Jahon | 14:46 / 18.12.2015
5627
2 daqiqa o‘qiladi

Su-24 samolyoti "qora quti"larining rasshifrovkasi natijalari 21 dekabr kuni e'lon qilinadi

Su-24M samolyoti «qora quti»larining rasshifrovkasi natijalari 21 dekabr kuni ommaga ma'lum qilinadi. Bu haqda RIA Novosti xabar bergan.

18 dekabr 10:00da (Toshkent vaqti bilan 12:00) Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi 2015 yilning 24 noyabr kuni Turkiya Harbiy-havo kuchlari tomonidan Suriya osmonida urib tushirilgan Su-24 samolyotining obektiv nazorat qilish bo‘yicha bort vositalari ma'lumotlarini deshifrovka qilish jarayonini boshlanishi bilan brifing o‘tkazildi.

Rasshifrovka natijalari 21 dekabr kuni e'lon qilinishi aytilgan.

"Ertaga, 19 dekabr kuni parvoz bo‘yicha ma'lumotlarni tahlil qilish ishlari yakunlanadi. Barcha natijalar olingach, 21 dekabr, dushanba kuni katta auditoriya qarshisida rasshifrovka jarayoni xulosalari taqdim qilinadi", deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi vakili bergan xabarda.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni Su-24 samolyoti havoga ko‘tarilganidan keyin Turkiya tomonidan urib tushirilgunicha 40 daqiqa davomida uchishni amalga oshirgan.

Bundan oldinroq, Rossiya Su-24 Turkiya havo chegarasini buzmaganligini isbotlovchi dalillarga egaligi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni turk qiruvchi raketasi tomonidan Rossiyaning Su-24 bombardimonchi samolyoti urib tushirildi. Shundan so‘ng, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu mojaroni terrorchilar sheriklari tomonidan “orqadan berilgan zarba” deya baholadi va Turkiyaga qarshi bir qator iqtisodiy choralar qo‘llash haqida farmon e'lon qildi.