Fan-texnika | 18:25 / 06.01.2016
4887
2 daqiqa o‘qiladi

CES 2016: 6,3 mm qalinlikdagi Samsung Galaxy TabPro S Windows-plansheti

Samsung kompaniyasi Las-Vegasdagi CES 2016 ko‘rgazmasida o‘zining Windows 10 operatsion sistemasidagi ilk planshet turkumi — TabPro S namoyishini o‘tkazdi.

Shu vaqtga qadar Galaxy turkumidagi barcha planshetlar faqatgina Android platformasi asosida ishlar edi. Yangi mahsulot ittasi birda shaklida tayyorlangan bo‘lib, Microsoft Surface Pro va Apple iPad Pro qurilmalari bilan bemalol raqobatga kirisha oladi.

Galaxy TabPro S 12 dyuymli Super AMOLED displey bilan ta'minlanib, 2160 × 1440 pikselni tashkil etadi. Galaxy TabPro S ushbu ko‘rsatkichi bilan Microsoft Surface Pro 4 (2736 × 1824) va Apple iPad Pro (2732 × 2048)dan ortda qolsa ham, bunday hajm tasvirlarni tiniq va aniq ifodalash uchun kifoya qiladi. Qo‘shimcha sifatida aytish mumkinki, Galaxy TabPro S qalinligi 6,3 mm bo‘lib, yuqoridagi ikki planshetdan yupqaroq hisoblanadi. Uning vazni esa 694 g.

Planshetda 2,2 GGts chastotali oltinchi avlod Intel Core M (Skylake) proqessori, 5 megapikselli old va orqa kamera, 4 Gbayt operativ xotira hamda 2,5 soatda to‘liq quvvatlanuvchi 5200 mA•soat hajmli batareya bilan ta'minlangan.

Jami xotirasi esa 128 yoki 256 Gbaytni tashkil etadi. Qurilma Bluetooth 4.1, Wi-Fi 802.11ac, GPS va NFC texnologiyalarini qo‘llaydi.

Samsung Galaxy TabPro S fevral oyida savdoga chiqariladi. Planshet narxi hozircha oshkor qilinmadi.