Jamiyat | 11:24 / 22.10.2015
5258
2 daqiqa o‘qiladi

Olma-otadagi qurilish maydoni hududida o‘zbekistonlik 21 ishchi noqonuniy tarzda yashayotgani aniqlandi

Olma-otadagi qurilish tashkiloti pudratchilaridan biri turarjoy qurilishida xorijdan kelgan noqonuniy muhojirlar mehnatidan foydalanayotgani aniqlandi. Bu qurilish maydonida O‘zbekiston fuqarolari noqonuniy ravishda ishlash bilan birgalikda yashab kelishgan. Bu haqda shahar Ichki ishlar departamenti matbuot xizmati xabar qilgan.

Ma'lum qilinishicha, politsiyachilar qurilish maydoni hududida noqonuniy ravishda yashayotgan 21 nafar o‘zbekistonlikni qo‘lga olishgan. Ularni Almalinsk tumanidan bo‘lgan 42 yoshli qozog‘istonlik pudratchi yollagani aniqlangan.

"Xorijlik ishchilar yashayotgan xonalar yashash uchun mo‘ljallanmagan. Ular bitmagan bir necha xonani o‘zlari uchun yotoqxonaga aylantirib olishgan. Ishchilar yerga to‘shamalar to‘shashgan va kushetkalar yasashgan. Ularning ovqatlanish joyi ham shu xonalar. Ishchilar ovqat tayyorlashda xavfsizlik me'yorlariga amal qilmagan holda gaz ballonlaridan foydalanishgan. Bu hudud aholi yashaydigan kvartallarga yondosh joylashganini hisobga olsak, ular qozog‘istonliklar hayotiga tahdid solib turishgan", deydi Olma-ota IID polkovnigi Tanat Nazanov.

Bu holat bo‘yicha dastlabki tergov jarayoni boshlangan. Bu masala bilan shug‘ullanish Bostandiksk tumani Jinoiy ishlar departamenti xodimlari zimmasiga yuklatilgan.
"Ushbu noqonuniy migratsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar baland qavatli turarjoy binolari qurilishi uchun yollanishgan. Ularning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari ham, vaqtinchalik propiska hujjatlari ham yo‘q edi", deydi polkovnik.

Pokovnik Nazanov ushbu noqonuniy muhojirlar O‘zbekistonga deportatsiya qilinishini qo‘shimcha qilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish