Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jurnalist: PFL 2015 yilgi O‘zbekiston kubogi finalini tashkil eta olmadi
Chempionat.aziya saytida nashr qilingan maqolada 17 oktabr kuni Jizzax shahrida "Nasaf" va "Bunyodkor" jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston Kubogi finali o‘yini tashkilotchiligi keskin tanqidga uchradi.
Muallif Nodirxo‘ja Yuldashev bu yilgi final o‘yini ham avvalgi yillardagidan qolishmagan tarzda qoniqarsiz ravishda o‘tkazilgani, PFL o‘z mas'uliyatsizligini yana bir bor isbotlagani haqida yozadi.
"O‘xshamagan final yoxud "FC Sugdiona Cup-2015" sarlavhali ushbu maqolada final o‘yini o‘tkaziladigan stadion nomi o‘yin bo‘lib o‘tishiga kam vaqt qolganida aytilangani, o‘yin o‘tkaziladigan sana ham bir marta o‘zgartirilganiga urg‘u qaratgan.
Maqolada stadion holati o‘yin kuni yaxshi bo‘lgani, lekin tashkiliy masalalarga juda mas'uliyatsizlik bilan qaralgani aytilgan.
"Avvalo final uchun PFL maxsus guruhni tuzishi kerak edi. Bu guruh vakillarini final bo‘lib o‘tadigan stadion xodimlari bilan uchrashgan holda ularga maxsus instruksiya berishlari kerak edi. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Agar Jizzaxning "So‘g‘diyona" klubi matbuot xizmatida Umid Raimjonov faoliyat olib bormaganida, kechagi final bundan-da xunuk o‘tkazilar edi", deya yozg‘iradi jurnalist.
"Odatda har bir musobaqa start olishidan avval to‘rt nafar bolakay turnir bayrog‘ini olib chiqishadida, tiz cho‘kkan holda uni ko‘z - ko‘z qiladilar. PFL mana uch yildirki, komissarlik vazifalarini joriy etdi. Kubok finalida kim komissar bo‘lganini bilmadik ham. Bolakaylar bayroqni olib chiqishdida, uni o‘rtaga tashlab qaytishdi. Chunki hech kim ularga o‘rgatmaganda. Oliy ligada ham bu ishlarni qilmaymiz. Keyin aytishdi shekilli, borib ushlab turishdi. Agar musobaqa finaliga biron bir xorijlik jurnalist kelganidami...", deya davom etgan u.

Shuningdek, final ishtirokchilari bo‘lgan jamoalar uchun Jizzax shahrida mehmonxonalar oldindan band qilib qo‘yilmagani, natijada jamoalar mustaqil harakat qilib, "Nasaf" jamoasi yaxshiroq mehmonxonaga joylashgani, "Bunyodkor" esa kichik va nochorroq mehmonxonada tunaganiga e'tibor qaratilib, bunga PFL aybdor sifatida ko‘rsatiladi.
Muallifni eng ko‘p iztirobga solgan holat esa o‘yin vaqtida to‘p uzatib turishi tayinlangan bolalarning sovqotib qolgani bo‘ldi.
"Eng yomoni bu emasdi. Issiq jon. O‘yinning boshidan to oxirigacha to‘p olib beruvchi bolalar shortik va maykada turganlari bo‘ldi. U ham bo‘lsa "So‘g‘diyona"ning katta o‘lchamdagi futbolkalari. OChL va MTJ ishtirokidagi o‘yinlarda o‘rganib qolgan ekanmiz, bolalar OFK va "Worldsportgroup"ning ekipirovkalarida chiqishadi. Ular buni o‘z-o‘ziga berib yubormaydilar. Bitta tikib qo‘yib, bir necha yil ishlatadilar. Kecha to‘p olib bergan futbolchilar bundan bir necha yil o‘tib finalni, o‘yindan keyin shamollab, onalari parvarish qilib chiqqanini eslashsa kerak. Ikki soat sovuq havoda, yomg‘ir ostida qolgan bola bilan tepada choy ichib o‘tirganlarning nima ishi bor?", deyiladi maqolada.

Muallif final o‘yiniga mezbonlik qilgan jamoa "So‘g‘diyona" klubining matbuot xizmati boshlig‘i Umid Raimjonovning o‘yin tashkilotchiligi borasida yolg‘iz holda bajargan ishlarini e'tirof qilib, Kubok finali g‘olibiga 200 million so‘m mukofot tayinlagan PFL uchun bu holat sharmandali bir holatligini qayd etadi.

"O‘yin kuni erta bilan stadionga borsak, Raimjonov stadion bo‘ylab bir nimalarni yopishtirib yuribdi. Juda ham achinarli holat, "Uyat, PFL!". Kubokka 200 mln so‘m mukofot puli qo‘yguncha, shu summaning to‘rtdan bir qismini final uchun ajratganida na "Nasaf", na "Bunyodkor" xafa bo‘lardi. Ishlatdi ham deylik, uni ishlata oladigan mutaxassislar bormi "PFL"da? Eng yomoni finaldan keyin bo‘ldi. Yomg‘irda shundoq ham jiqqa ho‘l bo‘lgan Raimjonovni kechasi chiptalarni sanash uchun olib qolishdi. Aytishlaricha, PFL tezroq hisob-kitob qilish kerakligini aytgan...", deya hikoya qiladi muallif.
OAVGA YaRATILGAN ShAROIT
"So‘g‘diyona" klubi o‘zi bilgan holda o‘yinni o‘tkazishga harakat qildi. Agar oliy liga o‘yinlari OFK talablari asosida o‘tkazilganida hech qanday muammo bo‘lmasdi. Final ham shu tartibda o‘tardi. Lekin bizdagi oliy liga o‘yinlari shunchaki qo‘l uchida o‘tkaziladi. Yaqinda "Sokker Klub" ko‘rsatuvi mehmoni bo‘lar ekanman, O‘zbekiston futbolida OAVga hech qanday sharoit yo‘qligini aytib o‘tdim. Hech yo‘g‘i bu gaplar final uchun ta'sir o‘tkazadi deb o‘ylab "chuchvarani xom sanagan ekanman". Ikki yildan beri PFL vakillari o‘yinlarga komissar sifatida tashrif buyurishadi-yu, komissarlik ishi aslida nimadan iborat ekanligini hali ham yaxshi bilishmaydi. Stadionning bironta yerida beyjik namunalari yo‘q. Tartibni saqlash hodimlariga "Bu yerdan kirish huquqiga egamiz, u yerdan egamiz", - deyaverib charchadik. Ularni ayblay olmaymiz. Aytilgan ishni bajarishadi. Lekin PFLning bironta vakili bo‘lmadiki, mazkur ish bilan shug‘ullansa. Ularning qilgan ishi matbuot anjumaniga kelib uni o‘tkazish, 2001 yilda Germaniyadan olib kelingan kubokni ikki kishi bo‘lib ko‘tarib maxsus joyga o‘rnatish va o‘yindan keyin uni futbolchilarga topshirib ketish bo‘ldi, xolos.
O‘yin paytida maydon atrofida kimlar bo‘lmadi. OFK talabiga ko‘ra, bu yerda faqat maxsus akkredidatsiyaga ega kishilar bo‘lishi mumkin. Bular, fotomuxbirlar, murabbiy, futbolchi hamda OFK va O‘FFdan biriktirilgan bir nafardan xodim. Kecha esa karvonsaroy bo‘ldi.
O‘yindan avval televideniya vakillari o‘zlari uchun kerakli ma'lumotlarni ololmay xunob bo‘lishdi. Uchrashuvga chiqarib kelingan "dasturcha" esa deyarli hech nimaga yaramasdi. Grigoriy Retveladze ham qo‘lidan kelgan ishni qildi. PFLdagilar allaqachon uning boshiga chiqib olishgan. Mashhur olimning farzandi, kim nima desa qilaveradi, bu yerda esa o‘zi qolib ketaveradi. Uning yo‘qligi uchun tashkilot saytida oliy liganing 25-tur uchrashuvlari yakshanba kuniga kelib chiqdi. O‘zbekiston Kubogi finaliga oid xabar esa finaldan ikki kun o‘tib, dushanba kuni chop etildi. Internet asrida chet elliklarga o‘zimizni o‘zimiz sharmanda qilayotganimiz qolyapti.
Eng kulgilisi o‘yindan bir kun avval O‘FF vakillaridan biri “Bunyodkor” matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, PFL matbuot xizmati vakillari uchun fan klub avtobusida joy bormi deb so‘ragani bo‘ldi. Jizzaxga bitta mashina bor yo‘g‘i 200 000 so‘mga Toshkent – Jizzax – Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab 4 kishini olib kelib, olib borib qo‘yadi. Borgan zahoti bitta 8000 so‘mlik somsani yeb olsangiz, choyi bilan nari borsa 50 000 so‘m bo‘ladi. Nahot, birgina bo‘limga 250 000 so‘m ajratish qiyin?", deb kuyunadi muallif.
MARKeTING
"Bir kun avval Jizzaxda kubokni so‘raganlarning soni juda ko‘p bo‘ldi. Afsuski, uni sindirib qo‘yishdan cho‘chigan tashkilot bir kun avval Jizzaxga olib kelmadi. Aslida esa unday emasdi. Bir kun avval PFLning bor-yo‘g‘i ikki nafar xodimi Jizzaxga keldi. Aftidan, ular kubokni ko‘chadagi taksida olib yurishni ma'qul topishmagan. Har holda yengil narsa emas.
Final Jizzaxda bo‘lganidan keyin bir kun avval uni stadion yaqiniga maxsus joyga qo‘yib mahalliy muxlislarga bayram uyushtirib berishsa bo‘lardi-ku?
Final uchun titul homiy topish aytarli qiyin bo‘lmasa kerak. Vaholangki, uni stadion to‘la muxlislar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir va OAVlarda yoritish mumkin. Faqat buning uchun maxsus dasturni avval tuzib, keyin uni tashkilotlar rahbarlari bilan baham ko‘rish kerak. Avvalgi final o‘yinlari bo‘lib o‘tgan stadionlarda elektron bannerlar bo‘lgani bois, ikki jamoa ham o‘zlarining ikkitadan homiylarini qo‘yardilar. "So‘g‘diyona"da esa bunday imkoniyat mavjud emas. Buning uchun OChL kabi taxta va bannerlardan homiylarni yasash lozim. Lekin final oldidan ikki klub uchun bu ortiqcha yumush. Shuning uchun kecha finalda bor yo‘g‘i to‘rtta banner turdi. Ular ham "So‘g‘diyona" bo‘yniga tushdi. 4ta bannerdan bittasi final haqidagi yozuv. Ikkitasi O‘FF va PFLning belgisi, bor-yo‘g‘i bittagina banner esa homiylik maqomiga ega. U ham bo‘lsa O‘FFning tasarrufidagi "Futbolni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi". Bironta ortiqcha brend kechagi o‘yinda yo‘q edi.
Reglamentga asosan final g‘olibi uchun PFL tomonidan 200 mln. so‘m miqdorda mukofot puli beriladi. Shuni katta chek qilib chiqargan holda xalq oldida jamoa sardoriga topshirish hech kimning xayoliga kelmadi.
Eng qizig‘i, ikki jamoa elektron tablo uchun o‘zining tanishtiruvini qilib kelgan. "Nasaf" futbolchilari tanishtirilayotganda oddiy rasmlardan foydalanildi. "Bunyodkor"niki esa 3D grafikadan. Bitta o‘yinga ikkita chiqish. Aslida buni ham PFL qilishi kerak edi. Yoki ikki jamoaniki bir xil bo‘lishi uchun "Nasaf" uchun "Bunyodkor" yoki aksincha qilib berishi lozim edi, "bog‘cha", deya o‘z fikrlarini bildirib o‘tadi muallif.

KUBOKNI TOPShIRISh SAHNASI
Jizzaxdagi "Markaziy" stadionga yig‘ilgan muxlislar odatdagi o‘yinni ko‘rdilar xolos. Faqat ikki jamoa ham ular uchun mehmon edi. Taqdirlash marosimi esa odatdagidek, hech vaqosiz bo‘ldi. Bunga-ku, ko‘nikib qoldik. 2014 yil kubok finali va joriy yilgi super kubokdan keyin yozilgan tanqidlardan so‘ng o‘zgarish bo‘lishini kutgandik. 10 metr DSP va shuncha banner bilan kichik sahnacha qurish uchun katta pul ketmaydi. Kubok finali bo‘lgan shahar uchun uning kichkina maketini esdalik uchun tashlab ketishni esa allaqachon yo‘lga qo‘yishimiz kerak.
Final sahnasi-ku qurilmadi. Final yakuniga yetganidan keyin hakamlar brigadasi va "Bunyodkor"ning ayrim o‘yinchilari rahbariyatning ko‘rishib chiqishi va final diplomlarini berishini kutdilar. Ammo kubokni topshirishdi-yu... Finalchilar bilan suratga tushish, uchrashuv referilariga final diplomini topshirish, mag‘lub bo‘lgan jamoa qo‘lini siqib, keyingi yil uchun omad tilash. Bularning barchasiga ketsa uzog‘i 3 daqiqa ketadi.
Hammamiz ham yomg‘irda shalabbo bo‘lgandik. Hech kim stadionni tark etmayotgan edi. Arxivimdan atayin 2007 yilgi "loy jangi"ni topdim. O‘shandagi yomg‘ir va maydonning holatini oldida kechagi vaziyat boshqa-boshqa edi. Lekin O‘FF prezidenti suratdan qochmagan. Kecha Mirabror Usmonov finalga tashrif buyurmagani uchun, VIPda o‘tirishni orzu qiladigan ayrim PFL vakillari ham o‘sha yerdan qo‘nim topishdi. Kubok finalining ssenariysi umuman yo‘q edi. Yodimdan ko‘tarilibdi, uchrashuvga futbolchilar chiqib kelishayotganida PFL ular saf tortgach mamlakat madhiyasi chalinmadi. Bugungacha bunaqasi bo‘lmagan. Stadionga yig‘ilgan minglab muxlislar jo‘r bo‘lib aytishni istagan madhiyamizsiz o‘yin boshlangan edi. Stadionga ikki soat avval kelib, umumiy hisobda 5 soatga yaqin sharros yomg‘ir ostida o‘tirgan muxlislar uchun bundan ortiq hurmatsizlik bo‘lmasa kerak.
DAROMADNING TAQSIMI - "UYaT"
"Ikki tadbirkor bir ishni boshlasa, xarajatlarni chiqarib tashlagan holda foydani bo‘lishadi. Boshlang‘ich sarmoyani kim ko‘p kiritgan bo‘lsa, sof foyda shunga qarab bo‘linadi. Kubok finalida unday bo‘lmadi. Foydadan emas, sotuvdan tushgan pul 70%-30% PFL foydasiga bo‘lindi. Final uchun "So‘g‘diyona" klubi va Jizzax shahri hokimligi o‘z cho‘ntaklaridan ozmi-ko‘pmi xarajat qilishdi. O‘yinning tashkilotchiligi, bannerlar, tez yordam, o‘yin payti ishtirok etgan xavfsizlik vakillarining pullari, finalni deb yangi yotqizilgan asfalt va hokazo. Bularning bari tekinga bitmagan ishlar. "So‘g‘diyona" klubiga ajratilgan 30% esa yuqoridagi xarajatlarni uch-uchiga qopladi, xolos. Foydani esa PFL qildi. Aslida yuqoridagi xarajatlarni ayirib tashlagan holda, qolgan sof foydani bo‘lish to‘g‘ri bo‘larmidi?
To‘g‘risini aytsak, kubok finali haqida har yili yozaverish yoqmas ekan. Bu finalda ko‘rganlarimizning teng yarmi edi. Qolganini ham yozib siz o‘quvchilarning ko‘zingizni og‘ritib qo‘ymaylik. Biz esa tashkilotni OAV tomonidan bildirilayotgan fikrlarga hech qanday e'tibor berilmaganidan keyin foydasi yo‘q ekan degan xulosaga kelasiz. Aslida ham shunday ekan. Shuning uchun bu bizning kubok finallari haqidagi eng so‘nggi maqolamiz bo‘ladi.
Hammamiz bir sohada ishlab daromad qilamiz. Tushgan pulni to‘liqligicha saqlamaymiz-ku, to‘g‘rimi? Yeb ichamiz, kiyinamiz... Futbol ham huddi shunday, stadionni kiydirib, muxlislarga "yedirish" kerak. Hamma tushgan pulga foyda sifatidan qaravermasdan", deb tugallanadi maqola.