Hayotda hech bo‘lmaganda bir marta o‘tish kerak bo‘lgan 10 ta yo‘l
Biz allaqachon qulay transport vositalarida sayohat qilishga, samolyotlarda uchishga, barcha sharoitlarga ega mehmonxonalar xizmatidan foydalanishga o‘rganib qolganmiz. Ammo shuni bilingki, sayohatning asl mazmuni yelkangizga ryukzak ilib qilingan sayohatdagina namoyon bo‘ladi. Xuddi mana shu yo‘l bilangina o‘zga bir mamlakatdagi hayotni, muhitni anglay olasiz, sabr-toqatingiz va kuchingizni sinovdan o‘tkazib, o‘zingizni betakror Yerimizning bir bo‘lagi sifatida his qilasiz.
Saytimiz hayotingiz davomida aqali bir bora bo‘lsa-da, o‘zingiz bosib o‘tishingiz kerak bo‘lgan, go‘zal tabiat yaratiqlari bo‘lmish dunyoning 10 ta ajoyib yo‘li to‘g‘risidagi ma'lumotlarni sizga taqdim qiladi.
Samoga yo‘l, Gavayi
4000 zinapoyadan iborat ushbu ekstremal yo‘nalish Xayku so‘qmog‘i yoki Samoga yo‘l deb ham nomlanadi. U Gavayining Oaxu orolida joylashgan. Uni Ikkinchi jahon urushi paytida Amerika askarlari tepalik ustidagi antennalarga yetib borish uchun qurishgan. Mahalliy hukumat vaqti-vaqti bilan bu xavfli zinapoyani yopib qo‘yishadi, biroq unga chiquvchilarning soni aksincha, ortib bormoqda. Agar u yerga chiqib olsangiz, yodda tuting, pastga yaxshisi qaramaganingiz ma'qul.
Sikoku ziyoratgoh yo‘li, Yaponiya
Sikoku orolida qadimgi Yaponiyaning jami go‘zalligi boricha saqlanib qolgan. Shuning uchun butun orolni o‘rab olgan yo‘ldan nafaqat konus bosh kiyimli ziyoratchi-buddistlar, balki bir guruh sayyohlar ham yurishadi. Bu yo‘nalishdan yurish kishidan to‘la ikki oy vaqtni talab qiladi va mana shu uzoq sayohat davrida go‘zal yapon bog‘lari bilan o‘ralgan 88 ta qadimiy buddaviylik ibodatxonasini ziyorat qilib, qalban xalovatga erishish mumkin.
Inklar so‘qmog‘i, Peru
Deyarli olti yuz yilni bosib o‘tgan, inklar tomonidan qurilgan mazkur qadimiy yo‘lda hozirgi kunda mahalliy yo‘lboshlovchilar yordamida sayyohlar yurishadi. Yo‘l ba'zan jungli oralab o‘tsa, ba'zida toqqa chiqib oladi. Uning poyonida bo‘lsa sizni betakror ko‘rinish, qadimgi inklarning Machu-Pikchu imperiyasi ilohiy shahri, “samoviy shahar” kutib turibdi.
Sarek milliy bog‘i, Shvetsiya
Laplandiya, Qor malikasi mamlakati — bu ertak emas, bu yerning ko‘rinishi ertaknamo. Uning yovvoyi shimoliy tabiati bilan Sarek milliy bog‘ida yaqinroq tanishish mumkin. Bu yerga sayohat uyushtirganlarni Shvetsiyaning baland tog‘lari, daryolari, muzliklari, shimol yog‘dusi va ruhiy erkinlik hissi kutib turibdi.
Likiy so‘qmog‘i, Turkiya
Bu yerga qilingan sayohatdan siz faqat va faqat kuch-quvvat olasiz. Ammo bu hali Turkiya sayyohlarga taqdim qiladigan hamma narsa emas. Masalan, Likiy so‘qmog‘i mamlakatning mo‘'jizakor tomonini ochib beradi. Qumli moviy ko‘rfazlardan toki Likiyaning qadimgi aholisi taxminan 3 ming yil oldin qoyalarda qoldirgan qabrlar Likiy so‘qmog‘iga yanada sirli ko‘rinish baxsh etadi.
Olov ko‘rfazi, Avstraliya
Olov ko‘rfazi nomi unga och sabzi rang lishayniklar bilan qoplangan sohil bo‘yidagi qoyalarning noodatiy ranggi tufayli berilgan. Dunyoning hech bir burchagida uchramaydigan ajoyib ko‘rinishga ega sohil yoqalab o‘tgan yo‘nalishdagi sayohat to‘rt kun davom etadi. Sayyohlar betakror tabiat tasviriga guvoh bo‘lishadi: oq qum, katta-katta sabzi rang valunlar (tog‘ jinslarining bo‘laklari; yumaloq katta tosh) va moviy okean.
Quruqlik so‘qmog‘i, Avstraliya
Avstraliyadagi ushbu mashhur yo‘nalish Tasmaniyaning go‘zal joylari: baland tog‘ cho‘qqilari, billurday toza suvli ko‘llar, sharsharalar va archagulli dalalari yonidan o‘tadi. U yerda siz vombatlar, yexidna, kenguru va boshqa mahalliy hayvonlarni uchratishingiz mumkin.
Avliyo Iakova yo‘li, Ispaniya
Asrimiz o‘rtalarida mazkur yo‘ldan Ispaniya homiysi apostol Iakovaning qabrini ziyorat qiluvchilar yurishgan. Bugungi kunga kelib bu yo‘l yanada mashhur bo‘ldi. Uning qayta mashhur bo‘lishida Paolo Koelo qalamiga mansub “Kohinning kundaligi” asarining o‘rni katta bo‘ldi. Hozirda unda nafaqat ziyoratchilar, balki o‘zligini anglashga qaror qilgan kishilar ham yurishadi. Sayohat so‘nggida ko‘pchilik esdalikka Avliyo Iakova yo‘li ramzini bildiruvchi chig‘anoq ko‘rinishidagi tatuirovka chizdirishadi.
Zion milliy bog‘i, AQSh
Zion ko‘plab qoyalar va tosh plato, chuqur kanonlar va o‘zgacha tunnellar bilan o‘ralgan. Va bularning hammasi turli xil rangda tovlanadi: pushti, sabzirang, qizil, zumradrang va moviy. Zion go‘yo kamalak misol tovlanadi. Bunday ertaknamo joyda o‘zingizni Yer sayyorasida ekanligingizga shubha qilasiz.
Annapurna atrofidagi piyodalar yo‘li, Nepal
Annapurna tog‘ maskanidan hali hech kim o‘zgarmasdan qaytmagan. Nepal – bu dunyodagi eng ulug‘vor tog‘lar, dunyodagi eng chuqur daralar, tog‘lar orasida yo‘qolib ketgan buddaviylar ibodatxonalari…
Manba: Xabardor.uz