O‘zbekiston | 21:15 / 17.09.2015
5063
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda "Bolalar kitobi" II respublika festivali o‘tkazilmoqda

Toshkent shahrining G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Sog‘lom va ma'naviy yetuk avlod - yurt kelajagi” shiori ostida “Bolalar kitobi” II respublika festivali o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 60dan ziyod nashriyot va matbaa korxonalari o‘z kitob mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Festivalni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ko‘magida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta'limi vazirliklari, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, Yozuvchilar uyushmasi, "Sog‘lom avlod uchun" hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi tashkil etgan.

Tadbirning maqsadi o‘sib kelayotgan avlodni intellektual rivojlangan va ma'nan barkamol qilib voyaga yetkazishda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada kengaytirish, yoshlarning milliy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini, kitobga bo‘lgan hurmatini oshirish hamda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yanada shakllantirib borishga hissa qo‘shish, bolalar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy-badiiy jihatdan yetuk adabiyotlar salmog‘ini ko‘paytirish hamda bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdir.

“Bolalar kitobi” II respublika festivali bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida ham o‘tkazilmoqda. Festival 19 sentabrgacha davom etadi.

Tadbirda ishtirok etayotgan “Hilol nashr” nashriyoti xodimi Yorqinjon Haydarovning aytishicha, bu yilgi festivalda nashriyot tomonidan bolalar uchun mo‘ljallangan 10 nomdan ortiq kitob taqdim etilgan. Yaqinda chop etilgan “To‘rt muchangiz sog‘ bo‘lsin” (muallif – Iroda Ulug‘bek qizi) kitobida uy-ro‘zg‘or buyumlariga she'riy tarzda, bolalar uchun qiziqarli usulda ta'rif berilgan, suratlari ham ilova qilingan. “Odobingiz – obro‘yingiz” kitobida esa, hikmatlar asosida bolalar uchun axloq qoidalari bayon qilingan. Shuningdek, Tohir Malikning “Mehmon tuyg‘ular”, “Siz qanday yashamoqchisiz?” kitoblari ham yangi kitob sifatida taqdim etildi.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan 2015 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, 111ta nashriyot, 1650ga yaqin matbaa korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Respublika nashriyotlari tomonidan har yili 3 ming nomdan ziyod, umumiy adadi 45 mln nusxadan ortiq turli kitob mahsulotlari nashr etilmoqda. Ellikdan ortiq nashriyot bolalarga bag‘ishlangan noshirlik mahsulotlarini chop etib kelmoqda. Bugun O‘zbekistonda nashr etilayotgan adabiyotlarning har uchtadan bittasi bevosita bolalarga bag‘ishlangan nashrlardir.