Jamiyat | 19:22 / 14.09.2015
9494
4 daqiqa o‘qiladi

Gadjyetlarning miyaga ta'siri

Bu holat hammamizga tanish. Telefonimizni olish uchun qo‘limizni cho‘ntagimiz yoki sumkamizga suqamiz, lekin uni topa olmaymiz. Shu zahoti yuragimiz taka-puka bo‘lib ketadi. Telefonim qayerda qoldirib ketdi? Ishxonadami? Oshxonadami? Mashinada tushib qoldimi? Vahimaga tushamiz. Ayni paytda nima bilan mashg‘ul ekanligingizning ahamiyati yo‘q – eng asosiy vazifa zudlik bilan telefonni topish bo‘ladi.

Nima uchun telefonimizni yo‘qotib qo‘yganimizda bunday holatga tushib qolamiz? Nega o‘zimizni qo‘lga olishimiz va ijtimoiy tarmoqlarga hech bo‘lmasa bir kun kirmaslik shunchalar qiyin? Ma'lum bo‘lishicha, zamonaviy texnologiyalar miyamizga shu darajada kuchli ta'sir etarkanki, bizning giyohvandlardan farqimiz qolmas ekan.

Gadjyetlar zo‘riqishga olib keladi 

Zamonaviy uskunalardan foydalanish zo‘riqish gormoni – kortizol miqdorining oshishiga olib keladi. Internet bizga ma'lumotlar olish uchun erkinlik berdi va unda yaxshi xabarlarni ham, insonlarning asabini junbushga keltiruvchi yomon xabarlarni ham ko‘ramiz. Tadqiqotlardan ma'lum bo‘lishicha, bir kunda uch soatdan ortiq vaqt davomida komyuter va telefonda o‘yin o‘ynaydigan bolalarda zo‘riqish gormoni me'yordagidan uch barobar yuqori bo‘lar ekan.

Siz ko‘p narsani bilasiz, lekin tez unutasiz

Birorta yangi narsa bilan tanishganimizda, olingan ma'lumotni xotiraga ko‘chirish uchun miyamizga vaqt kerak bo‘ladi. Lekin texnologiyalardan muntazam foydalanish bu jarayonga xalaqit beradi. Bir kunda 8-9 soat davomida kompyuter monitoriga termulib o‘tiramiz, uyga yetgunimizcha telefonimizda internetga kiramiz, uyda esa televizor qarshisida ovqatlanamiz va uxlaymiz. Ertasiga yana shu holat davom etadi. Olimlarning fikricha, bunday hayot tarzi miyani ishdan chiqaradi. 

Yorqin ekran uyquni buzadi

Nevrologlarning ta'kidlashlaricha, telefon, planshet va kompyuterlardan chiqadigan yorug‘lik uyqu gormoni – melatonin ishalb chiqarilishini sekinlashtiradi. Tun kirishi bilan miyada melatonin ishlab chiqarila boshlaydi va tanamizga uxlash vaqti bo‘lganini buyuradi. Yorug‘lik esa miyani hali kech kirmagan deb hisoblashga majbur qiladi. Har safar uxlash oldidan telefonga termulish miyani dam olmaslikka majburlaydi. Uyqu yetishmasligi esa tushkunlik va asabiylikka olib keladi.

Internet aqlni o‘tmaslashtiradi

Biz onlayn-testlarni yechganimizda yoki biror mashhur shaxsning fikrlarini o‘qiganimizda o‘zimizni aqlli bo‘lib borayotgandek his qilamiz. Lekin tadqiqotlardan ma'lum bo‘lishicha, veb-serfing bilan ko‘p shug‘ullanish miyaning fikrlash uchun javob beradigan po‘stlog‘i yupqalashishiga olib kelar ekan. Biz ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin, lekin shu bilan birga tezkorlik bilan fikrlash qobiliyati pasayib boradi.

Internet — giyohvand modda

Tadqiqotlar natijalari ko‘rsatishicha, internetga tobe insonlarning miyasi xuddi giyohvandlarning miyasi kabi ko‘rinishda bo‘lar ekan. Internetdan erkin foydalanish imkoniyati unga mutelikdan qutulishga imkon bermaydi. To‘g‘ri, biz giyohvandga aylanib qolmaymiz, lekin miyamizda salbiy o‘zgarishlar yuzaga keladi. Internet giyohvand moddaga, internet-provayder esa ushbu moddani sotuvchiga aylanadi.

Ijobiy jihati

Geymerlarning miyasi skaner qilinganida, kompyuter o‘yinlari miyadagi kulrang modda miqdorini oshirishi aniqlangan. Yuqorida aytib o‘tilgan fikrlar sizni cho‘chitib yuborgan bo‘lsa, mazkur fikr sizga taskin berishi mumkin: kompyuter o‘yinlari me'yorida o‘ynaladigan bo‘lsa, aqliy salohiyat rivojlanadi.

Manba: xabardor.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish