Sport | 01:35 / 12.07.2015
10936
10 daqiqa o‘qiladi

Terma jamoasida zafar qucholmaganlar TOP-10

Sayyoramizda mahoratli futbolchilar ko‘p. Lekin ularning orasida uzoq yillar davomida faoliyat yuritib, o‘z terma jamoasi tarkibida birorta ham sovrinni qo‘lga kiritolmaganlari ham bor. Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Eysebio singari o‘yinchilar shular jumlasidan. Garchi mazkur futbolchilar klub miqyosida ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lishsa-da, terma jamoa bilan unchalik omadlari kelmagan. "Interfutbol" gazetasi quyidagi maqolada shunday buyuk o‘yinchilardan 10 nafari to‘g‘risida hikoya qiladi.

1. Mixael Ballak, Germaniya


Mixael haqiqiy «qarg‘ish tekkan» futbolchi. Uning peshonasiga final bahslarida yutqazish va sovrinlarni qo‘lga kiritmaslik yozilgan ekan. Germaniya terma jamoasi Mixael bilan ko‘p marotaba zafar quchgan. Ammo jahon miqyosidagi turnirlarda birorta ham sovrinni qo‘lga kirita olmagan.

Masalan, 2002 yilgi jahon chempionatida Germaniya terma jamoasi braziliyaliklarga qarshi kechgan o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi (0:2) va 6 yildan so‘ng Ispaniya termasi bilan bo‘lgan o‘yinda ham (0:1) Yevropa chempionatining bosh sovrinini boy berdi. O‘z o‘rnida ta'kidlash joizki, nemislar Ballak bilan ikki marotaba final bahslarida yutqazishgan. Yaponiya va Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan mundial finalini Ballak diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuborgandi. Yevro-2008 turniriga jarohatdan forig‘ bo‘lgan holda bordi, lekin ispaniyaliklarga qarshi kechgan o‘yinda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qololmadi.

- Futbolchilik faoliyatimdagi afsuslanadigan narsam - terma jamoamiz bilan chempionlik unvonini qo‘lga kirita olmaganim, - deydi Mixael Ballak.

2. Roberto Badjo, Italiya

Aslida Roberto Badjo jahon yoki Yevropaning «Oltin to‘p»ini olishga munosib edi. Lekin ko‘pchilik uning faqatgina JCh-1994dagi braziliyaliklarga qarshi kechgan finaldagi penaltilar seriyasida zarbadan adashganini yodga olishadi, xolos. Vaholanki, AQShda bo‘lib o‘tgan o‘sha mundialda Robertoning bir o‘zi Italiya termasini finalga olib chiqqandi.

Badjo o‘z vaqtida fantastik futbol namoyish etgan hujumchilardan edi.

O‘sha mash'um finaldan so‘ng Badjoga jahon kubogi emas, balki terma jamoadagi jamoadoshlarining ko‘z yoshlari «sovg‘a» bo‘ldi. Roberto 1990 yilgi mundialda bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Lekin u o‘shanda bundan ortig‘iga ham qodir bo‘lgan.

- Albatta, futbolchilik faoliyatim ajoyib tarzda o‘tdi. Faqat tunda uxlash vaqtida sovuq qotaman - buning sababi esa hamon 1994 yilgi JChdagi o‘sha mash'um penaltini esimdan chiqara olmayman, - deb o‘z sirini yashirmadi Badjo.

3. Oliver Kan, Germaniya

Yirik turnirlarda zafar qucha olmagan yana bir buyuk o‘yinchi. Oliver Kan - Germaniya darvozabonlar maktabining haqiqiy siymosi. O‘z kuchiga ishongan, barcha jabhalarda kuchli, asosiysi, barqaror va qiyinchilik tug‘diradigan zarbalarni qaytara oladigan kiper edi. Lekin terma jamoa tarkibidagi 86ta o‘yin ham Oliver uchun uzoq kutilgan sovrinni taqdim etmadi.

Garchi u final bahsida Rivaldoning zarbasidan so‘ng dahshatli xatoga yo‘l qo‘yib, Ronaldoga 2ta gol urishga imkoniyat yaratib bergan bo‘lsa-da, JCh-2002da Kanni eng yaxshi futbolchi sifatida tan olishdi. Boz ustiga, Kan - Yevropaning 1996 yilgi chempioni ham. Biroq bu Oliverni tinchlantira olmaydi, negaki, o‘sha turnirda Germaniya terma jamoasi darvozasini Andreas Kyopke qo‘riqlagandi.

4. Dennis Bergkamp

O‘z avlodining haqiqiy ramzlaridan biri va daho futbolchi.

Uning iqtidori havas qiladigan darajada. Bundan tashqari, u o‘z terma jamoasida ham xuddi klubida bo‘lgan singari yorqin o‘yin namo-yish etgan. Gollandiya termasi tarkibida 79ta o‘yinda maydonga tushib, 37ta gol urgan Dennisning ko‘rsatkichlari haqiqatdan ham ajo-yib. Biroq uning kolleksiyasida jahon yoki Yevropa chempionligi sovrini yo‘q. Berg­kamp o‘ynagan davrdagi kuchli gollandlar finalga yo‘l olisholmagandi.

5. Luish Figu, Portugaliya

Yaqin o‘tmishning mazkur taniqli yarim himoyachisi Portugaliya terma jamoasida o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekordchi - 127ta. Portugallarning hujumlari aynan Figuga bog‘liq edi. Bir so‘z bilan aytganda, u ancha kuchli o‘yinchi bo‘lgan. Luish Ispaniyada faoliyatining eng yaxshi damlarini o‘tkazdi. «Barselona» va «Real» klublari tarkibida Yevropa Chempionlar Ligasida ham zafar quchdi. Lekin Portugaliya termasi bilan faqat Yevropa chempionatining finaligacha yetib bordi, xolos.

2004 yilgi Yevropa birinchiligi g‘olibi bo‘lish uchun Figu va uning jamoadoshlarida juda ham qulay imkoniyat yuzaga kelgandi. Buning uchun turnir mezbonlari finalda Otto Rexagel ustozlik qilayotgan kamtarona Gretsiya terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratishsa kifoya edi. Ammo portugallar buning uddasidan chiqa olishmadi.

6. Paolo Maldini, Italiya

Maldini 26 yil to‘p surdi. Buning ustiga, faqatgina bir klub - «Milan»da. Italiya terma jamoasining sobiq sardori futbolchilik faoliyati davomida ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Ular orasida 5ta YeChL kubogi ham bor.

Terma jamoalar o‘rtasidagi yirik turnirlarda Maldini ikkita bronza va shuncha kumush medallarni qo‘lga kiritgan. Ammo o‘z terma jamoa­si safida oltin medalni bo‘yniga taqish unga nasib etmagan. Lekin Paolo Italiya termasiga o‘ziga o‘xshash buyuk himoyachilarni izdosh sifatida qoldirib ketdi.

7. Yoxan Kruiff, Gollandiya

Uch karra «Oltin to‘p» egasi. Gollandiya terma jamoasining siymosi. Futbol maydonidagi chin sehrgar. Barcha zamonlarning eng yaxshi futbolchisi. Bu - Yoxan Kruiffga tegishli ta'riflar. Ammo shunchalik mahoratli bo‘lsa-da, u terma jamoasi safida bosh sovrinni qo‘lga kirita olmagan. Gollandiyalik yarim himoyachining xonasida 1974 yilgi kumush va 1976 yilgi bronza medallari bor.

- Haligacha terma jamoamiz bilan birorta musobaqada g‘olib chiqa olmaganimni tushunolmayman. O‘sha paytdagi Gollandiya termasi buyuk jamoa edi. O‘z davrining eng buyuk jamoasi. Lekin biz buni maydonda isbotlay olmadik, - deydi Kruiff.

8. Eysebio, Portugaliya

Portugaliyaning 11 karra chempioni, Portugaliya kubogining 5 karra sohibi, 1961|1962 yillar mavsumidagi Yevropa Chempionlari kubogi g‘olibi, Shimoliy Amerika futbol ligasi chempioni. 434ta o‘yinda 424ta gol muallifi. Qisqacha aytganda, XX asrning buyuk futbolchilardan biri bu - o‘sha mashhur Eysebio. «Qora qoplon» o‘ynagan vaqtda Portugaliya terma jamoasi tarkibidan unchalik kuchli o‘yinchilar joy olishmagandi. Eysebio jamoadoshlarini ortidan ergashtirib, ularni bor kuchlari bilan o‘ynashga undardi. Shunday qilib, Eysebio jamoadoshlari bilan 1966 yilgi mundialning bronza medallarini qo‘lga kiritadi. Ta'kidlab o‘tish joizki, portugaliyaliklar 3-o‘rin uchun bo‘lgan bahs­da sobiq ittifoq terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratishgandi.

9. Krishtianu Ronaldu, Portugaliya

Eysebioga munosib o‘rinbosar bo‘lgan portugaliyalik mahoratli hujumchi. Haqiqiy «gol mashinasi». «U hattoki, mendanda ham zo‘rroq» degan edi Ronaldu haqida shaxsan Eysebioning o‘zi. Lekin har ikki portugaliyalik buyuk o‘yinchilarni alamli xotiralar ham bog‘lab turadi. Ya'ni terma jamoa­lar miqyosidagi yirik turnirlarda zafar quchish ular uchun yot.

Vaholanki, Krishtianu 19 yoshidayoq Yevropa chempioniga aylanishi mumkin edi. Ha, o‘sha greklarga qarshi o‘tkazilgan 2004 yilgi final bahsi. Uchrashuvdan so‘ng Ronaldu ko‘z yoshlarini tiya olmagandi. Afsuski, terma jamoada anchadan buyon faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, haligacha tuzukroq sovrinni qo‘lga kirita olmadi. Nima ham derdik, Ronalduga bu borada omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

10. Lionel Messi, Argentina

Albatta, mazkur ro‘yxatimizdan zamonamizning eng yaxshi futbolchilarining joy olishgani hayratlanarli holat. Ammo faktlar o‘jar bo‘ladi. Lionel Messi Argentina terma jamoasida «Barselona»dagi kabi yorqin o‘yin ko‘rsata olmagani uchun ko‘p marotaba tanqid qilingan. Hozircha, Messi Argentina termasi bilan yirik turnirlarda zafar qucholmadi. O‘tgan yili Braziliyada o‘tkazilgan mundialda u kumush medal sohibiga aylandi. Lekin mazkur sovrin Messi uchun kamlik qilmasmikan?