Jamiyat | 16:43 / 06.01.2016
6757
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘g‘uliston prezidenti o‘z sartaroshining rolini ijro etdi

Mo‘g‘uliston prezidenti Elbegdorj Tsaxiagiyn Yangi yil arafasida, 31 dekabr kuni millatga rasmiy murojaat o‘rniga o‘ziga xos yo‘l tutib, qiziqarli videorolik tayyorlab, aholiga taqdim etdi.

Mo‘g‘uliston prezidentining YouTube’dagi kanalida “Mendchilgee” (salomlashuv) deb nomlangan 5 daqiqali qiziqarli videorolik joylashtirildi.

Mazkur rolik sketchkom janridagi qisqa parodiya bo‘lish barobarida, prezidentning bir yillik faoliyati to‘g‘risidagi hisobotdir. Unda Elbegdorj prezident sartaroshining rolini ijro etdi. Mo‘g‘uliston prezidenti obrazida esa taniqli aktyor Dorjsүren chiqdi.

“Prezident” va “sartarosh” davlat rahbarining bo‘yi past ekanligi ustidan kinoya qilish bilan cheklanmay, majoziy ifodalarda barcha yutuqlar va kamchiliklarni ham ochib berdilar. Jumladan, “shaffof daromad” siyosatini aks ettirish uchun “prezident” cho‘ntagidan shaffof hamyon chiqaradi, undan olgan pulni esa “sartarosh” ichi ko‘rinib turadigan shaffof seyfga tashlaydi.

Bundan tashqari, Rossiya madhiyasi sadolari ostida sartaroshxonaga “Vladimir Putin” kirib keladi, lekin unga eshiklarni adashtirib yuborgani aytiladi.
Elbegdorj sartaroshxonasidagi ayol mijoz esa Barak Obamaga ishoradir.

Ayol prezident bilan selfi tushadi, ammo o‘sha paytda qo‘lini ko‘taradi va “prezident”ning yuzini to‘sib qo‘yadi. O‘tgan yilgi sammitlardan birida suratga tushish chog‘ida Obama darhaqiqat qo‘lini ko‘tarib, Elbegdorjning yuzini to‘sib qo‘ygan edi.