Qirg‘izistonlik 25 yoshli Nazirbek qo‘lsiz kuniga 1000 somgacha pul ishlab topishni o‘rgandi
Qirg‘izistonning Jalol-Obod viloyati Nookent tumanida istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironi Nazirbek Taylakov kompyuterlarni sozlash orqali kuniga 700-1000 som (o‘rtacha 15 dollar) pul ishlab topmoqda.
Nazirbek bir qo‘lsiz dunyoga kelgan, ikkinchi qo‘lining esa barmoqlari yo‘q. Hozir Nazirbek 25 yoshda va u zamonaviy dunyo sharoitida kun kechirishni o‘rgandi.
Turmush qirg‘iz sayti muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda 25 yoshli yigit taslim bo‘lmaslika qaror qilgani va tug‘ma nogironligiga qaramasdan, qishloq tumani markazi Masida kompyuter texnikalarini sozlash markazini ishga tushirganini so‘zlab berdi. O‘z texnikasini ta'mirlatish istagidagi Nazirbek mijozlari soni muntazam ortib bormoqda.
“Bolaligimdan kompyuterlarga qiziqishim baland edi, 2008 yilda esa men ularni ta'mirlashni boshladim. Bu ishni oz-ozdan o‘zlashtirib, so‘ngra o‘z ustaxonamni ochdim”, – dedi u.
Nazirbek kompyuter ta'mirlash uchun maxsus ta'limni egallamagan. Oilaviy sharoitlariga ko‘ra dasturchilik bo‘yicha oliy ta'lim muassasasidagi o‘qishini bir yildan so‘ng davom ettirmaslikka qaror qilgan Nazirbek, garchi mutaxassislik diplomi bo‘lmasa ham, kompyuter haqida hammasini bilishini ta'kidlab o‘tdi.
25 yoshli Nazirbek Qochqor-Ota shahrida ham ustaxona ochishni rejalashtirgan. Uning fikricha, shaharda ko‘proq kishi yaxshi ustaga ehtiyoj sezayapti. “Hozir kompyuter texnologiyalari asri, bizda esa kompyuter va noutbuklarni sifatli, arzon narxlarda ta'mirlaydigan ustalar kam. Biz vaqt bilan harakat qilishimiz kerak. Hozirda shunday kunlar bo‘ladiki, 5-6ta kompyuter va 5-6 printerni sozlashimga to‘g‘ri keladi. Shu ish orqasidan kun kechirayapman. Buni mening asosiy kasbim desa ham bo‘ladi. Topayotgan pulim o‘zim va men eng kattasi bo‘lgan oilam uchun yetarli. Mendan keyin yana uch ukam bor. Shunday yashayapmiz”, – dedi usta.