Sport | 15:47 / 03.09.2015
2750
2 daqiqa o‘qiladi

Bekhem o‘z imzosi tushirilgan "Arsenal" futbolkasini 10 ming funtga sotib oldi

Angliya terma jamoasi sobiq yarimhimoyachisi Devid Bekhem o‘zining imzosi tushirilgan «Arsenal» klubi futbolkasini 10 ming funt sterlingga sotib oldi. Bu haqda The Daily Mail nashri xabar tarqatdi.

Bekhem mazkur libosni Londondagi xayriya tadbiri doirasida 1 sentabr kuni 13 yoshga to‘lgan o‘g‘li Romeoning tug‘ilgan kuniga sovg‘a sifatida sotib olgan. Romeo «Arsenal» klubi muxlisi bo‘lib, so‘nggi uch yil davomida «kanonirlar» futbol akademiyasi shug‘ullangan va joriy yilning fevralida u yerdan haydalgandi.

Mazkur xayriya tadbiri doirasida jami 7 million funt sterling mablag‘ yig‘ildi. Tadbirdan yig‘ilgan pullar turli xil og‘ir xastalikka chalinganlarni muzikoterapiya orqali davolash uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot uchun, Devid Bekhem o‘z vaqtida Angliyaning «Manchester Yunayted», Ispaniyaning «Real», Italiyaning «Milan», Fransiyaning «PSJ» va AQShning «Los-Anjyeles Gelaksi» klublari safida to‘p surgan. Angliya terma jamoasi safida esa 115ta o‘yinda maydonga tushib, 17 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgan. 2013 yilning may oyida futbolchi faoliyatini yakunlagani haqida e'lon qilgandi.