Jamiyat | 16:28 / 07.09.2015
49579
3 daqiqa o‘qiladi

Eng injiq o‘zbek aktrisalari reytingi

“Darakchi” gazetasi o‘z an'anasiga sodiq qolgan holda navbatdagi sonida ham o‘ziga xos reyting e'lon qildi. Ushbu reyting eng injiq o‘zbek aktrisalari beshtaligidan iborat bo‘ldi. Reyting natijalariga ko‘ra “injiq” deb topilgan aktrisalar bunday ta'rifga o‘z munosabatlarini bildirib o‘tishdi.

Rayhon Ulasenova, aktrisa:

“Stsenariy yoqmasa, meni o‘sha filmda suratga tushishga hech qanaqasiga ko‘ndirib bo‘lmaydi. Eng katta talabim esa filmda ishlaydigan har bir kishi suratga olish maydonchasiga o‘z vaqtida kelsin. Punktualligim sabab ko‘pincha boshqalarning mas'uliyatsizligidan ranjiyman. Shunga qaramay, bir soat kutishim mumkin, lekin undan u yog‘iga sabr qilib o‘tirmayman”.

Nigora Karimboyeva, aktrisa:
“Qat'iy tartibni yoqtiraman. Suratga olish aytilgan vaqtda boshlanib, belgilangan vaqtda tugashi shart. Chunki ishlarimni soatma-soat belgilayman. Va kun tartibiga rioya qilaman. Ishga bo‘lgan munosabatni ham qadrlayman. Hangoma aytib, kulishib o‘tirib, vaqt ketkazadiganlarni yomon ko‘raman. Rejissyorga qo‘yadigan talabim – aktrisa sifatida mendan nima istashini to‘liq bayon qilib, vazifani to‘g‘ri berishi kerak. Xohlaganingizcha o‘ynayvering deydigan rejissyorlar bilan kelisholmayman”.

Muqaddas Holiqova, O‘zbekiston xalq artisti:
“Avvalo ssenariyni o‘qib chiqib, ma'qul kelsagina suratga tushishga rozi bo‘laman. Suratga olish maydonchasida biror fikr tug‘ilib qolsa, uni rejissyorga asoslab berib, kinokartinaga qo‘shtirishga muvaffaq bo‘laman... Boshqalarni grim qilgan pardoz anjomlarini menga ishlatishlarini istamayman. Pardoz anjomlarim singari liboslarimni ham o‘zim olib boraman”.

Zulxumor Mo‘minova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
“Birinchi talabim – professionalizm! Buning ortida avvalo qilayotgan ishiga bo‘lgan munosabat turadi. Ijodiy jamoada rejissyordan to yordamchilarga o‘z kasbining ustasi bo‘lishini istayman. Shundagina ishning natijasi yuzaga chiqadi”.

Shodiya To‘xtayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
“Avvalo kishi o‘ziga nisbatan talabchan bo‘lmasa, boshqalarga qo‘yadigan talabing bir pul. Shuning uchun o‘zimga qo‘ygan talablarni me'yoriga yetkazib, so‘ng atrofdagilarga talab qo‘yaman. Suratga olish maydonchasida intizomni talab qilaman. Gohida kadrda bo‘lmaganlar xalal berganida suratga olishni to‘xtatib, ularning xoh yoshi mendan katta, xoh kichik bo‘lsin, iltimos, tinchlikni saqlanglar, ishlayapmiz, deyman. Atrofdagilarning ishga bo‘lgan sovuqqonligi yo rejissyorning intizomsizligidanmi, shunday holatlar yuz berib turadi”.