Jamiyat | 18:07 / 21.08.2015
8731
2 daqiqa o‘qiladi

“Drujba burger” restoranlar tarmog‘i Xitoyda o‘z shoxobchalarini ochadi

O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib faoliyatini boshlagan tez tayyor bo‘luvchi taomlar (“fastfud”) restorani — “Drujba burger” Xitoyning Guanjou shahrida ham o‘z nuqtasini ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xorijdagi ilk ovqatlanish shoxobchasi 1 sentabr kuni xo‘randalarga xizmat ko‘rsatishni boshlashi kutilmoqda.

“Drujba burger” ovqatlanish shoxobchalari tarmog‘iga ilk marotaba 2000 yilda xususiy tadbirkor Nodir Shodimetov tomonidan asos solingan bo‘lib, ayni paytda Toshkent shahrida 5ta xizmat ko‘rsatish nuqtasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaqin orada yana ikkita shoxobchaning ish boshlashi kutilmoqda.

2009 yilda Nodir Shodimetov avtohalokatga uchraganidan so‘ng uning ishini turmush o‘rtog‘i davom ettirmoqda. Yurtimizda tadbirkorlarga berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan tadbirkor “Drujba burger” brendini nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoga yoyish borasida ish olib bormoqda. Dastlabki qadam sifatida Xitoyning Guanjou shahrida (Shi Yuexiu Qu Huale Lu 57 Hao Shouceng Zibian 102 Hao Fang) shoxobcha faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik yana bir nechta “Drujba burger” restoranlarini ochish rejalashtirilgan.

Dunyoning yetakchi “fast-fud” restoranlari faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakatda xo‘randalar ishonchi va hurmatini qozonish uchun Nodir Mahmudov boshchiligidagi o‘zbekistonlik bir guruh tajribali oshpazlar bor imkoniyatini ishga solishga qaror qilgan. Xitoylik xo‘randalar talab va istaklari asosida sifatli xizmat ko‘rsatish, mazali “Drujba burger” mahsulotlarini tayyorlash rejalashtirilgan.


Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish