Jahon | 16:18 / 19.09.2015
19968
5 daqiqa o‘qiladi

Sayyoramizning mantiqqa zid ajoyibotlari

Sayyoramiz tarixi siru sinoatlarga to‘la. Jumboqlarni yechishga esa, butun umrimiz ham yetmaydi. Ammo siz hozir mana bu maqolamiz orqali kurramizning aql bovar qilmaydigan sirlari yashiringan sandiqqa bir ko‘z tashlashingiz mumkin.

1. Moa qushi

Moa — bundan 500 yil oldin Yangi Zelandiyada yashagan uchmas qushlardir. Tadqiqotlarning birida olimlar qushning juda yaxshi saqlanib kelgan panjasini topishdi.

2. Saksayuaman ibodatxonalar kompleksi, Peru

Mazkur ibodatxonalar kompleksi bir tomchi ham biriktiruvchi qorishma ishlatilmasdan benuqson qurilganligi bilan insonlarni hayratga soladi. Ba'zi toshlar orasidan hatto yupqa qog‘ozni ham o‘tkazib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, har bir blokning sirti mohirona ishlangan.

3. Quyosh darvozasi, Boliviya

Quyosh darvozasi qadimiy va ertaknamo shahar Tiuanakada joylashgan. Eramizning birinchi mingyilligida u katta imperiyaning markazi bo‘lgan. Yer yuzida odam ilk bor xuddi mana shu yerda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Haligacha darvozadagi rasmlarning nimani anglatishi to‘g‘risida aniq tasavvurlar mavjud emas. Balki ular qandaydir astrologik va astronomik qimmatga egadirlar.

4. Lunyu groti, Xitoy

Mazkur grotlar qumtoshlardan odamlar tomonidan o‘yilgan. Bu minglab xitoyliklar jalb qilingan o‘ta murakkab ish bo‘lgan. Biroq hech bir manbada bu grotlar va ularning yaratilishi haqidagi ma'lumotlar uchramaydi.

5. Obelisk, Misr

 

Obelisk qoyaning o‘zidan o‘yib ishlangan. Ammo ish jarayonida unga dars ketgan va u tugallanmay qolgan. Obeliskning hajmi sizni ham e'tiborsiz qoldirmaydi. Hayratlanarli!

6. Suvosti shahri, Yonaguni, Yaponiya

 

Kompleksni dayving bo‘yicha instruktor Kixachiro Aratake tasodifan topgan. Ushbu suvosti shahri barcha ilmiy nazariyalarni rad qiladi. U qurilgan qoya bundan kamida 10 000 yil, demak Misr piramidalari qurilishidan ancha oldin suv ostiga ketgan. Zamonaviy tasavvurlarga ko‘ra, o‘sha paytlari insonlar tosh shaharlar qurishni hayoliga ham keltirishmagan. Ular jonlarini saqlash uchun g‘orlarda yashab, yeyish mumkin bo‘lgan ildizlar bilan oziqlanishgan. 

7. Moxenjo-Doro (“Murdalar tepaligi”), Hindiston

 

Mazkur shaharning yo‘q bo‘lib ketishi bir necha o‘n yilliklardan beri arxeologlarni tashvishga solib kelmoqda. 1922 yili hind arxeologi R. Banardji Hind daryosining orollaridan birida qadimiy vayronalarni topdi. Mana shunda bir qancha savollar tug‘ildi: bu katta shahar qanday qilib vayron qilingan, unda yashovchilar qayerga yo‘qolib qolishgan? Ammo izlanishlar, topilmalar bu jumboqlarning javobini haligacha topgani yo‘q.

8. L’Ans-o-Medouz ko‘hna shahri, Kanada

 

Ushbu ko‘hna shahar taxminan 1000 yil oldin vikinglar tomonidan barpo qilingan. Demak ular Shimoliy Amerikaga hali Xristofor Kolumb tug‘ilmasdan ancha oldin yetib borishgan.

9. Tosh asri tunellari

 

Yirik yerosti tunellari tizimining (Yevropadan Turkiyaga qadar cho‘zilgan) topilishi Tosh asri odamlarining faqatgina ov va termachilik bilan shug‘ullanmaganliklarini ko‘rsatadi. Lekin tunellarning aniq vazifasi haligacha sir bo‘lib qolmoqda. Ba'zi tadqiqotchilar ular odamlarni yovvoyi hayvonlardan asragan deb fikr yuritsa, boshqalari odamlar bu tizim orqali noxush ob-havo hamda urushlardan holi holda sayohat qilishgan deyishadi.

10. Kosta-Rikadagi yirik shar toshlar

 

Bu ajoyib aylana shaklga ega toshlar nafaqat ko‘rinishi, balki o‘zining tushinarsiz holda paydo bo‘lgani va vazifasi bilan ham insoniyatni hayratga solib keladi. Dastlab ular XX asrning 30 yillarida banan plantatsiyalari joylashgan junglilarni tozalab yurgan ishchilar tomonidan topilgan. Mahalliy afsonalarga ko‘ra, bu sirli shar toshlar ichida oltin yashiringan bo‘lishi kerak. Biroq ular yorilganda bo‘m bo‘sh bo‘lgan.