Buzilishi kerak bo‘lgan uyini tark etishni istamagan xitoylik uyida yonib ketdi
Buzilishi kerak bo‘lgan uyini tark etishni istamagan xitoylik uyida tiriklay yonib ketdi, deb xabar bermoqda The South China Morning Post nashri.
Xitoyning Shandun viloyati, Difan qishlog‘ida yashovchi Chjan Tszimin ismli 46 yoshli fermerning uyi joylashgan qishloq o‘rnida Lini shahrining yangi mavzesi qurilishi rejalashtirilgani sababli uyi buzilishi kerak bo‘lgan. Biroq Chjan unga taklif qilingan tovon pulini kam deb hisoblab, boshqa yerga ko‘chib o‘tishni istamagan.
Chjanning yaqinlarining aytishicha, mutassadi xodimlar fermerni uyni sotishga ko‘ndira olishmagan. Fojiadan avval esa Chjanning rafiqasi noma'lum shaxslar tomonidan qattiq kaltaklangan.
Uyni buzishga kelgan brigada kelgandan keyin fermer uyining ichiga kirib olib, undan chiqishdan bosh tortgan.
Quruvchilar texnika yordamida uy oldida to‘siqlarni buzib, oynalarni sindirib, ichkaridan narsalarni tashqariga uloqtirishayotganda uyning ichida portlash yuz bergan va yarim vayrona uy alanga ichida qolgan. Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar xonalardan birida yonib kul bo‘lgan Chjanning jasadini topishgan. Guvohlarning taxminiga ko‘ra, uyda gaz balloni portlagan, biroq bu nima uchun yuz bergani hozircha ma'lum qilinmagan.
Politsiya ushbu voqea yuzasidan tergov ishlarini boshladi.
Xitoy shaharlari borgan sari kengayib borayotgani sabab yaqin oradagi qishloqlarda buziladigan uylar uchun beriladigan tovon puli Xitoydagi eng og‘ir masalalardan hisoblanadi. Odatga ko‘ra, hukumat yoki umuman tonvon puli to‘lamaydi, yoki uni juda kam miqdorda taklif qiladi.