Jamiyat | 12:01 / 25.08.2015
4750
2 daqiqa o‘qiladi

Qariyalar uchun Samarqandga turistik sayohat uyushtirildi

19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi Respublika Urush va mehnat faxriylari pansionatida umrguzaronlik qilayotgan mehnat faxriylari va keksalar uchun Samarqandga sayohat tashkil qilindi. Hurmatga sazovor keksalarimiz turistlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy avtobusda ko‘hna shaharga yetib bordilar.

Qariyalar, ayniqsa, Registon maydonini obdon tomosha qildilar. Uchta katta madrasa - Tilla Qori, Sherdor va Ulug‘bek madrasalari kompleksi bilan o‘ralgan maydonda turishar ekan, xuddi o‘sha zamonlarda Samarqandning asosiy bozor maydoni bo‘lgan joyda turli tomonlardan tujjorlarning chaqiriqlari kelgandek bo‘ldi.

Respublika Urush va mehnat faxriylari pansionatida yashovchi keksalar Temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq ko‘hna shahar ko‘chalarini sayr qilish barobarida Imom al-Buxoriy maqbarasini ham ziyorat qilishdi. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan tiklab obodonlashtirilgan ushbu tarixiy-madaniy kompleks ularni ham hayratda qoldirdi.