O‘zbekiston | 12:38 / 05.08.2015
7935
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish – davlat va jamiyat xavfsizligi garovi” mavzusida seminar o‘tkazildi

Davlat bojxona qo‘mitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi bilan hamkorlikda “Korrupsiyaga qarshi kurashish – davlat va jamiyat xavfsizligi garovi” mavzusida seminar tashkil qilindi.

Ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining shaxsiy tarkibi uchun uyushtirilgan mazkur tadbirda Akademiyaning “Boshqaruvning huquqiy asoslari” kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Muattara Rahimova ko‘rgazmali ma'ruzasi bilan ishtirok etdi.

Ma'ruza davomida korrupsiya tushunchasining mazmuni, korrupsiyaga qarshi kurash tarixi, O‘zbekistonda korrupsiya jinoyatlarining sabablari va uning oldini olish masalalari hamda korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi xalqaro amaliyot haqida atroflicha axborotlar berildi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq mazkur illatga qarshi kurashish masalasiga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Bugungi kunga kelib respublikamizda korrupsiyaga  qarshi kurashish va uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllandi.

Ma'lumki, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida  inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi.

Ushbu illatga qarshi kurashishni jahon talablari asosida tashkil etish maqsadida 2008 yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2003 yil 13 oktabrdagi "Korrupsiyaga qarshi" Konventsiyasini ratifikatsiya qildi, shuningdek, "Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Korrupsiyaga qarshi" konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishi to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, Davlatimiz 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentabr) qo‘shilgan.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tajriba haqida ham atrorflicha so‘z yuritildi.  Boisi, mazkur muammo dunyoning barcha mamlakatlariga xos bo‘lib, unga qarshi kurashishdagi yo‘l-yo‘riq va tajribalar ham turlichadir.

Seminar yakunida bojxona organlarida ham korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama qilindi. Xususan, bojxona organlariga qabul qilingan xodimlarning korrupsiya jinoyatlariga yo‘l qo‘ymasliklarini ta'minlash maqsadida “Ahloq kodeksi” ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur ichki hujjat talablarini buzgan xodimlarning xatti-harakatlari bojxona organlarining “Ahloq sudlari”da ko‘rib chiqiladi va tegishli choralar ko‘riladi.

Shuningdek, bojxona xodimlarining ota-onalari, oila a'zolarini jalb qilgan holda profilaktika-tushuntirish ishlari doimiy yo‘lga qo‘yilgan. Pora berish va pora olishning huquqiy oqibatlari haqida ko‘rgazmalari plakatlar va stol ustiga qo‘yishga mo‘ljallangan bukletlar ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha bojxona boshqarmalari, komplekslari va postlariga tarqatilgan.

Bojxona postlariga o‘rnatilgan monitorlar orqali esa yo‘lovchilar diqqatiga mazkur illatdan ogoh etishga chaqiruvchi videoroliklar namoyishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, o‘z vazifasini suiste'mol qilishga uringan bojxonachilar haqida xabar berish maqsadida “Ishonch telefonlari” uzluksiz faoliyat yuritib kelmoqda.

Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurashish davlat va jamiyatning o‘zaro jipsligi talab etiladi. Zero, bu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar fuqarolar tomonidan ham faollik ko‘rsatilsagina, ko‘zlangan natijani berishi mumkin.