Light | 19:23 / 21.09.2015
28512
12 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘ ibodatning ulug‘ mo‘'jizalari: Haj safariga masofadan sayohat

“Labbaykallohumma! Labbaykallohumma!” (“Labbay, ey Allohim! Labbay, ey Allohim!”)

Ana shunday muborak kalomlarni aytib, haj amalini qilayotganlarga barcha mo‘min-musulmonlarning havasi keladi. Dillariga yaxshi niyat sizib kiradi, o‘sha muqaddas joylarga borib kelishni orzu qilishadi. 

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat etgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan shunday naql etiladi: “Darhaqiqat, Alloh taolo hoji bilan maloikalar huzurida faxrlanib: “Mening bandalarimga qaranglar! Dunyoning hamma yeridan chang-to‘zonga belanib Mening huzurimga kelishdi. Sizlarning guvohligingizda ayturmanki, Men ularning gunohlaridan o‘tdim”, deydi”.

Imom Ahmad “Musnad”larida rivoyat etganlar.

Barchani ana shunday yaxshilik va barokot kunlariga yetishlarini istagan holda, haj ibodati davomida boriladigan, ko‘riladigan, bajariladigan va u yerda har qadamda duch kelinadigan mo‘'jizalarning ayrimlari haqida ushbu maqolamizda to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, bu yili haj ibodatini 1,5 mln kishi ado etadi. Allohga shukrlar bo‘lsinki, bu yil muqaddas haj safariga yurtimizdan 5200 nafar kishi bordi. Ular o‘z ko‘zlari bilan u yerdagi ilohiy mo‘'jizalarning guvohi bo‘lishdi. 

1. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning masjidlari

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘ch bog‘lab borish faqat uch masjidgagina bo‘ladi: mening ushbu masjidimga, Masjidul haromga va Masjidul Aqsoga”, dedilar”. 

Beshovlari rivoyat qilishgan.

“Ko‘ch bog‘lab borish” jumlasini ulamolar Allohga qurbat hosil qilish uchun tayyorgarlik ko‘rib, ko‘ch-ko‘ronini olib safar qilish tushuniladi.

Demak, ziyoratidan savob umid qilib, alohida niyat bilan safar qilish mumkin bo‘lgan masjid uchta ekan: 

Madinai munavvaradagi payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning masjidlari;

Makkai mukarramadagi Masjidul harom;

Quddus sharifdagi Masjidul Aqso. 

Ma'lumki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylari masjidlariga yopishgan bo‘lgan. Hujrai saodatdan oyoq qo‘yib masjidga chiqilgan. 

Hozirgi vaqtda ham buni yaqqol sezish mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hujralariga dafn qilinganlar, qabrlari masjidning bir tomonida – hujrai saodatda joylashgan. Ana o‘sha joydan ma'lum masofaga minbarlari o‘rnatilgan. Ana o‘sha oraliq masofa ravzai sharif deyiladi.

2. Shahidlar ziyoratgohi 

Shahidlar ziyoratgohi Uhud tog‘ida joylashgan. Shahidlarning sayyidi hazrati Hamza roziyallohu anhu, u kishining sheriklari Mus'ab ibn Umayr va Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhumo va Uhud g‘azotida shahid bo‘lgan yana yetmish sahobiy mana shu yerga kelib ziyorat, ular haqiga duolar qilinadi.

3. Masjidul qiblatayni: ikki qibla masjidi 

Bu joyning tarixi va nomlanishi quyidagicha: Baytul Maqdisga yuzlanib namoz o‘qib turilganida oyat nozil bo‘lib, Ka'batulloh qibla qilingani xabari kelgan va namozxonlar ruku'da turgan hollarida orqa tomonlariga burilib namozni davom ettirganlar. Shuning uchun mazkur masjid “Masjidul qiblatayni: ikki qibla masjidi” nomini olgan.

4. Yetti masjid

“Yetti masjid” nomli ziyoratgohda yettita kichik hajmli masjid bo‘lib, Rasululloh alayhissalom, Hazrati Bilol, hazrati Abu Bakr va hazrati Umar hamda boshqa sahobalarning nomlari bilan ataladi. Aytishlaricha, Xandaq urushida dushman xavfi bo‘lgani uchun namozga katta jamoat qilish imkoni bo‘lmay, kichik jamoatlar bo‘lgan va ularning makoniga keyin masjidlar qurilgan.

5. “Qubo” masjidi 

Madinai munavvaraga Makkai mukarrama tarafdan kirib kelishdagi Qubo, degan joyda Islomdagi birinchi masjid qurilgan. Shuning uchun ham bu masjidning alohida e'tirofi bor. Madinai Munavvara ziyoratiga borgan kishilar Qubo masjidini ham ziyorat qilib, unda namoz o‘qishga harakat qilishadi.

6. Tavofi qudum

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makkaga yetib kelgan chog‘larida eng avval qilgan ishlari tahorat olib baytni tavof qilish bo‘ldi”.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Bu tavofni tavofi qudum – yangi kelish tavofi deyiladi. Bu tavof sunnatdir.

7. Zam-zam suvini tik turgan holatda ichish

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ichish uchun zamzam tutdim. U zot uni tik turgan hollarida ichdilar”.

Osim aytdi: “Ikrima u zot o‘sha kuni tuyaning ustida edilar”, deb qasam ichdi.

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan.

Imom Muslimning lafzida:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam zamzamdan chelakda tik turgan hollarida ichdilar”, deyilgan.

Shuning uchun o‘lkamizda zamzamni tik turib, qiblaga qaragan holda ichishadi.

8. Zam-zam suvi nega uyga olib ketiladi?

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“U kishi o‘zlari bilan zamzam suvini ko‘tarib olardi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning undan ko‘tarib olishlari haqida xabar berardi”.

Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih degan.

Shu hadisga amal qilib, bugungi kungacha millonlab musulmonlar zamzamdan o‘z yurtlariga ko‘tarib olib ketadilar.

9. Tavriya kuni

Tarviya so‘zi suv to‘plash ma'nosini bildiradi. Qadimda Mino va Arofotga chiqishdan bir kun oldin suv manba'laridan suv to‘plangani uchun mazkur kun shu nom bilan nomlanib qolgan. Hamma o‘sha tavriya kuni, Zulhijjaning sakkizinchi kuni peshingacha Minoga yetib kelishga harakat qiladi.

Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda Arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Duo, ibodat bilan mashg‘ul bo‘linadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday qilganlar.

10. Arafa va Arofat

Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng, Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Arafotda turish hajning asosiy rukni bo‘lib, bu ruknsiz haj bo‘lmaydi. Arafa kuni zavoldan (quyosh qiyomdan oqqandan) boshlab, Arafotda turish vaqti kiradi. Makoni esa, Arafot deb nomlangan mashhur joy. Arafot chegarasida, vuquf makoni hisoblangan joyda turish kerak bo‘ladi. Boshqa joyda turib qolganlarning haji haj bo‘lmaydi.

Arafotda turish vaqti Arafa kuni zavoldan keyin (kechasi ham shuning ichida) hayit kunining tongi kirguncha davom etadi. Shu vaqt orasida qaysi holatda yo qancha muddat bo‘lmasin, vuqufda ishtirok etib qolgan kishi hajning asosiy ruknini bajargan bo‘ladi. Bu turishda ishtirok etmagan odam boshqa amallarni qilgan bo‘lsa ham, haji haj bo‘lmaydi. Arafotga chiqishda va u yerda turishda doim “labbayka” aytiladi. Ilojini qilgan odam Jabalur Rahmatga, u yerdagi katta harsang toshlarga chiqib duo qilsa, yaxshi bo‘ladi.

Amr ibn Shua'ybdan, u otasidan, u bobosi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Duolarning yaxshisi Arofat kuni duosidir”, dedilar”.

Termiziy va Ahmad rivoyat qilishgan.

“Arofat” so‘zi lug‘atda “bilish”, “tanish”, degan ma'nolarni anglatadi. Hazrati Ali roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga Jabroil alayhissalomni yuborib hajni ta'lim bergan. Arofatga kelganlarida u zotdan: “Arafta?” (“Tanidingmi?”), deb so‘ragan ekan. Chunki bu voqeadan avval ham Ibrohim alayhissalom bu yerga bir marta kelgan ekanlar. Ana shu voqea sabab bu yer “Arofat” deb nomlanib qolgan.

Payg‘ambarimiz alayhissalom vidolashuv hajini qilganlarida peshinni o‘qigandan so‘ng quyosh botguncha turganlar. Shu sababdan Arofatdan qaytib tushish quyosh botgandan so‘ng boshlanadi.

11. Muzdalifa

Tong otgach, bomdod namozini avval vaqtida o‘qib, Muzdalifada turish boshlanadi. Bu turish vojibdir. Quyosh chiqqandan so‘ng Minoga qarab yo‘lga tushiladi.

Ayollar, qarilar, kasallar, bolalar qiynalishdan qo‘rqsalar, Muzdalifada to‘xtamay, to‘g‘ri Minoga borishsa ham bo‘ladi.

12. Shaytonga tosh otish

Minoga kelib joylashib bo‘lgach, shaytonga tosh otish marosimi boshlanadi. Hayitning birinchi kuni yetti dona tosh otiladi. Toshni Muzdalifadan yoki xohlagan boshqa joydan terib olish mumkin. Sharti shuki odamlar otgan toshlardan bo‘lmasligi kerak. Asosan, hajmi no‘xatdan kattaroq bo‘lgan mayda toshlar teriladi.

Shaytonga tosh otish marosimi quyidagi voqea sabab vujudga kelgan. Ibrohim alayhissalom o‘g‘illarini Allohning amriga bo‘ysunub, qurbonlikka so‘ygani olib ketayotganlarida, ularning yo‘llarini shayton to‘sib chiqib, ig‘vo qilmoqchi bo‘ladi. Shunda Ibrohim alayhissalom tosh otib uni quvlaydilar.

Tosh otish – Alloh taoloning amri qanday bo‘lsa ham, unga bo‘ysunushga tayyorlik ramzi, Alloh taologa qulchilikning izhori. Shu bilan birga, yomonlik va shaytoniy ishlarni quvish ramzidir.

Hayitning birinchi kuni Jamratul Aqoba deb nomlangan joyda tosh otiladi. Uni Jamratul Kubro, Jamratul Uxro deb ham atashadi. 

Yetti toshning har biri alohida otiladi. Jamlab otish mumkin emas. 

Haj va unga bog‘liq mo‘'jizalarning ham son sanog‘i yo‘q. Ularni ba'zi ulamolar zikr qilishgan. Minodagi ajoyib mo‘'jizalardan biri u yerda bir necha million kishi bir necha kun yashashiga, ularning yeb ichishi, tahorat qilishi boshqa ishlariga qaramay birorta chivin yoki pashsha ko‘rinmaydi. Chiqindilar sasib, hid chiqarmaydi.

Allohning bu va bunga o‘xshash mo‘'jizalari juda ko‘p. Ularni birma bir sanab, adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Eng asosiysi, mana shu mo‘'jizalardan ibrat olib yashamoq. Niyat va amal bir bo‘lsagina, Allohning o‘zi mana shunday ulug‘ mo‘'jizalariga, albatta, yetkazadi.

XABARDOR.UZ / Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish