan.

Siz – aziz o‘quvchilarni ham ana shunday ajoyib laqablar ketma-ketligidan boxabar etish maqsadida jahonning turli qit'alarida joylashgan terma jamoalarning laqablariga to‘xtalib o‘tishga qaror qildik.

Braziliya – pentakampeonlar, Selesao

Terma jamoalar laqablari haqida gap ketganda birinchi galda jahonning besh karra chempioni Braziliya terma jamoasiga to‘xtalib o‘tmasdan iloj yo‘q. Zero ushbu yurt termasiga “pentakampeonlar” laqabi bejizga berilgan emas. Janubiy Amerikaliklar jahon kuboklarida 5 bora zafar quchgan yagona mamlakat sanalishadi. Shuni inobatga olib, Braziliya terma jamoasi “pentakampeonlar” laqabiga loyiq ko‘rilgan. Ushbu so‘z o‘zbekchaga tarjima qilinganda, “besh karra chempion” degan ma'noni anglatadi. Qolaversa, braziliyaliklarni “Selesao” deb atash ham bora-bora urfga kirmoqda. Ushbu so‘z “tanlanganlar” degan ma'noni bildiradi. Buning sababi esa – oddiy. Ya'ni, Braziliya terma jamoasi safidan o‘rin olish oson emas. “Selesao” safiga jalb etilgan futbolchi esa, chindan, tanlangan bo‘ladi.

Ispaniya – qizil furiya

Futbol bo‘yicha Ispaniya terma jamoasi “Qizil Furiya” nomini 1920 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarida olgan. Antverpenda o‘tgan mazkur Olimpiadaning kumush medallari Ispaniya terma jamoasiga “kutilmaganda” nasib etadi. Shundan so‘ng, aslida “qizillar” deya atab kelingan ispanlar, endi buyog‘iga “qizil Furiyalar” laqabini olishadi. Voqea aslida bunday bo‘lgandi:
Olimpiada finalida aslida mezbon – Belgiya hamda Chexoslovakiya terma jamoalari o‘zaro bahs yuritishadi. Uchrashuv boshlangach hakam mezbonlarga yon bosa boshlaydi. Natijada o‘yinning 30-daqiqasidayoq Belgiya 2:0 hisobida oldinga chiqib oladi. Bu esa mehmonlarga ma'qul kelmaydi va ular norozilik na'munasi sifatida 40-daqiqadan boshlab, musobaqada ishtirok etmay turib olishadi va ketib qolishadi. Shundan so‘ng Chexoslovakiya terma jamoasi bu ishi uchun jazolanadi va musobaqaning kumush medallari (aslida bronza olishi kerak bo‘lgan) Ispaniyaga nasib etadi. Yarim finalda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da kumush medalni qo‘lga kiritgan ispanlar o‘sha voqeadan so‘ng qadimgi Rimning qasoskorlik ilohalari bo‘lgan “Furiyalar”ga qiyoslanadi va “Qizil Furiya” deya atala boshlanadi.

Avstraliya – Socceroos (sokkeruz)

Endilikda Osiyo miqiyosidagi musobaqalarda ishtirok etayotgan Avstraliya terma jamoasini 1967 yilga qadar shunchaki “kengurular” deb atab kelishgan. Lekin o‘sha yili Toni Xorstedu ismli jurnalist ushbu yurt terma jamoasi uchun shunday ajoyib laqab o‘ylab topadiki, uning “ixtiro qilgan” laqabi omma orasida juda mashhur bo‘lib ketadi. Xorstedu Avstraliya terma jamoasini sokkeruzlar deya atashni taklif etadi. Ya'ni “Socceroos” – “futbolchi kengurular” atamasi paydo bo‘ladi. Ushbu laqab ikki so‘zning dastlabki va oxirgi qismlarini birlashtirishdan kelib chiqqan va juda ajoyib yangi so‘zni mujassam etgan. Bunday fantaziyasi uchun avstraliyalik futbolchilar Toni Xorsteduga “Rahmat” aytib qo‘yishsa arzirdi, nazdimizda… Nima dedingiz…

O‘zbekiston - Oq bo‘rilar

O‘zbekiston terma jamoasini futbol muxlislari “Oq bo‘rilar” deya atashni xush ko‘rishadi. Biz jurnalistlar ham ushbu laqabga allaqachon odatlanib ulgurganmiz. Ammo internetda bir necha soat davomida izlanish olib borib ham nega bosh jamoamizning aynan “Oq bo‘rilar” deb nomlanishining aytarli sababini topa olmadim. Ushbu laqabning milliy terma jamoamizga kim(lar) tomonidan berilgani, buning sababini bilishga urindim. Ammo urinishim besamar yakunlandi. So‘ng o‘zimcha ushbu laqabni tavsiflashga harakat qilib ko‘rdim. “Oq” – bu terma jamoamizning asosiy libosi rangi sanaladi. ― “Bo‘rilar” esa balkim terma jamoamizning kuchli raqiblarga nisbatan anchagina tajovuzkor tarzda o‘yin ko‘rsatishi uchun tanlangandir… Bo‘lishi mumkin. Qolaversa, oq bo‘rilar tabiatda anchagina xushro‘y, chiroyli jonivor bo‘lgani uchun ham ushbu hayvon bizning terma jamoamizga timsol sifatida tanlab olingan bo‘lsa, ne ajab…

Angliya – uch sherlar jamoasi
Angola — qora antilopalar
Argentina – albiselesta, ko‘m-ko‘klar
AQSh – yankilar jamoasi
BAA – lochinlar

Bahrayn – qizillar jamoasi
Belgiya – qizil iblislar
Benin — olmaxonlar
Botsvana — zebralar
Burkina-Faso — ayg‘irlar
Burundi — qaldirg‘ochlar
Daniya – dat dinamitlari, Olsenning 11 do‘stlari
Eron - Tim melli (milliy jamoa), fors sherlari

Fransiya – uchranglilar, mushketyorlar
Germaniya – nemis mashinasi, bundesjamoa
Gollandiya – to‘q sariqlar, lolalar jamoasi

Gretsiya – qaroqchilar kemasi
Gana – qora yulduzlar
Gabon — panteralar
Gambiya — o‘rgimchaklar jamoasi
Italiya – moviy eskadra, makaronchilar
Iordaniya - Ritsarlar
Iroq - Mesopotamiya sherlari
JAR – Bafana-Bafana / yigitchalar jamoasi
Jazoir — saxro tulkilari
Janubiy Koreya - Teguk jangchilari, qizil iblislar

Kamerun – jilovlanmas sherlar
Kabo-Verde — ko‘k akulalar
Keniya — yulduzlar jamoasi
Kot-D’Ivuar – fillar jamoasi
Kongo — qizil iblislar jamoasi
Kongo DR — leopardlar
KXDR – Chollima
Lesoto — timsoxlar jamoasi
Liviya — yashillar
Liberiya – yolg‘iz yulduz
Lyuksemburg – bankirlar jamoasi
Malavi — olovlar va gulxanlar jamoasi
Mali — burgutlar
Marokash — atlas sherlari
Meksika – atsteklar, uchranglilar
Mozambik — ilonlar
Misr – firavnlar
Namibiya — qo‘rqmas jangchilar
Nigeriya — super burgutlar
Norvegiya – normanlar jamoasi
Paragvay – guaranlar jamoasi
Peru – inklar jamoasi
Puerto-Riko – kovboylar
Quvayt – ko‘klar jamoasi
Ruanda — arilar jamoasi
Saudiya Arabistoni - yashil lochinlar, Osiyo yo‘lbarslari

San-Marino – shavkatli zodagonlar jamoasi
Serbiya – oq burgutlar
Seyshel orollari — qaroqchilar jamoasi
Senegal — Teranga sherlari
Serra-Leone — Leone yulduzlari
Somali —okean yulduzlari
Turkiya – yanicharlar
Togo — qirg‘iylar
Tunis — Karfagen burgutlari
Urugvay - La Seleste, Charruas, moviy jamoa
Uganda — turnalar jamoasi
Venesuela – charruas
Yangi Zelandiya – kivi jamoasi

Yamayka – reggi boyz
Yaponiya — ko‘k samuraylar
Shvetsiya – uch tojli shoxlar jamoasi, vikinglar
Shveytsariya – pishloq tayyorlovchilar
Xorvatiya – kuydirgi yigitlar jamoasi
Xitoy – ajdaholar
Zimbabve — jangchilar
Trinidad va Tobago – futbolchi jangchilar
Uels – valliliklar, qizil ajdaholar
Ummon - qizil jangchilar

Guvohi bo‘lganingizdek, turli xil terma jamoalar turlicha nomlar bilan ataladi. Xo‘sh, bizning terma jamoa nega ― “oq bo‘rilar” deya atalar ekan. Bilasizmi yoki qandaydir taxminingiz bormi?! Agar bo‘lsa uni quyida mulohaza sifatida qoldirishingiz mumkin..!

Muallif: Zohirbek Akramxonov / Manba: Sports.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish