Jahon | 13:58 / 04.12.2015
14803
5 daqiqa o‘qiladi

Kelajakning fantastik binolari

Hamma osmono‘par binolarning ahamiyatini ulardagi qavatlar soni bilan baholayotgan bir paytda haqiqiy mutaxassislar uchun balandlik ikkinchi darajada turadi. Loyihaning mukammalligi, binoning joyga mos tushishi, originalligi – hayotini arxitekturaga bag‘ishlaganlar uchun mana shu jihatlar ustun. Quyidagi inshootlar tez orada o‘zining g‘ayrioddiy ko‘rinishi bilan joylashgan shaharlarining diqqatga sazovor joylariga aylanishi tayin.

“Glassy Crown”, Manila, Filippin

Shahar markazidagi ushbu minoraning qurilishi 2018 yilda nihoyasiga yetishi lozim, lekin hozirdanoq aytish mumkinki, 245 metrli “Glassy Crown” Maniladagi ayni paytdagi eng baland binodan ham 42 metrga balandroq bo‘ladi. Inshoot loyihasi bilan Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining redizayni orqali mashhur bo‘lgan “Studio Libeskind” arxitektura firmasi shug‘ullangan.

Minoraning pastki qavatlarini ofis idoralari egallasa, yuqori qavatlarda pentxauslar, duplekslar, lyukslar va kvartiralar joylashadi. Ko‘psonli balkonlar va ayvonlar inshootning oynavand tashqi ko‘rinishi bilan uyg‘unlashgan.

Minora nomidagi «oynavand» so‘zi tushunarli, lekin «toj» so‘ziga ozgina tushuntirish berishga to‘g‘ri keladi. Gap shundaki, minoraning eng yuqori qismida turli taraflarga turtib chiqqan uchta qo‘shimcha darhaqiqat hukmdorlarning bosh kiyimini eslatadi.

 

“Zhuhai Observation Tower”, Chjuxay, Xitoy

Ikki daryo qo‘shilish joyida barpo etiladigan bu inshoot uchun “RMJM” byurosi dengiz mavjudotini aks ettiruvchi loyihani tanlagan. Baliq yoki yana ayrimlar suv parisining dumi deb hisoblaydigan bu loyiha arxitektorlarni shu darajada ilhomlantirganki, ular balandligi 93 metrli minorada baliq tangalarini aks ettirish uchun 1400ta perforatsiyalangan paneldan foydalanishgan.

Qurilish yakuniga yetganidan so‘ng inshootning ichki maydoni 3 hududga bo‘linadi: pastki qavatda tamaddixonalar, magazinlar va lobbi joylashadi, o‘rtadagi qavatni tijorat muaassasalari egallaydi, eng yuqori qavatda esa 360 darajali tomosha maydoni bo‘ladi.

 

“Dancing Dragons”, Seul, Janubiy Koreya

«Raqsga tushayotgan ajdaholar» — Seulning biznes kvartali Yensanda ayni paytda amalga oshirilayotgan 15ta loyihaning oxirgisidir. 

77 qavatli minoralarning qurilish ishlari Xangan daryosining shimoliy qirg‘og‘ida olib borilmoqda, ularning umumiy balandligi 450 metrni tashkil etadi.

«Raqsga tushayotgan ajdaholar» arxitekturasining o‘ziga xos jihati shundaki, har bir bino markaziy asos atrofiga quriladigan «mini-minora»lardan tashkil topadi. Har bir qism esa qadimiy koreys ibodatxonalari karnizlarini eslatuvchi kesmalardan iborat bo‘ladi.

Loyiha 2012 yilda vaqtincha to‘xtatilgandi, lekin “Adrian Smith + Gordon Gill Architecture” arxitektura firmasi minoralar qurib bitkazilishiga umid qilmoqda.

 

“Pyramid Tower”, Quddus, Isroil

Tez orada Quddusda balandligi jihatidan shaharda ikkinchi o‘rinda turadigan 105 metrli ehromsimon minora qurilishi boshlanadi. Loyiha “Libeskind” studiyasi va mahalliy arxitektor Igal Leviga tegishli bo‘lib, ular hamkorlikda minorada mazkur qadimiy hudud an'analari va afsonalarini aks ettirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Inshootda 200ta apartament, butik-otel, restoran va tom ustiga joylashgan tomosha maydonchasi bo‘ladi.

 

“Tour Triangle”, Parij, Fransiya

Uchburchak —fransuzlarning eng ommabop geometrik shakli bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham Shveytsariyaning “Herzog & de Meuron” firmasi balandligi 180 metrli minora loyihasida mana shu shaklni tanlagan.

“Tour Triangle” 1973 yildan buyon Parij markazida balandligi 37 metrli chegaradan o‘tishga ruxsat berilgan birinchi bino bo‘ladi. Bino ichida 120 nomeri mehmonxona, ofislar va turli madaniy majmualar joylashadi.

Minoraning uchburchak shaklda qurilishining yana bir sababi, uning qo‘shni binolarga minimal kattalikda soya tashlashidir.