Bryusselda 6 mingdan ortiq fermer namoyishga chiqdi
Belgiya va Fransiyadan bo‘lgan 6 ming nafardan ortiq fermerlar Bryussel shahrida namoyish uyushtirishdi. Ular Yevropa Ittifoqidan ikki mamlakatning chegara hududida joylashgan fermerlarga moliyaviy yordam ajratishini talab qilishmoqda. Bu haqda Le Soir nashri xabar bergan.
Mahalliy manbalarning xabar berishicha, norozi fermerlar namoyishga traktorlarda kelishgan. Ayni vaqtda ular Bryusselda joylashgan Yevropa Ittifoqi kengashi va Yevrokomissiya ofislari joylashgan binolarni o‘rab olishgan. Namoyishchilar politsiyachilarga tuxumlar va mash'alalar uloqtirishmoqda. Ular shuningdek, bino oldida poxol uyumlarini yoqishgan.
Ayni vaqtda Yevropa Ittifoqining a'zolari bo‘lgan 28 davlatning qishloq xo‘jalik vazirlari mavjud vaziyatdan chiqish masalalarini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazmoqda. Bu davlatlarning qishloq xo‘jaligi sohasida Rossiyaga eksportning taqiqlangani tufayli inqiroziy holat yuzaga kelgan. Inqiroz ayniqsa, sut va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi fermerlarga jiddiy zarar yetkazgan.
Biroz oldinroq, Yevrokomissiya sanksiyalardan jabr ko‘rgan fermerlarga yordam ko‘rsatish muddatini keyingi yilning iyuliga surishga qaror qilgandi.