Jahon | 16:35 / 06.10.2015
2918
2 daqiqa o‘qiladi

Nissan Tokio motorshousida “g‘ildiraklar ustidagi gajyet”ni namoyish etadi

Nissan kompaniyasi Tokioda bo‘lib o‘tadigan motorshouga g‘ildiraklar ustidagi mobil gajyet deb nomlagan Teatro for Dayz kontseptual key-karini olib boradi. Mazkur avtomobil prototipi asosan o‘tgan asrning 90- yillari oxiri, 2000 yillar avvalida dunyoga kelgan “Z avlodi” deb nomlanuvchi yangi davr vakillari uchun mo‘ljallangan.

“Raqamli avlod”ning bolaligi va o‘smirligi internet, smartfon va ijtimoiy tarmoqlar keng qo‘llanila boshlagan davrga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu maqsadda kontsept-kar saloniga: oldingi konsol, eshik panellari va mashina o‘rindiqlariga ko‘plab rangli displeylar o‘rnatilgan. Ular mobil qurilmalardagi har qanday axborotlar – ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlardan tortib, suratlargacha – namoyish etishga mo‘ljallangan.

Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, kelgusida avtomobil ichki dizaynida smartfon va planshet kompyuterlari singari birgina foydalanuvchiga moslashtirish imkoni ham o‘rin egallaydi.
Nissan Teatro for Dayz tafsilotlari oshkor qilinmagan elektr dvigatel bilan ta'minlanadi. Mashinaning bamper va eshiklariga esa yorug‘lik diodlari o‘rnatilib, ular orqali turli ma'lumotlar, masalan, akkumulyator quvvati to‘g‘risidagi axborotlar taqdim etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish