Jahon | 17:36 / 06.01.2016
16074
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya KXDRning vodorod bombasini "sinovdan o‘tkazishi jarayoni"ni namoyish qildi

Janubiy Koreyadagi YTN telekanali efirida KXDR tomonidan amalga oshirilgan vodorod bombasi sinovi 1953 yilgi Sovet kinoxronikasi kadrlari orqali ko‘rsatib berildi.

Teletomoshabinlarga 1953 yilning 12 avgustida Sobiq Ittifoq tomonidan «RDS-6c» vodorod bombasi sinalishi kadrlari namoyish etilgan. O‘shanda birinchi vodorod bombasi sinovi Semipalatinsk poligonida bo‘lib o‘tgan edi.

Bugun Shimoliy Koreya hukumati mamlakat shimoli-sharqida vodorod bombasini muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tkazganini ma'lum qilgandi.

Undan oldinroq, 6 yanvarga o‘tar kechasi qator mamlakatlarning seysmologiya xizmatlari Shimoliy Koreyadagi yadroviy poligonga yaqin hududda 5,1 magnitudali zilzila qayd etilgani, yerosti silkinishlariga texnogen omil (yadroviy sinovlar) sabab bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Shundan so‘ng, bir qator mamlakatlar bu harakatni qoralab chiqishdi.

Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe mamlakat Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazish va o‘z qurolli kuchlarining to‘liq harbiy holatga kelishi haqida qaror qabul qilgan.

Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abe vodorod bombasi ustidagi tajriba masalasini BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a'zolari bilan muhokama etish lozimligini ta'kidlagan. Shuningdek, Shimoliy Koreyadan Yaponiyaga katta xavf tug‘ilayotganini aytib o‘tgan.

AQSh Shimoliy Koreyaning BMT XK rezolyutsiyasini buzgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidlasada, ammo voqea yuzasidan aniq ma'lumotga ega emasligini bildirgan. Qo‘shma Shtatlar Koreya yarim orolida yer qimirlashidan xabardorligini va voqealarni kuzatib borayotganini aytib o‘tgan.

Fransiya va Buyuk Britaniya ham Pxenyanning BMT XK rezolyutsiyasini buzgani va vodorod bombasi tajribasini keskin qoralashini ta'kidladi.