Sport | 11:44 / 19.12.2015
4414
2 daqiqa o‘qiladi

Quvaytda FIFA tomonidan ma'qullanmagan gala-match o‘tkazildi

Jahon futboli yulduzlari ishtirokidagi gala-match Quvaytda o‘tkazildi. Jahon va Quvayt termalari o‘rtasidagi uchrashuv “Jobir al-Ahmad” stadioni ochilishi sharofatiga o‘tkazildi.

O‘yinda Luish Figu, Rober Pires, Andrey Shevchenko, Alessandro Nesta, Devid Bekxem, Ronaldino, Karles Puyol, Michel Salgado, Janluka Zambrotta, Alessandro Del Pero va boshqa futbolchilar ishtirok etishdi. Jahon termasining bosh murabbiyi etib Fabio Kapello tayinlandi.

FIFA ilgariroq o‘z tarkibiga kiruvchi 209 davlat assotsiatsiyalariga murojaat qilib, ushbu uchrashuvga o‘z futbolchilarini yubormaslikni so‘ragan edi. Bunga sabab – davlatning sport ishlariga aralashuvi tufayli Quvaytning FIFAga a'zoligi vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Jahon futboli boshqaruv organi mutasaddilari FIFAda ro‘yxatdan o‘tgan o‘yinchi va klublar tadbirda ishtirok etsa, axloq-tartib qo‘mitasi ularga nisbatan sanksiyalar ko‘rishi aytilgan edi. Shu tufayli angliyalik yarim himoyachi Stiven Jyerard, italiyalik futbolchi Andrea Pirlo, hakam Perluji Kollinalar uchrashuvda ishtirok eta olmadilar. Kollinaning o‘rnini Markus Merk egalladi.
O‘yin 75 daqiqa davom etdi. Unda Quvayt terma jamoasi 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.