Sport | 09:15 / 26.10.2015
3404
2 daqiqa o‘qiladi

Suares "Barselona" safidagi ishtirokiga 1 yil to‘lgan kunni xet-trik bilan nishonladi

Urugvaylik hujumchi Luis Suares "Barselona" safida Ispaniya chempionatidagi ishtirokiga 1 yil to‘lgan kunni ajoyib o‘yin bilan nishonladi.

25 oktabr kuni La liganing 9-turida "Barselona" klubi o‘z maydonida "Eybar"ni qabul qildi va Luis Suaresning uchta goli hisobiga raqibni mag‘lub etdi.

Qayd etish kerakki, 2014 yilning 11 iyulida "Liverpul" va "Barselona" o‘rtasida tuzilgan 5 yillik shartnomaga ko‘ra 81 mln yevro evaziga Kataloniya klubiga o‘tgandi. U jamoada Urugvay terma jamoasidagi kabi "9" raqamini tanladi.

FIFA tomonidan diskvalifikatsiya qilingan Suares 2014-2015 yillar mavsumi startini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi va uning debyuti 2014 yilning 25 oktabr kunida, "Real"ga qarshi Santyago Bernabeuda kechgan bahsda amalga oshdi. Bu o‘yinda u bitta golli uzatma amalga oshirdi, lekin jamoa 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

U "Barselona"dagi ilk golini 2014 yilning 25 noyabrida, YeChL doirasida APOELga qarshi o‘tkazilgan bahsda nishonladi. Suaresning Ispaniya chempionatidagi ilk goli esa 20 dekabr kuni "Kordoba"ga qarshi o‘yinda urildi.

U birinchi mavsumda "Barselona" safida La Ligada 27ta o‘yin o‘tkazib, 16ta gol urdi va 17ta golli uzatma amalga oshirgandi. Joriy mavsumda esa Suares 8ta o‘yinda 7ta gol urib, 3ta golli uzatma muallifi bo‘lib turibdi.

O‘z faoliyati davomida "Nasonal" (2005-06), "Groningen" (2006-07), "Ayaks" (2007-2011) va "Liverpul" (2011-14) kabi jamoalarda ham to‘p surgan, ayni vaqtda 28 yoshda bo‘lgan bu hujumchi haqida futbol mutaxassislari "u aynan "Barselona" uchun tug‘ilgan" deyishmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish