Jamiyat | 16:31 / 23.10.2015
15500
3 daqiqa o‘qiladi

“Tuwunmadim, 6rtoq”dan “Sport ovqatlanish”gacha: ko‘cha yozuvlaridagi xatolar qachon tugaydi

21 oktabr kuni o‘zbek tiliga rasmiy maqom berilganining 26 yilligi nishonlandi.

Chorak asrdan ortiq davom etgan rasmiy maqom yakunlariga bag‘ishlangan bir qancha maqolalar OAV sahifalaridan o‘rin oldi.

Amalga oshirilgan ishlar samarasiga bag‘ishlangan materiallar qatorida bir qator nashrlarda tanqidiy fikrlar ham keltirildi. Jumladan, “Oila davrasida” gazetasida davlat tilining ko‘cha yozuvlarida, internetda, madaniyatda qo‘llanilishga bog‘liq bir qator muammolar ko‘tarib chiqildi.

Ta'kidlanishicha, amalga oshirilgan ishlarga qaramay, bugungi kunga qadar hatto ayrim davlat xizmatlarida, yirik kompaniyalarning mahsulotlarida imloviy xatolar uchrab turadi. “Andijin oq-yo`l”MCHJ”, “IMPERIYa” singari holatlar misol tariqasida keltirildi.

Toshkent ko‘chalaridagi aksariyat e'lonlar va peshlavhalarning kattagina qismi hamon rus va ingliz tillarida yoziladi, ularni davlat tiliga o‘tkazishga nima monelik qiladi, deb savol beradi muallif.

Shu bilan birga, o‘zbek tilida yozilgan peshlavha va reklamalarda imloviy xatolar to‘lib-toshgani ta'kidlab o‘tiladi.

Kinochilarning o‘z mahsulotida ko‘p imloviy xatolarga yo‘l qo‘yishi, tarjimonlarning esa film yoki mahsulot nomlarini noto‘g‘ri yoki g‘aliz tarjima qilishi singari holatlar ham muallif diqqatidan chetda qolmadi. Jumladan, “Missiya nevypolnima” “Mumkin bo‘lmagan missiya” deb, “Sportivnoye pitaniye” esa “Sport ovqatlanish” deb o‘girilgani fotodalillar bilan ko‘rsatib berildi.

 

Nihoyat, yoshlar o‘rtasida til qoidalarining buzilishi ko‘p uchrayotgani aytildi. SMS-xabarlar yozish, internetda yozishma olib borishda yoshlar ch, sh, o‘ harflarini 4, w, 6 bilan almashtirayotgani ta'kidlandi.

 

Jurnalistning fikricha, bunga ota-onalar va yaqinlar ham o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Kozimni “Kolya”, Gulira'noni “Gulya”, To‘lqinu Tursunboyni “Tolik” deb atash, farzandlariga Jumong, Ishani, Messi, Chingachkuk deb ism berish yoshlarning lisoniy madaniyati o‘sishiga zinhor olib kelmaydi, deb hisoblaydi u.

Eldor Asanov tayyorladi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish