Sport | 08:34 / 10.09.2015
3420
2 daqiqa o‘qiladi

Irlandiyalik futbolchi o‘z jamoasi o‘yini boshlanganidan tvitter orqali xabar topdi

Irlandiyaning “Longford Taun” jamoasi futbolchisi Pet Flinn o‘z jamoasining o‘yinini yoddan chiqarib, o‘yin bo‘lib o‘tayotgani haqida jamoaning rasmiy tvitteridan xabar topdi. Bu haqda The Daily Mirror nashri ma'lum qildi.

Jamoa tvitterida Leynster viloyati kubogining chorakfinalida “Shemrok Roverz”ga qarshi uchrashuv haqida “hozircha hisob ochilmagani” haqida oddiy xabar joylashtirildi. Kutilmaganda bu xabar ostida Flinning “Hazillashyapsizmi? Bugun uchrashuvimiz bormidi?” degan yozuvi paydo bo‘ldi. U tezda o‘z xatosini to‘g‘rilab, “Men yo‘lga otlandim, yigitlar”, deb qo‘shimcha qilib qo‘ydi.

Flinning bu xayolparastligi uning faoliyatiga ta'sir qilishi dargumon, chunki u jarohati tufayli baribir maydonga tusha olmasdi. Biroq bu holat “Shemrok Roverz” tomonidan bee'tibor qolmadi: jamoa vakillarining o‘yinchi stadionga qachon yetib kelishi haqidagi savollariga “15 daqiqada” deya javob olganlaridan keyin, “Hammasi tugab bo‘ldi Pet. Biz yutdik” deb kinoyali javob berishdi.

Lekin bu o‘yin “Longford Taun” jamoasining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan va jamoa keyingi bosqichga chiqqan.

“Longford Taun” jamoasi 1924 yilda tashkil topgan bo‘lib, uy maydoni 6.5 ming kishini sig‘dira oladigan “Flankare Park” hisoblanadi. Ayni paytda jamoa Irlandiyaning 2-dvizionida ishtirok etadi. Klubning bosh yutuqlari uning 2003 va 2004 yillardagi Irlandiya kubogidagi g‘alabalari hisoblanadi.